Sport | 10:30 / 30.11.2018
5983
4 daqiqa o‘qiladi

Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari samarasiz sarflanayotgani tanqid qilindi

Foto: MOQ axborot xizmati

29 noyabr kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasining 2018 yil III choragida amalga oshirgan ishlari va kelgusidagi vazifalariga bag‘ishlangan Jamg‘armaning kuzatuv kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

MOQ xabarida aytilishicha, unda Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddilari ishtirok etishgan.

Yig‘ilish davomida jamg‘arma tomonidan amalga oshirilgan ishlar hisoboti tinglangan.

Qayd etilishicha, respublikada sport anjomlarini xarid qilishda haqiqiy zarurat va ehtiyoj inobatga olinmasligi oqibatida, sport maktablari dasturiga kiritilmagan ayrim sport jihozlari yillar mobaynida o‘quv dargohlarining omborlarida foydalanilmasdan turibdi. Aksincha, sportning boks, kurash va og‘ir atletika bo‘yicha turlariga ixtisoslashgan sport maskanlarida maxsus sport jihozlari yetishmayapti. Bundan tashqari, jamg‘arma mablag‘lari samarali sarflanmasdan kelayotganligi tanqid qilindi.

«Qolaversa, jamg‘arma rahbari Ismoil Mirzayev Kuzatuv kengashi roziligisiz sport inshootlarini sport jihozlariga bo‘lgan talab va ehtiyojlarini o‘rganmasdan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga turli loyihalarni taqdim etgan. Elektron birja orqali katta mablag‘larni tashkil etuvchi turli xil jihozlarni sotib olish uchun 27,9 mlrd so‘mlik shartnoma imzolagan.

Joriy yilning 20 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida Jismoniy tarbiya va sport sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha istiqboldagi muhim vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda ham Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan joriy yilda 56 ta sport inshootini qurib, foydalanishga topshirilishi, ushbu maqsadlarga 362 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi belgilanganligi, lekin 10 sentabr holatiga ko‘ra, atigi 113 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarilganligi, joylarda qurilish ishlari orqada qolayotganligi tanqid ostiga olingan edi. Shuningdek, tegishli vazirlik va tashkilotlarga sport obektlarida qurilish-ta'mirlash ishlarini o‘z vaqtida yakunlash, Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasining 2019 yilgi manzilli dasturini shakllantirish bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi. Jamg‘arma Nizomining 14-bandida Jamg‘arma o‘z mablag‘laridan Jamg‘arma Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlangan Jamg‘arma daromadlari va xarajatlari smetasiga muvofiq foydalanishi belgilangan. Biroq, talablarni Jamg‘arma rahbariyati bajarmasdan kelmoqda. Bu holatlar o‘z navbatida, hukumat qarori va u bilan tasdiqlangan Nizom talablarini davomli (sistematik) tarzda va qo‘pol ravishda buzilishiga olib kelmoqda», - deyiladi xabarda.

Ta'kidlanishicha, yig‘ilish yakunida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish, ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

Mavzuga oid