Sport | 21:59 / 30.11.2018
4469
2 daqiqa o‘qiladi

Arveladze: «Bugun «Paxtakor» nomi uchun maydonga chiqdik»

Foto: tribuna.uz

Superliganing 32-turidagi «Paxtakor»–«Bunyodkor» o‘yinidan so‘ng (4:0) mezbonlar bosh murabbiyi Shota Arveladze «qaldirg‘ochlar»ga qarshi o‘yinning prinsipial ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda Tribuna.uz muxbiri xabar bermoqda.

«O‘yin haqida fikrlarimga to‘xtalishdan oldin, «Lokomotiv»ni yana bir marta tabriklashni istardim. Ular bugun Namanganda «Navbahor»ni mag‘lub etishdi. Bu jamoa bilan uch kun oldingi o‘yinimizni sharaf uchun kechgan bahs deb bo‘lmasdi. Bizda imkoniyat bor edi va biz ana shu imkon uchun o‘ynagandik. Bugun esa «Paxtakor» nomi uchun maydonga chiqdik.

Futbolchilar yaxshi o‘yin ko‘rsatishdi, ko‘plab vaziyatlar bo‘ldi va uchinchi o‘rin uchun kurashgan «Bunyodkor» ustidan haqli ravishda g‘alabaga erishdik. 

12 fevralda Osiyo Chempionlar ligasiga o‘tish o‘yinida qatnashamiz. Nasib etsa, 19 fevralda ikkinchi uchrashuv bo‘ladi. Birinchi raqibimiz – Iroqning «Al-Quva Al-Javiya» oxirgi uch yildan buyon ketma-ket OFK Kubogida g‘alaba qozonib kelyapti. Shunday ekan, oldinda bizni juda jiddiy raqib kutmoqda.

24 dekabrdan yig‘in boshlaymiz va unda formaga kirish uchun asosan gimnastika mashqlari bo‘ladi. Taxminan 14 futbolchimiz terma jamoalarda bo‘lishadi. Nasib qilsin – terma jamoamiz oxirigacha yetib borsin-u, biz ularni dekabrda ham, yanvar oxirida ham safimizda ko‘rmaylik», - deya qayd etib o‘tdi Arveladze.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid