Sport | 17:20 / 04.12.2018
3468
4 daqiqa o‘qiladi

Taekvondo bo‘yicha kadetlar o‘rtasidagi Jahon chempionati AQShda emas, O‘zbekistonda o‘tadigan bo‘ldi

Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov va O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasi rahbari Ahmadjon Rahimov Janubiy Koreya poytaxti Seul shahriga xizmat safari bilan bordi.

Qo‘mita matbuot xizmatidan ma'lum qilishlaricha, mazkur safar davomida Osiyo Taekvondo Ittifoqi, Taekvondoni rivojlantirish xalqaro fondi, shuningdek, Janubiy Koreya futbol assotsiatsiyasi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazildi va bir necha muhim masalalar bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Bunday uchrashuvlarning navbatdagisi bugun, 4 dekabr kuni Janubiy Koreya taekvondo assotsiatsiyasida tashkilot prezidenti Choi Chang Shin bilan tashkil etildi. Unda Tokio 2020 Olimpiadasiga qadar qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishlari bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, har ikki assotsiatsiya rahbarlari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Unga ko‘ra, tomonlar sport tibbiyoti, doping nazorati, qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari bo‘yicha yaqindan hamkorlik qiladilar. 

Sir emaski, Koreya va Yaponiya iqlimlari deyarli bir xil. Shu sababdan ham ko‘p mamlakatlar Olimpiya o‘yinlariga aynan Janubiy Koreyada tayyorgarlik ko‘rishni ma'qul ko‘radilar. Uchrashuv davomida Choi Chang Shin Janubiy Koreya taekvondo assotsiatsiyasi eshiklari o‘zbekistonlik sportchilar uchun doimo ochiq ekanini ma'lum qildi.

Choi Chang Shin ikki mamlakat taekvondochilari qo‘shma o‘quv-mashg‘ulotlarda o‘zaro tajriba almashishlari mumkinligi haqida gapirib, O‘zbekistonda o‘tkaziladigan musobaqalarga tashrif buyurmoqchi ekanini aytdi.

Shundan so‘ng O‘zbekistonda olimpiya harakati rahbari Osiyo Taekvondo Ittifoqi, Taekvondoni rivojlantirish xalqaro fondi, shuningdek, Janubiy Koreya futbol assotsiatsiyasi, Janubiy Koreya taekvondo assotsiatsiyasi vakillari bilan ham muzokaralar olib bordi.

Bundan tashqari, Butunjahon Taekvondo Federatsiyasi prezidenti Chung Von Choy bilan ham uchrashuv tashkil etildi. Unda O‘zbekiston tomoni terma jamoa uchun malakali murabbiy jalb qilish bo‘yicha amaliy yordam so‘radi. Choy ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlashini, shuningdek, o‘zbekistonlik taekvondochilar uchun o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etish bo‘yicha ham yordam berishga tayyor ekanligini aytib o‘tdi. Tomonlar Universiadaga tayyorlanayotgan koreyalik taekvondochilarning O‘zbekistonda o‘quv-mashg‘ulotlar olib borishlari bo‘yicha ham kelishuvga erishdilar. 

Chung Von Choy Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Uchrashuvning eng ahamiyatli jihati shunda bo‘ldiki, olib borilgan muzokaralar natijasida 2019 yilgi kadetlar o‘rtasidagi jahon chempionati Toshkentda o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Umid Ahmadjonov Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Dastlab mazkur chempionat AQShda o‘tkazilishi belgilangandi. Biroq Butunjahon Taekvondo Federatsiyasi rahbari bilan uchrashuv davomida Umid Ahmadjonov O‘zbekiston ushbu musobaqani qabul qilishga har tomonlama tayyor ekanligini ma'lum qildi. Shu tariqa, kelasi yil kadetlar o‘rtasidagi jahon chempionati O‘zbekistonda o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Shuning bilan MOQ rahbarining Janubiy Koreyaga xizmat safari yakunlandi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid