Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ilmiy yutuqlar qanday «monetizatsiya» qilinadi?
Vazirlar Mahkamasining 3.12.2018 yildagi 979-son qarori bilan yuqori texnologik biznes-loyihalarni moliyalashtirish, ilmiy ishni ishlab chiqish, tijorat sirini tashkil etuvchi obektlardan foydalanish uchun mualliflik mukofoti to‘lash tartibi tasdiqlandi.
Norma xabariga ko‘ra, hujjat prezidentning 14.07.2018 yildagi PQ-3855-son qarori ijrosi yuzasidan qabul qilingan. U o‘z ichiga ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini samarali tijoratlashtirish mexanizmlarini oladi. Xususan:
• 1 oktabrdan patentlangan intellektual mulk obektlari mualliflariga, shuningdek ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini ishlab chiqish va tijoratlashtirishda ishtirok etganlarga qo‘shimcha mukofot joriy etildi;
• muassasalar ilmiy kengashlari nou-xau yoki tijorat siri rejimida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarining intellektual natijasini qo‘riqlash to‘g‘risida qaror qabul qilish huquqi berildi.
Bundan tashqari, Prezidentning 6.08.2018 yildagi PQ-3899-son qarori bilan Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida ilmiy va ilmiy-texnik faoliyat natijalarini tijoratlashtirish Prezident jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tashkil etildi. Shu munosabat bilan vazirlikka tegishli reglamentga soluvchi nizom ishlab chiqish topshirildi. Ular haqida batafsil – quyida o‘qing.
Jamg‘arma loyihalarni moliyalashtirishga yordam beradi
Quyidagilarni moliyalashtirish Jamg‘armaning asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi:
• yuqori texnologik biznes startaplar;
• ta'sischilaridan biri ustav fondiga o‘z ulushi sifatida intellektual mulk obektini yoki tayyor texnologiyani kiritish orqali yangi tuzilayotgan tijorat tashkilotining ustav kapitaliga investitsiya qilish maqsadida tadbirkorlik loyihalari;
• ilmiy natijalarni tatbiq etish, keyinchalik seriyali ishlab chiqarish uchun innovatsion mahsulotning tajriba-sanoat partiyalarini ishlab chiqarish bilan bog‘liq chora-tadbirlar.
Moliyalashtirishga ariza berish uchun Innovatsion rivojlanish vazirligiga murojaat qilish va tasdiqlangan ro‘yxatga binoan hujjatlar paketini taqdim etish zarur. Keyingi loyihalarni ko‘rib chiqish va tanlab olish tartib-taomili ijro etish muddatlari bilan ilova qilingan sxemada keltirilgan.
Loyihalarni baholash dolzarblik, innovatsion yo‘naltirilganlik, bozorda mahsulotga talabning mavjudligi va boshqalar kabi 8 ta asosiy mezon bo‘yicha amalga oshiriladi.
Bir martalik mualliflik mukofoti qanday to‘lanadi
Unga ilmiy, ilmiy-texnik va innovatsion faoliyat natijalarining (keyingi o‘rinlarda – natijalar) ishlab chiqilishi hamda tijoratlashtirilishida ishtirok etayotgan ilmiy-tadqiqot va oliy ta'lim muassasalaridagi mualliflar va ilmiy jamoa talabgor bo‘lishlari mumkin.
Mukofotni muassasaning mansabdor shaxslari jumlasidan bo‘lgan maxsus komissiya tayinlaydi. U har bir hisobot yili tugagandan keyin 3 oy ichida rahbar buyrug‘i bilan tuziladi. Komissiya to‘lovni mualliflar (hammualliflar) o‘rtasida taqsimlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi hamda mukofot oladigan shaxslar tarkibini tasdiqlaydi. Uning summasi quyidagi miqdorlarda belgilangan:
• intellektual mulk obektlari mualliflariga - patent olingan kundan boshlab bir oy muddat ichida muassasaning byudjyetdan tashqari mablag‘lari hisobidan EKIHning 10 baravari miqdorida;
• natijalarning ishlab chiqilishi hamda tijoratlashtirilishida ishtirok etayotgan mualliflar va ilmiy jamoaga - ularni tijoratlashtirishdan muassasa hisob raqamiga tushayotgan mablag‘larning soliqlar, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar to‘langandan keyin qolgan summaning tegishli ravishda 40%i va 30%i miqdorida.
