Light | 02:21 / 11.12.2018
63468
4 daqiqa o‘qiladi

Yer yuzining eng g‘aroyib ko‘priklari

Ko‘priklar doimo o‘zining betakror go‘zalligi, salobati hamda eng kuchli muhandislik loyihalarini amalga oshirish imkonini bergan texnik imkoniyatlari bilan kishiga zavq beradi. Bu inshootlar nafaqat amaliy vazifalarni bajaradi, balki estetik ruh ham baxsh etadi. Har bir ko‘prik o‘zicha g‘aroyib, biri konstruksiyasi, yana biri shakli, boshqasi esa ulug‘vorligi bilan kishini hayratga soladi. Aytgancha, so‘nggi uchinchi jihat esa o‘lchami bo‘yicha rekord o‘rnatish imkonini berib, doimiy ravishda o‘zgarib bormoqda.

Xitoyning ko‘prik qurilish bo‘yicha olib borayotgan ishlari butun dunyoni hayratga solyapti. U ko‘priklarning uzunligi bo‘yicha eng yuqori o‘rinlardan joy egallamoqda. O‘ntalikni uzunligi 35,7 ming metr bo‘lgan Ran Young ko‘prigi ochib beradi. U 2007 yilda Yantszi daryosi qirg‘oqlarini bir-biri bilan bog‘lash maqsadida qurilgan bo‘lib, daryoda qurilgan eng uzun ko‘prik sanaladi.

Hangjou ko‘rfazi va Tsyangtang daryosi orqali chiroyli ko‘prik barpo etilgan. U murakkab suv oqimi bo‘ylab o‘tadi. Uni qurish uchun eng aniq hisob-kitob va ilg‘or muhandislik texnologiyalaridan foydalanilgan. Ko‘prikning uzunligi — 35 ming 670 m.

Avvalgisidan 142 metrga uzunroq bu ko‘prik bir yil keyin barpo etilgan. Uzunligi 35,8 ming metrlik osma ko‘prik Pekindan Tyantszingga olib boruvchi temir yo‘llarning bir qismi hisoblanadi.

Ro‘yxatimizga AQShda qurilgan ko‘priklar qo‘shilmoqda. Mana yarim asrki, Luizianada Manchac Swamp ko‘prigi faoliyat yuritmoqda. Qurilmaning uzunligi 36 ming metrdan biroz oshadi.

Ponchartreyn ko‘li qirg‘oqlarini birlashtiruvchi Ponchartreyn ko‘prigi 900 tadan ortiq ustunlar ustiga o‘rnatilgan. U Mandevil shahridan Metayrigacha cho‘zilgan uzunligi 38,4 km bo‘lgan ikkita yo‘lakdan iborat.

Yana Osmon ostiga qaytamiz. Tszyaochjou dengiz ko‘rfazi yuzasida uzunligi 42,5 ming metr bo‘lgan oltita chiziqdan iborat Tszyaochjou ko‘prigi qad ko‘targan. U to‘fon va zilzilalarni hisobga olgan holda qurilgan. 2011 yilda bu qurilma eng uzun ko‘priklar reytingida yetakchilik qilgan.

Tailanddagi uzunligi 54 ming metr bo‘lgan ko‘prik alohida diqqatga sazovor. Uning o‘ziga xosligi shundaki, u suv ustida qurilmagan. U aholi zich joylashgan Bangkokda yer ustidagi inshootdir.

Hongkong Chjuxaya va Makaoni bir-biri bilan bog‘lash uchun yaxlit qurilish tizimi barpo etilgan. U suv usti tuneli, uchta sun'iy orol va uzunligi 29,6 ming metrli ko‘prikdan iborat. Agar tasvirlangan konstruksiya yaxlit holda hisoblansa, uning uzunligi 55 ming metrni tashkil etadi.

Tayvan temir yo‘lining bir qismi sanalgan Chjanxua-Gaosyung ko‘prigining uzunligi 147,3 ming metrdan iborat. U reytingimizda ikkinchi o‘rinni egallaydi. Qurilmaning o‘ziga xosligi yuqori seysmik faoliyati bilan ajralib turishidadir.

Ro‘yxatimizning birinchi qatorini Danyang-Kunshan ko‘prigi egallaydi. U ko‘plab to‘siqlarni yengib o‘tgan: tepaliklar, adirlar, qirlar, ko‘llar, kanal va daryolar. Uzunligi 164,8 ming metrdan iborat ulkan inshoot qurilishiga bor-yo‘g‘i 4 yil sarf etilgan.

Mavzuga oid