Jamiyat | 13:20 / 11.12.2018
22007
6 daqiqa o‘qiladi

Oqdaryodagi 30-maktab filiali avariyaviy holatda: Qishloq ahli vazirlikdan najot kutmoqda

Barcha ta'lim olish huquqiga ega. O‘zbekistonda ham bu qonun bilan mustahkamlab qo‘yilgan. Qolaversa, bugungi kunda, ta'lim tizimini yanada rivojlantirish maqsadida qator islohotlar olib borilmoqda. Ammo O‘zbekistonning ayrim hududlarida ta'lim tizimi bilan bog‘liq noxush holatlar ham saqlanib qolmoqda. Kun.uz tahririyatiga kelib tushgan navbatdagi murojaat maktabdagi qoniqarsiz sharoitlar haqida.

Murojaat mazmuniga ko‘ra, Samarqand viloyati, Oqdaryo tumanidagi Tarnov qishlog‘ida boshlang‘ich sinf o‘quvchilari 1950-yillarda masjid sifatida barpo etilgan, ayni paytda avariyaviy holatga tushib qolgan binoning ikkita xonasida ta'lim olishmoqda.

30-maktabning filiali sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan mazkur binoda 1-4 sinflarning jami 61 nafar o‘quvchisi o‘qishmoqda. Bino o‘tin va ko‘mir yordamida isitiladi. O‘quvchilar bosh kiyimlarini yechmasdan o‘tirishibdi. Davomat yaxshi. 

Asosiy maktabgacha bo‘lgan eng yaqin yo‘l roppa-rosa 2,5 kilometrni tashkil etadi. Qishloqning yuqori sinf o‘quvchilari «Pichoqchi» mahallasidagi ikki qavatli zamonaviy binoda ta'lim olishadi.

30-o‘rta maktab direktori Abdurahmon Asrorovning aytishicha, maktabning asosiy binosi ham ta'mirga muhtoj. Sobiq ittifoq davrida qurilishi boshlangan bino 1998 yili hashar yo‘li bilan bitkazilgan. Ayni paytda 640 o‘rinli maktabda 491 o‘quvchi bir smenada ta'lim olmoqda. Ayrim sinfxonalarda pol qilinmay qolib ketgan. Elektr tizimi montaji ham ta'mirga muhtoj.

Maktabning asosiy binosi ham, «Tarnov» mahallasidagi filiali ham 2019 yilgi davlat dasturiga tushgan, deb aytdi maktab direktori.

Tas-IX

YouTube

«Tarnov» mahallasi faollaridan biri Safoxon Sa'dullayevning aytishicha, qishloq aholisining murojaatlariga viloyat va tuman hokimligi tomonidan e'tibor qaratilib, tuman hokimining joriy yil 14 sentabrdagi «Oqdaryo tumani «Pichoqchi» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan 30-umumta'lim maktab filiali qurilishiga yer maydoni ajratish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan va maktab qurilishi uchun 1,6 ga yer maydoni ajratilgan.

Biroq, maktabni ta'mirlash va filial qurish Xalq ta'limi vazirligi va Moliya vazirligi mutasaddilari tomonidan Davlat dasturidan chiqarib tashlangan.

«O‘zbekistonning har bir fuqarosi yetarlicha sharoit va imkoniyatlarga ega bo‘lgan dargohlarda ilm olish huquqiga ega, jumladan, Tarnov qishlog‘i yoshlari ham. So‘nggi vaqtlarda hurmatli yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan barcha sohalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bular qatorida ta'lim tizimi ham bor. Qani endi bizning maktab ham obod bo‘lsa. Bolalarimiz juda uzoq masofaga qatnashadi. Maktabga borish uchun transport yo‘qligi sababli piyoda, loy ko‘chalarni kezib borishadi. Tarnov qishlog‘ida tumandagi 30-maktabning filiali mavjud bo‘lib, ushbu filialda faqatgina boshlang‘ich sinf o‘quvchilari tahsil olishadi. Filial binosi yog‘och sinchli (cho‘pkari) bo‘lib, o‘tgan asrning 50-yillarida qishloq aholisiga masjid sifatida hashar yo‘li bilan qurilgan.

Viloyat, tuman hokimlari shaxsan o‘zlari kelib maktab sharoiti bilan tanishib ketishdi. Yangi maktab binosi uchun yer ajratib berishdi. Ammo viloyat xalq ta'limi boshqarmasidan ham, xalq ta'limi vazirligidan ham hech kim kelgan emas, lekin maktab filialini davlat dasturidan chiqarib tashlashdi», — dedi Sa'dullayev. 

«O‘quvchilar ushbu dargohda ta'lim olishlari uchun yetarlicha sharoitlar mavjud emas. Biz ham farzandlarimiz keng, shinam hamda barcha sharoitlarga ega bo‘lgan zamonaviy maktabda ilm olishlari uchun bor imkoniyatimizni safarbar etganmiz», — deydi Sobir Bultakov.

«O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan 2019 yil uchun Byudjyetnomani qabul qilishdi. Biz ham ana o‘sha byudjyet parametrlarida bizning ham qishloq maktabi aks etishini niyat qilgan holda joriy yilning 12 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligiga rasmiy xat orqali murojaat etdik. Xatga javob bo‘lavermagach, vazirlik bilan bog‘lanib, qaytadan 30 oktabr kuni yana bir marotaba rasmiy xat bilan chiqdik. Eng qizig‘i shundaki, Xalq ta'limi vazirligi tomonidan murojaat bo‘yicha na kelib o‘rganishdi na xatga javob berishdi», — deydi tarnovliklar.

«Tarnov»dagi maktab avariya holatida ekanligi aniq. 30-maktabning binosi ham ta'mirga muhtoj. Tarnovliklar Xalq ta'limi vazirligidagi mutasaddilar ushbu maktabda o‘qiyotgan o‘quvchilarning sharoitini yaxshilash uchun maktab filiali qurilishini tezlashtirishini, murojaat Respublika doirasidagi rahbarlarga yetib borishi va javobsiz qolib ketmasligini istashmoqda.

Shuhrat Shokirjonov,
Sarvar Anvar o‘g‘li.

Mavzuga oid