Jahon | 14:20 / 11.12.2018
12269
3 daqiqa o‘qiladi

Duel o‘rniga sud. Zolotov Navalniydan million rubl undirmoqchi

ALEXANDER RYUMIN/TASS/GETTY IMAGES

Rosgvardiya rahbari Viktor Zolotov «or-nomusini himoya qilish» uchun muxolifatchi Aleksey Navalniyni sudga berdi. U sud ma'naviy zararni qoplab berish uchun muxolifdan 1 million rubl undirib berishini talab qilmoqda.

TASS agentligi Zolotovning advokati Shota Gorgadzega asoslanib xabar qilishicha, Moskvadagi Lyublino sudiga da'vo bilan murojaat qilingan.

Zolotov suddan Navalniy tomonidan tarqatilgan ma'lumotlarni o‘z sha'nini bulg‘ovchi va haqiqatdan yiroq deb topishni so‘ramoqda.

«Xususan, gap ko‘chmas mulklar va mansabni suiiste'mol qilganlik haqidagi ma'lumotlar haqida ketadi», deya aniqlik kiritgan advokat.

«Juda kulgili. Kecha FSB bizning tekshiruvlarimiz natijalarini tasdiqlagan, Rosgvardiyaning oziq-ovqat mahsulotlari sotib olish bo‘yicha shartnomasini «korruptsion» deb topgandi. Bugun esa Rosgvardiya rahbari Zolotov meni sudga bermoqda. FSBni ham sudga bermaydimi? Mayli, men hammasini sudda aytib beraman», deya yozgan Navalniy tvitterida.

Navalniyning Korrupsiyaga qarshi kurash fondi ma'lumotlarida tilga olingan kombinat Rosgvardiyaga oziq-ovqat yetkazib berish monopoliyasini qo‘lga olgan. Bu kombinat ham biroz avvalroq Navalniyni sudga bergandi.

Korrupsiyaga qarshi kurash fondi Rosgvardiyadagi korrupsiya holati bo‘yicha materiallarini avgust oyi oxirida e'lon qilgandi.

Unda Rosgvardiya uchun oziq-ovqat mahsulotlari RF bosh vaziri Dmitriy Medvedevga yaqin bo‘lgan shaxsga tegishli kompaniya tomonidan yetkazib berilishi, tuzilgan shartnomada ko‘rsatilgan narxlar bozor narxidan bir necha barobar ko‘pligi bayon etilgan, Zolotov korrupsiyada ayblangandi.

Navalniy yanvardagi aksiya uchun muddatni o‘tayotganda, 11 sentabr kuni Rosgvardiya rahbari Viktor Zolotov muxolifatchiga qaratilgan videomurojaatini e'lon qilgandi va uni duelga chorlagandi.

Zolotovning aytishicha, Navalniy narxlar haqida hech narsa bilmaydi va tekshiruvida haqoratlar hamda tuhmatlarga yo‘l qo‘ygan. U siyosatchi yana bir shunday ishga qo‘l ursa, uning «oyoqlarini uzib olishi» va «Rosgvardiya shaxsiy tarkibi guvohligida shou uyushtirish»ga va'da bergandi.

Aleksey Navalniy oktabr oyida 50 kunlik hibsdan keyin ozodlikka chiqdi va Zolotovni televideniyeda debat qilishga chaqirdi. Zolotov esa uning taklifini qabul qilmadi.

Mavzuga oid