Sport | 14:15 / 03.12.2018
13024
8 daqiqa o‘qiladi

«Yuventus» va Ronalduning navbatdagi rekordlari, Rimdagi jangovar durang – Italiyada tur voqealari

Dam olish kunlari Italiya chempionatida 14-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Unda e'tiborga loyiq bo‘lgan bir qancha voqealar yuz berdi.

«YuVeNTUS» CheMPIONLIK SARI DADIL QADAM TAShLADI

«Yuventus» safarda «Fiorentina» bilan bellashib, 3:0 hisobidagi yirik g‘alabani qo‘lga kiritdi. Ancha asabiy tarzda o‘tgan bahsda bosh hakam tomonidan 8ta sariq karta ko‘rsatildi. Turinliklar o‘z imkoniyatlaridan unumli foydalanib qolishdi. Ronaldu penaltidan bo‘lsa-da, navbatdagi golini urib, to‘purarlar bahsida 1-o‘ringa chiqib oldi. Bu portugaliyalik futbolchi uchun mavsumdagi 10-gol bo‘ldi. Natijada u 1957/58 mavsumidan beri dastlabki 14ta turda 10ta gol urgan ilk futbolchiga aylandi. 61 yil oldin bunday ko‘rsatkichga uelslik Jon Charlz erishgan edi.

Agar «Yuventus» tezlikni pasaytirmasa, muddatidan ancha oldin chempionlikni qo‘lga kiritishi oydinlashib bormoqda.

O‘yindan so‘ng, turinliklar ustozi Massimiliano Allegri g‘alabaga quyidagicha izoh berdi: «Bizga oson bo‘lmadi, chunki butun shahar «Fiorentina»ni qo‘llab-quvvatlab turdi. Dastlabki 10 daqiqa davomida yaxshi o‘ynamadik. Yigitlarga xotirjamlikni saqlashni buyurdim. Ikkinchi golni urganimizdan so‘ng, ancha yengil harakat qildik».

Fiorentina – Yuventus 0:3 (0:1, 0:2)
1 dekabr, «Artemio Franki» stadioni
Gollar: 0:1 – 31 Bentankur, 0:2 – 69 Kellini, 0:3 – 79, penalti Ronaldu. 
Fiorentina – Lafon, Milenkovich, Petstselya, Vitor Ugo, Biragi, Benassi (Pyatsa, 65), Veretu, Fernandesh, Jyerson (Tereo, 80), Simeone, Keza.
Yuventus – Shchensni, De Shilo, Bonuchchi, Kellini, Joau Kanselu, Bentankur, Matyuidi, Kuadrado (Duglas Kosta, 84), Dibala, Ronaldu (Bernardeski, 80), Manjukich (Kin, 88).
Ogohlantirishlar: Manjukich (11), Fernandesh (43), Bentankur (50), Vitor Ugo (51), Milenkovich (64), Petstselya (71), Ronaldu (79), Tereo (88), Veretu (90).

RIMDAGI BAHSDA KUChLAR TeNG KeLDI

Turning markaziy o‘yinida «Roma» o‘z uyida «Inter»ni qabul qildi. Muxlislar tomoshabop, sermahsul bahsni tomosha qilishdi. Vaziyatlar bo‘yicha «Roma» yaxshiroq taassurot qoldirdi. «Inter» esa o‘yinni nazorat qildi. Birinchi bo‘lim Baldening goli evaziga milanliklar g‘alabasi bilan tugadi. Ikkinchi bo‘limda rimliklar bosimni oshirib, yakuniy durangga erishishga muvaffaq bo‘lishdi. Bu natija har ikkala jamoani qoniqtirmagani aniq va kuchli to‘rtlikka kirish yo‘lidagi raqiblar foydasiga bo‘ldi.

Bahsdan keyin «Inter» ustozi Luchano Spalletti o‘z taassurotlarini quyidagicha izohladi: «Biz oldingi chiziqda xavfliroq o‘ynashimiz lozim edi. To‘pni jarima maydoniga havodan yetkazish samara bermadi. Durang har ikkala jamoa uchun sharafli natija, ammo qoniqtiradigan emas. Biz to‘g‘ri yo‘ldan boryapmiz, lekin hali yaxshilash lozim bo‘lgan jihatlarimiz ko‘p».

Roma – Inter 2:2 (0:1, 2:1)
2 dekabr, «Stadio Olimpiko» 
Gollar: 0:1 – 37 Keyta Balde, 1:1 – 51 Under, 1:2 – 66 Ikardi, 2:2 – 74, penalti Kolarov.

«MILAN» KUChLI TO‘RTLIKKA KIRIB OLDI

«Milan» o‘z uyida A Seriya debyutanti «Parma» bilan bellashdi va irodali g‘alabani qo‘lga kiritdi. «Rossoneri» o‘yinda tashabbusga ega bo‘lishsa-da, ilk gol ularning darvozasiga urildi. Shundan so‘ng, mezbonlar katta qiyinchilik bilan vaziyatni tenglashtirishga muvaffaq bo‘lishdi. Dastlab Kutrone o‘zi vujudga keltirgan xavfli vaziyatni golga aylantirdi. So‘ngra Kessie penaltini aniq amalga oshirib, jamoasiga muhim g‘alabani keltirdi. Bu natijadan so‘ng, «Milan» 25 ochko bilan kuchli to‘rtlikka kirib oldi.