Agar natija bir qancha mualliflarning birgalikdagi ijodiy ishi mahsuli bo‘lsa, gonorar teng qismlarda ularga to‘lanadi.
Mukofot ham mehnat, ham fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida ishlayotgan shaxslarga to‘lanadi.
Natijalardan foydalanganlik fakti:
• mahsulot ishlab chiqarishda ulardan foydalanganlik to‘g‘risida dalolatnoma;
• natijadan foydalanish huquqini berish uchun shartnoma bilan tasdiqlanishi kerak.
“Maxfiy” obektlar qanday ro‘yxatga olinadi va foydalaniladi
Ishlab chiqilgan nizomning maqsadi – tijorat sirini o‘z ichiga olgan ma'lumotlar egasining roziligisiz har qanday shaxs uchun foydalanish imkoniyatini bekor qilish hamda shunday ma'lumotlarni ruxsatsiz tarqatishni to‘xtatish.
Tijorat siri rejimida himoya qilinadigan obektlarga quyidagilar kiradi:
• intellektual faoliyat jarayonida olingan obektlar;
• ilmiy-texnik natijalar, muhandislik-texnik yechimlar, uslublar, texnologik jarayonlar, o‘quv metodikalari, qurilmalar, moddalar va shtammlar va boshqalar bo‘yicha ma'lumotlar;
• tematik rejalar, tanlov arizalari hamda davlat shartnomalari, dasturlar, loyihalar, grantlar bo‘yicha texnik topshiriqlar;
• EHM uchun dasturlar, ma'lumotlar bazasi, integral mikrosxemalar topologiyalari;
• intellektual faoliyat natijalarini (keyingi o‘rinlarda – IFN) patentlash va ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha berilmagan buyurtmanomalar;
• e'lon qilinmagan ma'lumotlar, shu jumladan ishlab chiqarish sirlari (nou-xau);
• mahsulot va xizmatlarni realizatsiya qilish sohasidagi bilim va tajribalar, bozor kon'yunkturasi haqida ma'lumot, marketing tadqiqotlar natijalari;
• texnik, texnologik, tijoriy, metodologik va tashkiliy-boshqaruv hujjatlari;
• ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlar va boshqa xizmat hisobotlari.
Bunday obektlarni aniqlash va ilmiy-texnik kengashga taqdim etish bevosita ularni yaratish yoki foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari tomonidan amalga oshiriladi. Kengashda olingan IFNni realizatsiya qilish va keyinchalik foydalanish istiqbollari ko‘rib chiqiladi, ularga nisbatan tashkilot tijorat siri rejimi qo‘llaniladi.
Bunda “maxfiy” obektlarga kirish imkoniyatiga ega bo‘lgan shaxslar ro‘yxati tasdiqlanadi.
“Maxfiy” obektlar titul varaqda chop etilgan shaklda yoki boshqa saqlash shakllarida ifodalanadigan “tijorat siri” grifi bilan belgilanadi. Intellektual mulk masalalari bo‘yicha bo‘lim xodimlari ro‘yxatni saqlashga javobgar bo‘ladi. Ular quyidagi harakatlarni amalga oshiradi:
• ruxsat berish ro‘yxatiga qat'iy amal qilgan holda obektdan foydalanish imkoniyatini ta'minlaydi;
• zarurat bo‘lganda IFNning chegaralangan miqdordagi nusxalarini tayyorlaydi;
• IFNdan foydalanish imkoniyati yoki uning nusxalari hisobi jurnalini yuritadi.
“Maxfiy” obektlardan foydalanishga, unga kirish imkoniyatiga ega bo‘lganlardan tashqari, tashkilotning rahbari yoki fan va innovatsiyalar bo‘yicha rahbar o‘rinbosari farmoyishi asosida yo‘l qo‘yiladi. IFNning boshqalarga o‘tkazilishi tomonlarning yozma shartnomasiga asosan amalga oshiriladi, qabul qilgan tomon esa berilgan ma'lumotlar maxfiyligiga rioya qilishi shart.
Hujjat 4.12.2018 yildan kuchga kirdi.