O‘zbekiston | 22:34 / 01.12.2018
113571
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 1 dekabrdan qanday o‘zgarishlar sodir bo‘ldi: shifokorlar maoshi, reklama va bojxona nazorati

«Norma» huquqiy-axborot portali qurilish, bojxona nazorati, tashqi reklama, mehnat migratsiyasi va boshqa sohalarda 2018 yilning 1 dekabridan boshlab amal qiladigan asosiy huquqiy o‘zgarishlar bilan tanishtirdi.

Bojxona nazorati uchun yangi yo‘laklar

Mamlakatda xavfni boshqarish avtomatlashgan tizimi joriy etildi. Uning doirasida 1 dekabrdan «sariq» va «qizil» yo‘laklar ish boshlaydi. Birinchi yo‘lak orqali bojxona deklaratsiyasi, hujjatlar va ma'lumotlarni tekshirish bo‘yicha bojxona nazorati shakllari xavf darajasi o‘rta ko‘rsatkichga ega tovar va transport vositalari tekshiriladi. Ikkinchi yo‘lak esa xavf darajasi yuqori ko‘rsatkichga ega obektlar uchun mo‘ljallangan.

Hozircha yo‘laklar mos ravishda 70% / 30% nisbatda tovar va transport vositalarining xavf profillari yoki tasodifiy tanlash asosida qo‘llaniladi. Lekin bunga qadar mavjud bo‘lgan ikki yo‘lakli tizimdan farqli ravishda, yangi tizimda to‘rtta yo‘lak bo‘lishi ko‘zda tutilgan: 2019 yil martdan shuningdek, «ko‘k» va «yashil» yo‘laklar ham ishga tushadi.

Foto: Norma

Qurilishdagi yangi tartib 

Birinchidan, endilikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar, jumladan xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshirilayotgan qurilish loyihalarining smeta qismidan tashqari barcha obektlar uchun smetani ekspertizadan o‘tkazish majburiy bo‘ladi. 

Ikkinchidan, qurilishi tugallangan obektlarni foydalanishga qabul qilish tartibi modernizatsiya qilindi. Endilikda obektlarni foydalanishga qabul qilish qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyasi, kadastr organlari, buyurtmachi, pudratchi (bosh pudratchi) vakillari ishtirokida amalga oshiriladi. Davlat xaridlari sub'yektlari mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan obektlarni qurish bundan mustasno.

Uchinchidan, bir vaqtning o‘zida loyihalashtirish, xarid qilish va qurilish ishlari («fast-track» usuli) bilan qurilishni amalga oshirishga ruxsat etildi. Biroq buning bir sharti bor – loyiha va pudrat tashkilotlari konsorsium tashkil etishlari kerak. Konsortsium ishtirokchilari zimmasiga loyihani sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish uchun solidar javobgarlik yuklatiladi

Xorijlik mutaxassislarga - «yashil chiroq»

Ish beruvchilar yuqori malakali va malakali chet ellik mutaxassislarga nisbatan xorijiy ishchi kuchini jalb qilishga ruxsatnoma olmaydigan bo‘ldi.

Bundan tashqari, yuqori malakali va malakali chet ellik mutaxassislar tasdiqnomalarni rasmiylashtirish va berish uchun amaldagi 10 EKIH o‘rniga pasaytirilgan tariflarda – tegishincha, 1 EKIH va 2 EKIH to‘laydilar.

Shuningdek, 8 500 EKIHdan kam bo‘lmagan miqdorda (maqola nashr qilinayotgan sanada 1 723,2 mln so‘mdan ortiq) jamiyatlarning aksiyalari va ulushlarini sotib olish, shuningdek xorijiy korxona tashkil etish shaklida respublikaga investitsiya kiritgan chet el fuqarolari hech qanday ruxsat beruvchi tartib-taomillarni o‘tmagan holda mazkur tashkilotning istalgan lavozimida ishlash huquqiga ega bo‘ldilar.

Shifokorlarning maoshi oshdi

Prezidentning noyabr oyidagi qaroriga muvofiq, davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining ish haqlari 2018 yil 1 dekabrdan 20 foizga oshirildi. Bu hali hammasi emas, ularning ish haqlari 2019 yil 1 apreldan yana 16 foizga oshiriladi.

Tibbiyot xodimlari va farmatsevtlar mehnatiga haq to‘lash tizimini qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.

Foto: Depositphotos

IIV axborot markazi endi yo‘q... 

2019 yil 10 yanvardan «Elektron jinoiy-huquqiy statistika» yagona axborot tizimi sinov rejimida ishga tushadi. Unda jinoyat ishlari, tergovga qadar tekshiruv materiallari, sud muhokamasi hamda sud qarorlari ijrosining natijalari, shuningdek ayblanuvchi va jabrlanuvchi sifatida jalb etilgan shaxslar bo‘yicha ma'lumotlarning markazlashtirilgan hisobi yuritiladi.  

1 dekabrdan boshlab jinoyatlar, ularni sodir etgan shaxslar va jinoyat ishlari harakatlanishining yagona hisobini yuritish vazifasi prokuratura organlariga topshirildi. Shu sababli IIV tuzilmasidagi Axborot markazi tugatildi. Xuddi ilgarigidek, barcha vakolatli organlar, shu jumladan sudlar kartochkalarni to‘ldirishda davom etadilar, biroq bu elektron shaklda amalga oshiriladi.

Tashqi reklama qanday joylashtiriladi?

Endilikda tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish huquqi ochiq elektron auksionlar orqali beriladi. 

Bunda quyidagi to‘lovlar to‘lanadi:

• tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish huquqini olish uchun haq - savdolar yakunlariga ko‘ra aniqlanadi;

• tashqi reklamani joylashtirish huquqi uchun yig‘im - miqdorini mahalliy davlat hokimiyati organlari belgilaydi.

Monopoliyaga qarshi kurashish organining roziligini Davlat xizmatlari markazida olish mumkin  

Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar birlashganida va ustav fondidagi aksiyalar (ulush)ga ega bo‘lish bo‘yicha shartnomalar tuzilganida qator holatlarda antimonopoliya organining dastlabki roziligi talab qilinadi.

Uni olish uchun tegishli hujjatlar paketini taqdim etish lozim. Ilgari hujjatlar bevosita antimonopoliya organiga topshirilardi. 1 dekabrdan esa bu ishni Davlat xizmatlari markazi orqali amalga oshirish mumkin.

Mavzuga oid