Bellashuvdan keyin, «rossoneri» bosh murabbiyi Jyennaro Gattuzo g‘alabani quyidagicha izohladi: «Parma» juda yaxshi shakllangan jamoa ekan. Ular yaxshi o‘yin namoyish qilishdi. Kutrone meni xursand qildi, uning ko‘zlarida olovni ko‘rmoqdaman. Abate markaziy himoyada o‘zini yaxshi namoyon qildi. Yil oxirigacha yana 6ta o‘yinimiz bor, ularni ijobiy natija bilan tugatmoqchimiz».

Milan – Parma 2:1 (0:0, 2:1)
2 dekabr, «Juzeppe Meatstsa (San-Siro)» stadioni
Gollar: 0:1 – 49 Ingleze, 1:1 – 55 Kutrone, 2:1 – 71, penalti Kessie.

A SeRIYa 14-TURINING BARChA NATIJALARI

1 dekabr
SPAL – Empoli 2:2 (1:2, 1:0)
Gollar: 1:0 – 5 Kurtich, 1:1 – 24 Kaputo, 1:2 – 43 Krunich, 2:2 – 67 Kurtich. 
Chetlatish: Chonek (SPAL, 49).

Fiorentina – Yuventus 0:3 (0:1, 0:2)
Gollar: 0:1 – 31 Bentankur, 0:2 – 69 Kellini, 0:3 – 79, penalti Ronaldu. 

Sampdoriya – Bolonya 4:1 (3:1, 1:0)
Gollar: 1:0 – 10 Prat, 1:1 – 17 Poli, 2:1 – 25 Kualyarella, 3:1 – 40 Ramires, 4:1 – 68 Kualyarella.

2 dekabr
Milan – Parma 2:1 (0:0, 2:1)
Gollar: 0:1 – 49 Ingleze, 1:1 – 55 Kutrone, 2:1 – 71, penalti Kessie. 

Torino – Jyenoa 2:1 (2:1, 0:0)
Gollar: 0:1 – 36 Kuame, 1:1 – 45 Ansaldi, 2:1 – 45, penalti Belotti. 
Chetlatish: Romulo (Jyenoa, 28).

Sassuolo – Udineze 0:0 
 
Frozinone – Kalyari 1:1 (1:0, 0:1)
Gollar: 1:0 – 14 Kassata, 1:1 – 77 Farias. 
Chetlatish: Barella (Kalyari, 85).

Kevo – Latsio 1:1 (1:0, 0:1)
Gollar: 1:0 – 25 Pellisse, 1:1 – 66 Immobile. 

Roma – Inter 2:2 (0:1, 2:1)
Gollar: 0:1 – 37 Keyta Balde, 1:1 – 51 Under, 1:2 – 66 Ikardi, 2:2 – 74, penalti Kolarov. 

3 dekabr 
Atalanta – Napoli 

A SeRIYa JADVALI

A Seriya to‘purarlari
10 - Kshishtof Pyontek (Jyenoa, 1 pen), Krishtianu Ronaldu (Yuventus, 2)
9 - Chiro Immobile (Latsio, 1)
8 - Mauro Ikardi (Inter, 2)
7 - Franchesko Kaputo (Empoli, 1), Dris Mertens (Napoli, 1), Lorentso Insine (Napoli), Fabio Kvalyarella (Sampdoriya)

A SeRIYa 15-TUR O‘YINLARI

7 dekabr
Yuventus - Inter
8 dekabr
Napoli - Frozinone
Kalyari - Roma
Latsio - Sampdoriya
9 dekabr
Sassuolo - Fiorentina
Parma - Kevo
Udineze - Atalanta
Empoli - Bolonya
Jyenoa - SPAL
Milan - Torino

Hafta iqtibosi: «Tanaffusda 11 futbolchini almashtirmoqchi edim» - Indzagi

«Latsio» bosh murabbiyi Simone Indzagi «Kevo»ga qarshi o‘yin natijasidan norozi bo‘ldi. «Burgutlar» yaqqol autsayder bilan 1:1 hisobidagi durangni qayd qilishdi.

«Bu murabbiylik faoliyatimdagi eng yomon 45 daqiqalik bo‘ldi. Tanaffusda 11 futbolchini ham almashtirmoqchi edim, ammo buning iloji yo‘q edi. Men yigitlardan faol o‘ynashni talab qildim. Bunday natijada o‘zimning aybim ham bor, ammo jamoadan ko‘p narsani kutgan edim. Qatorasiga uchta o‘yinda durangni qayd etdik, bundan xavotirdaman», - dedi Indzagi.

«Yuventus» Italiyaning navbatdagi rekordini yangiladi

«Yuventus» klubi A Seriya 14-turida «Fiorentina»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Natijada, «Keksa sinora» ilk 14ta o‘yinda 40 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi. Bu esa A Seriyaning yangi rekordi deb xabar beradi La Gazzetta dello Sport.

Qayd qilish joizki, «Yuventus» eng yaqin ta'qibchisi «Inter»ni 11 ochko ortda qoldirgan holda, peshqadamlik qilmoqda. Jamoa qatorasiga 7ta mavsumdan beri chempionlikni qo‘lga kiritmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid