Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Namangancha paradoks. Gumburlashni eshitganlar ovoz haqidagi xabarlarni yolg‘onga chiqarishdi, ovoz qayerdan chiqqani sirligicha qolmoqda
6 dekabr kuni Namangan viloyatining ayrim hududlarida istiqomat qiluvchi aholi kuchli gumburlash ovozini eshitishdi. Bu ovozni viloyat hududida bo‘lgan Kun.uz muxbiri ham, Namangan shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati raisi Husanboy Aliyev ham, «Mingbuloqneft» O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi bosh muhandisi Isroil Ulug‘xanov ham eshitishdi.
Shu kuni ijtimoiy tarmoqlarda turli vahimali xabarlar tarqaldi. Dastlabki xabarlarda hududdagi gaz quyish shoxobchalaridan biri portlagani aytildi.
Ammo ovoz Namangan shahri, Mingbuloq, To‘raqo‘rg‘on, Uychi va Chortoq tumanlarida ham eshitilgandi.
Dastlab, telegramdagi Daryo — LIVE kanali Namanganda qandaydir gumburlagan ovoz (portlash) tarqalgani, odamlar vahimadaligi haqida xabar tarqatdi.
Kun.uz o‘z manbalariga asoslangan holda bu ovoz Mingbuloq tumani hududida neft konidagi geologik qidiruv ishlari bilan bog‘liq ekani haqida xabar berdi.
Namangan shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati raisi Husanboy Aliyev ham «Mingbuloq» koniga borib, gumburlash ovozlari Mingbuloqda neft qidirish ishlari bilan bog‘liq ekanini aniqlagan.
«Avtomobillarga gaz quyish shoxobchalaridagi narxlar borasida doimiy monitoring yuritayotganimiz uchun bu xabarga oydinlik kiritish qiyinchilik tug‘dirmadi. Mingbuloq tumanida burg‘ilash ishlari olib borilayotgan hududda portlash ro‘y bergani haqidagi taxminimiz to‘g‘ri chiqdi. Ishchi guruh bilan birgalikda ushbu tumanga borib, voqea joyini kuzatish natijasida haqiqatan ham neft sizib chiqqani aniqlandi. Mutasaddilar suhbat davomida mazkur hududdan neft chiqqanini tasdiqlab, tegishli ishlar olib borilayotganini ta'kidladi. Biroq hozir qancha miqdorda neft chiqqani va ko‘lami haqida rasmiy ma'lumot olishning imkoni bo‘lmadi», — deya uning so‘zlarini keltirdi Turon24 agentligi.
Tuman hokimligi qabulxonasidagi ismini ochiqlashni istamagan manba ham bu ma'lumotni tasdiqlagan va mazkur holat tumanning Chordona mahallasi hududida ro‘y berganini bildirgan.
Manbalar hodisadan keyin hudud xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘rab olingani va fuqarolar kirishi cheklanganini aytishdi.
Bugun, 7 dekabr kuni esa «O‘zbekneftgaz» mazkur ma'lumotni rad etib chiqdi.
«6 dekabr kuni bir qator ommaviy axborot vositalarida «Mingbuloq» konida portlash sodir bo‘lgani to‘g‘risidagi xabarlar tarqaldi. Biz shuni rasman ma'lum qilamizki, bu xabar yolg‘on va asossiz hisoblanadi. Ayni vaqtda «Mingbuloq» konida o‘zbekistonlik va xitoylik mutaxassislar shtat rejimida M-15 qudug‘ida ish olib borishmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston fuqarolaridan ishonchli manbalar ma'lumotiga e'tibor qaratishni, jurnalistlardan esa tasdiqlanmagan ma'lumotlarni tarqatmaslik va aholini chalg‘itmaslikni so‘raymiz», — deyiladi kompaniya xabarida.
«O‘zbekneftgaz» ochiq axborot siyosati yuritishi va OAV bilan har doim hamkorlikka tayyorligini qo‘shimcha qilgan.
«Gazeta.uz» esa Favqulodda vaziyatlar vazirligidan ushbu xabarlarga munosabat so‘ragan.
Vazirlik ma'lumotiga ko‘ra, viloyat aholisi vakillaridan portlash ovoziga o‘xshash baland tovush eshitilgani haqida xabarlar kelib tushgan, biroq hozircha hodisa vaqti va joyini aniqlashning imkoni bo‘lmagan.
«Biz barcha tuman va viloyat shifoxonalarini tekshirdik, jabrlanganlar yo‘q. Shuningdek, barcha gaz quyish shoxobchalarini ham tekshirdik, u yerlarda ham portlash bo‘lmagan. Geologlar bilan suhbatlashdik, ular ham hech qanday geologik razvedka ishlari olib borilmaganini aytishdi», — deya qayd etilgan O‘zbekiston FVV xabarida.
Bu vaqtda asosan Namangan viloyati hayotini yoritishga ixtisoslashgan Namcity.uz nashrida Daryo.uz, Turon24 va Kun.uz saytlari xabarlariga raddiya berildi.
«O‘ylab gapirish ham san'atmi?» sarlavhali materialda «respublika miqyosida ko‘p sonli auditoriyaga ega bo‘lgan internet nashrlari yolg‘on xabar bilan o‘quvchilari e'tiborini jalb qilgani» aytib o‘tiladi.
Xabarda viloyat hududida haqiqatdan kuchli gumburlash ovozi eshitilgani, biroq bu ovoz Mingbuloq tumanidagi neft konidan chiqmagani ta'kidlab o‘tiladi.
«Mazkur saytlarda ta'kidlangan «Ayni vaqtda hudud xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘rab olingan va fuqarolar kirishi cheklangan», degan axborot mutlaqo asossiz. Chunki xavfsizlik nuqtai nazaridan amalga oshiriladigan bu holat, avvalo, ichki ishlar tizimi zimmasida. Hozirgi kunga qadar shaxsiy tarkibimiz bu kabi ishlarga jalb qilinmadi, hamma o‘z xizmat joyida. Qolaversa, tuman bo‘yicha olib borgan o‘rganishlarimiz natijasida hududimizda hech qanday portlash sodir bo‘lmaganini aniqladik», — deya Mingbuloq tumani IIB boshlig‘i, podpolkovnik Avazbek Xo‘jaxanovning so‘zlarini keltiradi nashr.
«Yangiliklarni internet orqali o‘qib, ochig‘i, hayron bo‘ldim. Chunki, 6 dekabr kuni soat 12:00larda ish joyimda edim va bu yerda hech qanday portlash sodir bo‘lmadi, qolaversa, neft sizib chiqayotgani haqidagi gaplar ham asossiz. Ammo gumburlash ovozi bizga ham eshitildi», — degan «Mingbuloqneft» O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi bosh muhandisi Isroil Ulug‘xanov.
«Demakki, berilayotgan ma'lumotlar asossiz va tasdiqlanmagan. Asoslanmagan ma'lumot bilan ommani aldash esa xalq ishonchini qozonayotgan nufuzli nashrlarga yarashmaydi. Zero, dono xalqimiz topib aytganidek, o‘ynab gapirsak ham, o‘ylaaab so‘zlaylik (namanganlik hamkasblarimiz xabar yozish texnikasini boshidan o‘rganishlari kerakligi ko‘rinib turibdi). Chunki, so‘zimizning ortidan ergashguvchi xalq ko‘ngliga g‘ulg‘ula solishdan hech kimga foyda yo‘q. Aksincha, odamlarning halovati o‘g‘irlangani, asossiz tahlikalar ko‘ngilni tinchsizlantirgani qoladi, xolos», — deyiladi xabarda.
Namangan viloyati IBB ham kichik ma'lumot bergan: «Tabiat hodisasi bo‘lishi ham mumkin deb ehtimol qilinayotgan bu holat bo‘yicha hozirda o‘rganishlar davom ettirilmoqda».
O‘zA agentligi esa bu ma'lumotlarni to‘ldirib, «Namanganda sodir bo‘lmagan portlash haqida» sarlavhasi bilan e'lon qildi.
Kun.uz muxbiri 7 dekabr kuni Mingbuloqqa borib, kon hududida bo‘ldi. Kon hududida favqulodda holat ro‘y bergani haqidagi xabarlar yana bir marta rad etildi.
Hozirgacha kuchli gumburlashlarga nima sabab bo‘lgani haqida rasmiy axborot berilmayapti.
Ovoz manbai haqidagi haqiqatga eng yaqin yagona axborot ham to‘liq rad etilmoqda va shu bilan birgalikda, ovoz qayerdan kelgani bo‘yicha muqobil variant yo‘q.
Bu navbatdagi paradoks — gumburlash ovozini eshitganlar gumburlash haqidagi xabarni yolg‘onga chiqarishmoqda.
Agar ovoz Mingbuloqdagi kon hududidan chiqmagan bo‘lsa, qayerdan chiqqan? Yoki boshqa yomonroq voqea bo‘lganmi?
Agar bu ovoz kondan chiqqan bo‘lsayu, bu oxir-oqibat tan olinsa, unda hozir bu xabar nega ommadan yashirilib, jurnalistlar tuhmatchiga chiqarilmoqda?
Ovozni bir emas, ikki emas, yuzlab, minglab, o‘n minglab kishilar eshitishgan. Buni o‘sha odamlarning xotirasidan o‘chirib yuborib bo‘lmaydi. Bu haqda yozgan nashrlardan ham xabarlarni o‘chirib yuborib bo‘lmaganidek.
Internet zamonida qandaydir axborotni yashirishga urinish - absurd.
Rasmiy ma'lumot berilmas ekan, mish-mishlar bolalashda davom etaveradi.
Ayrim hamkasblarimiz ayblayotganidek, Kun.uz sayti shov-shuv ortidan quvib, yolg‘on axborot tarqatmadi. Biz bo‘lmagan voqeani bo‘ldi deya olmaymiz, biz ham ertaga yolg‘onchiga chiqib qolishni istamaymiz, bir ma'lumotni e'lon qilishdan avval, jurnalistikaning bosh tamoyillariga asosan bir emas, ikki emas, kerak bo‘lsa, o‘nlab manbalardan surishtiramiz.
Zero, Kun.uz uchun ham haqqoniy axborot tarqatish prinsipial masaladir.
Shuning uchun, bu o‘rinda sayt xato axborot tarqatdi, deb hisoblamaymiz. Faqat bu yerda davlat organlari aslida nima bo‘lganini yashirmoqda, degan xulosaga kelyapmiz.
Aziz Qarshiyev
Mavzuga oid
22:51 / 27.05.2025
Namangan viloyati hokimiga yangi o‘rinbosar tayinlandi
01:49 / 27.05.2025
Namanganda daraxtga urilgan Nexia-3 yonib ketdi. Haydovchi halok bo‘ldi
23:54 / 26.05.2025
Namanganda «So‘nggi qo‘ng‘iroq» vaqtida qizlarning sochi yonib ketdi
11:23 / 25.05.2025