Jamiyat | 16:32 / 29.11.2018
27700
5 daqiqa o‘qiladi

Qing‘ir yo‘llar bilan o‘qishga kirgan talabalarni chetlatish mumkinmi?

Yaqinda Toshkent davlat yuridik universitetiga noqonuniy yo‘llar bilan o‘qishga kirgan 4 nafar talaba aniqlangani, ularga yordam bergan mansabdor shaxslar hamda talabalarning o‘ziga jinoiy ish qo‘zg‘atilgani va eng asosiysi qing‘ir yo‘llar bilan TDYuUga o‘qishga qabul qilingan shaxslar talabalar safidan chiqarilgani xabar qilindi.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning yozishicha, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-sonli qarorining 3-ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomning 36-bandida talabalarni quyidagi hollarda chetlashtirilishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan:

a) o‘z xohishiga binoan;
b) o‘qishning boshqa ta'lim muassasasiga ko‘chirilishi munosabati bilan;
v) salomatligi tufayli (tibbiy komissiya ma'lumotnomasi asosida);
g) o‘quv intizomini va OTMning ichki tartib-qoidalarini buzganligi uchun;
d) bir semestr davomida darslarni uzrli sabablarsiz 74 soatdan ortiq qoldirganligi sababli;
ye) o‘qish uchun belgilangan to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli (to‘lov-kontrakt bo‘yicha tahsil olayotganlar uchun);
j) talaba sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan;
z) vafot etganligi sababli.

Bundan boshqa asos yo‘q.

Agar yaxshilab tahlil qilinsa, qing‘ir yo‘llar bilan o‘qishga kirgan talabalarni OTM rektori o‘z buyrug‘i bilan talabalar safidan chiqara olmasligiga guvoh bo‘lasiz.

Rektorlar qo‘llashi mumkin bo‘lgan taxminiy variantlar quyidagicha bo‘lishi mumkin:

1) majburlab o‘z xohishiga ko‘ra ariza yozdiradi – bu qonunga xilof, lekin tinchroq usul;

2) 74 soat dars qoldirdi deya baholaydi – bu asos ham to‘g‘ri kelmaydi, chunki Nizomda “uzrli sabablarsiz” deyilgan. Agar mabodo qing‘ir yo‘llar bilan o‘qishga kirgani aniqlangan shaxslar tergov jarayonida ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlanayotgan bo‘lsa, unda bu “uzrli sabab” hisoblanadi. Chunki qamoqdagi shaxs qanaqa qilib o‘qishga kelishi mumkin? Agar talaba qamoqda bo‘lmasa-yu, lekin qochib ketgan yoxud qo‘rqqanidan o‘qishga chiqmayotgan bo‘lsa, unda shu asos bilan chetlashtirish mumkin;

3) sudning hukmi chiqishini kutadi – lekin bu ham qing‘ir yo‘l bilan o‘qishga kirgan talabani chetlatish uchun ishonchli asos emas. Sababi Nizomda “sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi” deyilgan. Aytaylik, o‘sha talabalar sudning hukmi bilan aybdor deb topilsa-yu, lekin ularga boshqacha jazo (jarima, ahloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash va h.k.) tayinlansa ham OTM rektori o‘z buyrug‘i bilan talabalarni chetlashtira olmaydi.

Mana shunday qiziq kazus yuzaga kelgan. Bu qonunchilikdagi “bo‘shliq” (probel) deyiladi.

Yuridik universitetga qing‘ir yo‘l bilan kirgan talabalar nima asosga ko‘ra chetlatilganini aniq bilmadim-u, lekin bunday vaziyatda hozircha men ko‘rgan eng to‘g‘ri va qonuniy yo‘l, bu rektorning emas, balki Davlat qabul komissiyasining qarori asosida test sinovlaridagi o‘sha shaxslarning natijalarini bekor qilish (haqiqiy emas deb topish) orqaligina ularni talabalar safidan chetlatish mumkin. Yanada aniqrog‘i ularni talaba bo‘lgan deb hisoblamaslik mumkin. OTM rektorining o‘zi bunday vaziyatda hech narsa qila olmaydi.

Uning yozishicha, kelgusi qabul yiligacha Vazirlar Mahkamasi qaroriga tegishli o‘zgartirish kiritish kerak va Nizomga “kirish imtihonlarida belgilangan tartibni buzganligi uchun” degan band qo‘shish kerak.

Yana bir qoidani Nizomga albatta qo‘shish kerak – “ushbu asos bilan chetlatilgan talabalar kelgusida talabalar safiga qayta tiklanmaydi”. Yo‘qsa, 1 yil o‘tib, o‘qishni qayta tiklash haqida ariza yozib kelsa, yana hayron bo‘lib, qonunchilikdagi “bo‘shliqni” qanday to‘ldirishni bilmay o‘tirmaylik.

Mavzuga oid