O‘zbekiston | 11:36 / 11.12.2018
31579
3 daqiqa o‘qiladi

Amerika Ovozi muxbiri Kun.uz mehmoni bo‘ldi

AQShdagi Voice of America xalqaro teleradio tizimi jurnalisti Navbahor Imomova O‘zbekistonda bo‘lib turibdi. 

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan yagona amerikalik jurnalist hisoblanadigan Navbahor Imomova O‘zbekistonda jamiyat, jurnalistika va inson huquqlari to‘g‘risida maqolalar va videomateriallar tayyorlab kelmoqda. Jurnalist O‘zbekistonga navbatdagi safari davomida o‘zbekistonlik huquq faollari, jurnalistlar va bir guruh talabalar bilan uchrashdi, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda qatnashdi.

Kun.uz Navbahor Imomova bilan suhbat o‘tkazish uchun uni studiyaga taklif etdi. Jurnalist Voice of America uchun Kun.uz tahririyati faoliyati haqida hikoya qiluvchi ko‘rsatuv ham tayyorlab ketishga ulgurdi

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

 

Navbahor Imomova bilan suhbatni esa tez kunda Kun.uz saytining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali kuzatishingiz mumkin.

Ma'lumot uchun, Amerika Ovozi Vashingtonda asos solingan xalqaro teleradio tizimi bo‘lib, 45 tilda efirga chiqadi. 1942 yilda tashkil topgan bu axborot vositasi dunyo bo‘ylab har haftada qariyb 250 million kishiga yangilik va ma'lumot yetkazadi. Radioning o‘zbek tilidagi ko‘rsatuv va eshittirishlarida hamda sayt va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida nafaqat xalqaro hayot balki O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi muhim mavzular ham yoritiladi. O‘zbek xizmati 1950-yillar oxirida vujudga kelgan. 1972 yildan beri muntazam ravishda ishlab kelayotgan bo‘lim Vashingtonda olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo‘ylab o‘z jamoatchi muxbirlariga ega.

Navbahor Imomova Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Qo‘shqo‘rg‘on qishlog‘ida ziyoli oilasida ulg‘aygan. Jurnalist «Amerika Manzaralari» turkumidagi ilk teledasturlar muallifi, TV, radio va onlayn diktor, prodyuser, muxbir va muharrirdir. Amerika Ovozi’da 2002 yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996 yilda O‘zbekiston radiosining «Xalqaro hayot» redaksiyasida boshlagan. Jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo‘yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Harvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va yetakchilik bo‘yicha magistrlik diplomiga ega hisoblanadi.

Mavzuga oid