Jahon | 10:20 / 02.12.2018
21143
2 daqiqa o‘qiladi

G20 sammiti yakunlariga ko‘ra qo‘shma bayonot qabul qilindi 

Foto: Ricardo Mazalan/AP

Buenos-Ayresda o‘tgan “Katta yigirmatalik” sammiti 1 dekabrda qo‘shma bayonotning qabul qilinishi bilan yakunlandi. Yakuniy hujjat bo‘yicha ziddiyatlar oxirgi lahzagacha saqlanib qoldi, biror u aniq maqsadlar qo‘yilmagan holda qabul qilindi.

“Yigirmatalik” davlatlari xalqaro savdo tizimi va Jahon savdo tashkiloti takomillashtirilishi zarurligi haqidagi fikrga kelishgan. Sammit ishtirokchilarining fikricha, amaldagi tizim “oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarmayapti”. Yetakchilar bu boradagi islohotlarni keyingi sammitda muhokama qilishga kelishib olishgan.  

Shuningdek, hujjatda AQSh va “yigirmatalik”ning qolgan davlatlari o‘rtasida iqlim bo‘yicha turli fikrlik saqlanib qoldi. AQSh iqlim bo‘yicha Parij kelishuvidan chiqmoqchiligini tasdiqlagan, qolgan davlatlar esa toza energetikani rivojlantirishga sodiqliklarini ta'kidlab o‘tishgan.

“Yigirmatalik” keyingi 3 yil uchun korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha harakatlar rejasini ma'qulladi. Bundan tashqari, G20 yetakchilari internetni terrorchilik maqsadlarida qo‘llashga qarshi kurashishga chaqirishdi va odamlarni o‘z yurtlaridan qochishga majbur qiluvchi sabablarni bartaraf etish uchun birgalikda harakat qilish muhimligini ta'kidlab o‘tishdi. 

Murosasiz norozilik namoyishlari va politsiya bilan to‘qnashuvlar ortida o‘tgan, Gamburgdagi avvalgi sammitdan farqli, Argentina poytaxtida o‘tgan sammit vaqtida osoyishtalik hukm surgan. 30 noyabrda Buenos-Ayres markazida kelishilgan yo‘nalish bo‘yicha antiglobalchilar marshi hech qanday noxush voqealarsiz o‘tgan. 

Rejaga ko‘ra, “yigirmatalik”ning keyingi uchrashuvi 2019 yilning 28-29 iyun kunlari Yaponiyaning Osaka shahrida o‘tadi.

Mavzuga oid