O‘zbekiston | 15:10 / 05.12.2018
41231
2 daqiqa o‘qiladi

Uzmobile'ning sobiq direktori Ucell'ning yangi rahbariga aylandi

UzMobile milliy mobil aloqa operatorining sobiq bosh direktori Vladimir Kravchenko davlat tomonidan sotib olingan Ucell mobil aloqa kompaniyasiga yangi rahbar etib tayinlandi. U bugun, 5 dekabr kuni Ucell jamoasiga rahbar sifatida tanishtirilgan.

Telia Company shved-fin kompaniyasi Ucell'ni O‘zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo‘mitasiga 215 mln dollarga sotishi ortidan kompaniyaga 2014 yil sentabridan buyon rahbarlik qilib kelgan Tonu Gryunberg xodimlari bilan xayrlashgan.

Ucell'dagi manbalarga ko‘ra, kompaniyaning xorijlik xodimlari ishdan bo‘shatilgan va ularning o‘rnini mahalliy mutaxassislar egallagan.

Vladimir Kravchenko 1985 yil tug‘ilgan, Toshkent xalqaro Vestminster universitetini tamomlagan.

Ayni vaqtda 33 yoshda bo‘lgan Kravchenko 2017 yil martida UzMobile bosh direktori etib tayinlangandi. U keyinroq kompaniyada tijoriy direktor sifatida faoliyatini davom ettirib kelayotgandi.

Qayd etish kerakki, Ucell davlatga sotilishi ortidan O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan aloqa operatorlarining 3tasi davlat kompaniyasiga aylandi - Ucell'dan tashqari Uzmobile va UMS ham davlatga tegishli.

Mavzuga oid