Sport | 17:20 / 01.12.2018
16363
3 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda olimpiada chempioni bo‘lgan o‘smir qizga Prezident sovg‘asi - kvartira topshirildi

Sportga bo‘lgan e'tibor va yaratilgan shart-sharoitlardan unumli foydalangan yoshlarimiz xalqaro maydonlarda vatan bayrog‘ini baland ko‘tarib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritib kelishmoqda. Bunday umidli yoshlarni munosib taqdirlash, mukofotlash borasida qator hujjatlar qabul qilingan.

Prezidentning 2017 yil 9 martda e'lon qilingan «O‘zbekiston sportchilarini 2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida»gi qarori ijrosiga muvofiq, Navoiy shahridagi «Yoshlar markazi» majmuasida viloyat hokimi Q.Tursunov ishtirokida 2018 yil davomida nufuzli va xalqaro sport musobaqalarda yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritgan viloyat sportchilari bilan uchrashuv va davra suhbati o‘tkazildi.

Ushbu tadbirda 2018 yil sentabr-oktabr oylarida Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida bo‘lib o‘tgan Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida, 2018 yil oktabr oyida Argentina poytaxti Buenos-Ayres shahrida bo‘lib o‘tgan III Butunjahon o‘smirlar olimpiada o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan hamda jahon, Osiyo chempionat va kuboklarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Navoiy viloyatining 32 nafar sportchisi, ularning murabbiylari turli qimmatbaho buyumlar bilan taqdirlandi.

Xususan, Argentina davlatida bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida sportning og‘ir atletika bo‘yicha oltin medal sohibasi, Navoiy ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati o‘quvchisi Kumushxon Fayzullayevaga viloyat hokimi tomonidan prezident sovg‘asi — 2 xonali uy topshirildi.

— Bugungi hayajonimni so‘z bilan ifodalay olmayman, — deydi K.Fayzullayeva. — Xalqaro musobaqalarda davlatimiz bayrog‘ining baland ko‘tarilishiga sababchi bo‘lgan g‘oliblarning barchasi bugungi e'tibordan mamnun. Do‘stlarim nomidan kelgusida ham O‘zbekistonning nomini dunyoga taratish yo‘lida astoydil harakat qilamiz, deya va'da beraman.

O‘z muxbirimiz

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid