O‘zbekiston | 10:40 / 03.12.2018
59323
8 daqiqa o‘qiladi

Propiska: o‘z yurtida muhojirlar

Ma'lum haqiqat: xalq jamiyatga – bir organizmga aylansagina tom ma'nodagi xalqqa aylanadi. Bu esa xalqning har bir vakili o‘zini o‘sha organizmning uzviy qismidek his etishi bilan bo‘ladi. Xalqning tom ma'nodagi jamiyatga aylanishini ulug‘ maqsad sifatida tan oladigan bo‘lsak, demak, bunga teskari keladigan ishlarni, oz emas ko‘p emas, zararkunandalik  – xalqning jamiyatga aylanishi yo‘liga to‘siq qo‘yish, deb e'tirof etishimizga to‘g‘ri keladi.

«Vatan» va «ona» tushunchalarining mushtarakligi

Vatan tushunchasi ko‘pqirrali, ammo qirralarini sanab o‘tish qiyin bo‘lmagan tushunchadir. Kishi vatanida o‘zini yengil, erkin, go‘yo bola o‘zini ona bag‘rida his etgandek his etishini hisobga olib, xalqimiz «ona vatan» iborasini qo‘llagan. Ona bo‘lishi kerak ekan Vatan.

Kishi «men Vatanimdaman» deya ko‘kragini to‘ldirib ayta olishi uchun omil bo‘ladigan jihatlardan biri – vatanini bemalol kezishi va uning xohlagan joyida bemalol qo‘nim topishi. Bu talab bajarilmasa, kishi vatanida o‘zini erkin his etmaydi – begona joyga kelib qolgandek bo‘ladi. Bizda holat qanday?

Birgina oddiy hayotiy misol keltirish asnosida O‘zbekiston fuqarosi o‘z vatanida duch keladigan ba'zi aqlbovar qilmaydigan jihatlarni sanab o‘tamiz. Bir necha yil avval viloyatlardan birida yashab kelgan bir oila Toshkent viloyatiga ko‘chib kelishiga to‘g‘ri keldi. Hayot shuni taqozo qildi. O‘z uyini sotib, Toshkent viloyatida uy sotib olishi kerak bo‘ldi. Uy ham topildi. Ammo:

a) viloyatlarda yashovchilar Toshkent viloyatida uy sotib olishi qonunan taqiqlangan edi.

«O‘z Vataningda xohlagan joydan uy sotib ololmasang-a!» – deyishdi oila vakillari va Toshkentda yashovchi tanishlarining nomiga sotib olgan uylarini rasmiylashtirishdi. O‘z uylarida ijarada turishga majbur bo‘lishdi. Ammo masala bu bilan yechim topmadi. Keyingi muammo:

b) propiska.

Toshkent shahri va Toshkent viloyati «viloyatliklar» uchun yopiq! «Biz chet eldan kelganmizmi?!» – o‘zlariga o‘zlari xitob qilishdi oila a'zolari va o‘z uylarida vaqtincha propiska qilib yashay boshlashdi. Har uch oyda propiska qilish yoddan ko‘tarilsa – jarima. Bir marta shunday bo‘ldi ham. Ammo, qizig‘i shundaki, bu oilaning bir a'zosi aravachada harakatlanadigan nogiron kishi bo‘lib, uni ham... jarimaga tortishdi... Savol: qalbda qo‘nim topgan «Vatan tuyg‘usi» degan latif «jonivor» bunday holatda o‘zini qanday his etadi?

Biz ikki marta o‘tmishga ishora etuvchi «edi»ni ishlatdik. Ammo endilikda – islohotlar yo‘liga tushganimizdan keyin – holat tubdan o‘zgardimi? Vaqtinchalik propiska 3 oydan 6 oyga cho‘zilgani va boshqa o‘zgarishlar holatni tubdan o‘zgartirdimi? Tunov kuni o‘sha nogiron kishining oldiga yangi uchastka noziri kelib, «zudlik bilan propiskaga o‘tmasangiz jarima yozaman», dedi... Demak,  hali hech narsa o‘zgargani, holat mantiq doirasiga qaytgani yo‘q.

«Sho‘ring qurg‘ur... o‘zbek»

Mazkur gap bexosdan tilingizdan chiqib ketadi. Begona yurtlarda-ku qiynalib, «turtilib-surtilgan» hamyurtlarimiz haqida nafaqat eshitamiz, balki ko‘plab yaqinlarimiz hamda mazkur satrlarni o‘qiyotganlarning bir qismi buni o‘z boshidan o‘tkazib kelmoqda. Ammo, o‘z yurtingda...

O‘z yurtingda hamma sen tomon – sening do‘sting, sening jigaring, sening g‘amxo‘ring bo‘lishi, jumladan qonun qabul qiluvchi deputating – hamma sening holingni yengillatishga urinmog‘i va bunga javoban sen o‘zingni keng ma'nodagi Vatanning, oilaning bir bo‘lagi o‘laroq his etishing o‘ta tabiiy holat. Bundan tabiiyrog‘i bo‘lmasa kerak.

Muammolarimizning negizida yotgan narsa – tabiiy hisoblanmish hilqatlarga qilayotgan tajovuzimiz.

Kishining o‘z xalqiga nisbatan, o‘z yurtida bo‘layotgan jarayonlarga nisbatan daxldorlik hissi uning o‘sha – o‘z xalqiga ongli ravishda keltirishi mumkin bo‘lgan foydasiga to‘g‘ri proporsional ekanligini aksioma sifatida qabul qiladigan bo‘lsak, daxldorlik hissiga talofat yetkazadigan jihatlarni, to‘g‘risini aytadigan bo‘lsak – illatlarni bartaraf etish favqulodda ahamiyat kasb etadi. Boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, xalqning har bir vakilini e'zoz etish asnosida xalqni tom ma'nodagi xalqqa – jamiyatga birlashtirish ayni damda milliy g‘oya bo‘lishga arziydigan harakat ekanligini anglamoq lozim.

O‘lchovni to‘g‘ri olmoq ahamiyati

Propiska va boshqa – shunga o‘xshash, shaxs erkiga qaratilgan cheklovlar keltirayotgan guyoki foydalar ahamiyat tarozisiga solinadigan bo‘lsa, ulardan yetayotgan ulkan ma'naviy zararning yonida bu «foydalar» ko‘rinmay ham qoladi. Ammo, buni ko‘rish uchun holatga kengroq –  ma'naviy kenglikda ko‘ra oladigan ko‘z bilan qaramoq lozim bo‘ladi. Ta'bir joiz bo‘lsa, «Toshkentda uylar qimmat bo‘lib ketadi» kabi vajlarni xalqning ma'naviy asosiga yetkazilayotgan zararning yoniga xayolan qo‘yib ko‘rish kerak bo‘ladi.

Vatan tuyg‘usi ona tuyg‘usi ila mushtarak ekan, demak, vatan tuyg‘usiga zarar yetishini bolaning o‘z onasiga bo‘lgan tuyg‘usiga yetadigan talofat deb qaramoq kerak. Ona bilan bolaning o‘rtasini buzish nechog‘lik gunoh bo‘lsa, bir insonning vataniga bo‘lgan mehrini so‘ndirish shunga teng gunohdir.

Cheklovlarni qayta ko‘rib chiqish yoxud yangilarini o‘rnatish paytida buning ahamiyati nechog‘lik zalvorli ekanini xalq noiblari va boshqa mas'ullar anglamoqlari lozim. Holatga qonun va tartiblarni tuzadigan, qabul qiladigan mas'ullar ko‘p ta'sir etishlari e'tiboridan aynan shu kishilarda tarix, millatning buguni va ertasi, avvalo Yaratganning oldidagi javobgarlik hissi favqulodda ustuvor bo‘lmog‘i lozim.

Kishi o‘z yurtida o‘zini muhojir his etishi mumkin emas.

Shokir Sharipov

Mavzuga oid