O‘zbekiston | 18:30 / 11.12.2018
12627
16 daqiqa o‘qiladi

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazning asosiy vazifalari belgilandi

Prezident qarori bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Markaz inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning o‘zaro hamkorligini, milliy ma'ruzalar tayyorlanishini, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirishni ta'minlovchi davlat organi hisoblanadi.

Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblanadi:

inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatining samarali amalga oshirilishiga, ushbu sohadagi O‘zbekiston Respublikasi xalqaro majburiyatlarining bajarilishi bo‘yicha davlat organlari faoliyatiga ko‘maklashish;

inson huquqlari va erkinliklariga rioya qilish holatini o‘rganish, tahlil qilish va umumlashtirish, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalari bajarilishini monitoring qilish;

O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlariga rioya etish va ularni himoya qilish bo‘yicha milliy ma'ruzalar tayyorlash, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha milliy harakat rejalarini (“yo‘l xaritalari”ni) ishlab chiqish;

normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga implementatsiya qilishni ta'minlash bo‘yicha takliflar tayyorlash;

inson huquqlarini himoya qilish va amalga oshirish masalalari bo‘yicha davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa tashkilotlarga maslahat berish funksiyasini amalga oshirish va ularga amaliy ko‘maklashish;

inson huquqlari sohasida aholi huquqiy savodxonligini oshirishga ko‘maklashish, inson huquqlariga rioya qilish masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish va o‘tkazish, shuningdek, noshirlik faoliyatini amalga oshirish;

inson huquqlari sohasida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hamda tuzilmalar, xorijiy mamlakatlar milliy institutlari bilan hamkorlikni amalga oshirish.

Markaz o‘ziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

a) inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatining samarali amalga oshirilishiga, ushbu sohadagi O‘zbekiston Respublikasi xalqaro majburiyatlarining bajarilishi bo‘yicha davlat organlari faoliyatiga ko‘maklashish sohasida:

inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini samarali amalga oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

xalqaro tashkilotlar, shuningdek, xorijiy davlatlarning inson huquqlari to‘g‘risidagi hisobotlarida taqdim etilgan ma'lumotlarga sharhlar tayyorlaydi;

inson huquq va erkinliklarini rag‘batlantirish va himoya qilish, shuningdek, inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarish mexanizmlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro tashkilotlarning takliflarini to‘plash va umumlashtirishni amalga oshiradi;

inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya qilish masalalari bo‘yicha davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlarining axborotlarini tinglaydi;

inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tuzilmalardan kelib tushadigan individual murojaatlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘radi;

inson huquqlari, shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarni qo‘llash masalalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining yakdil nuqtai nazarini shakllantirishga ko‘maklashadi;

b) inson huquqlari va erkinliklariga rioya qilish holatini o‘rganish, tahlil qilish va umumlashtirish, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalari bajarilishini monitoring qilish sohasida:

inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalarini davlat organlari tomonidan bajarilishi masalalari bo‘yicha ma'lumot to‘plashni amalga oshiradi;

inson huquqlari sohasidagi qonunchilikka, shuningdek, inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari qoidalariga davlat organlarining rioya qilish holatini tizimli tahlil qiladi va umumlashtiradi;

inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tuzilmalar tavsiyalarini, shuningdek, tegishli davlat organlari va tashkilotlarning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarishning, shu jumladan ma'lumotlar bazasidan foydalanish orqali milliy harakat rejalarini amalga oshirish bo‘yicha yaxlit uslubiyotni ishlab chiqadi va monitoringini amalga oshiradi;

inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar tavsiyalarini bajarish bo‘yicha davlat organlari faoliyati samaradorligini baholaydi;

inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tuzilmalardan kelib tushadigan individual murojaatlarni davlat organlari tomonidan ko‘rib chiqishning tizimli monitoringini amalga oshiradi;

jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qiladi, ularning murojaatlarini ko‘rib chiqadi, shuningdek, ularning hal qilinishi monitoringi va tahlilini o‘tkazishni amalga oshiradi;

v) O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlariga rioya etish va ularni himoya qilish bo‘yicha milliy ma'ruzalar tayyorlash, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha milliy harakat rejalarini (“yo‘l xaritalari”ni) ishlab chiqish sohasida:

O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari ta'minlanishi holati to‘g‘risidagi hisobotlarni har yili chop etadi;

milliy ma'ruzalar tayyorlash jarayonlarini standartlashtirish, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining axborot va ma'lumotlarini yig‘ishni muvofiqlashtirish bo‘yicha choralar ko‘radi;

inson huquqlari sohasida xalqaro majburiyatlarni bajarish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy ma'ruzalarini tayyorlash va taqdim etish jarayoniga inson huquqlari ko‘rsatkichlarini moslashtirish va tatbiq qilish bo‘yicha choralar ko‘radi;

davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan taqdim etiladigan ma'lumotlar asosida BMTning ustav va shartnomaviy organlari uchun O‘zbekiston Respublikasining asosiy, milliy va davriy ma'ruzalarini o‘z vaqtida va sifatli tayyorlashni ta'minlaydi;

BMTning ustav va shartnomaviy organlari tavsiyalarini bajarish to‘g‘risida oraliq axborotlar taqdim qiladi;

BMTning ustav va shartnomaviy organlari tavsiyalarini bajarish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy ma'ruzalari loyihalari muhokamasi yuzasidan davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan muntazam muvofiqlashtiruvchi kengashlar o‘tkazadi;

davlat organlari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarida inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy ma'ruzalari loyihalarining muhokamasini o‘z vaqtida o‘tkazishni ta'minlaydi;

inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tuzilmalarga O‘zbekiston Respublikasining milliy ma'ruzalarini yuboradi va ularni BMTning ustav va shartnomaviy organlariga taqdim qiladi;

O‘zbekiston Respublikasining tegishli milliy va davriy hisobotlarini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha BMT ustav va shartnomaviy organlarining yakuniy taklif va tavsiyalarini ko‘rib chiqadi;

O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari bo‘yicha milliy ma'ruzalarini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha BMT ustav va shartnomaviy organlarining yakuniy taklif va tavsiyalarini davlat tiliga tarjima qilish va manfaatdor davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlariga o‘z vaqtida jo‘natishni ta'minlaydi;

inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning yakuniy taklif va tavsiyalarini ko‘rib chiqish va bajarish bo‘yicha davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini metodik boshqarishni hamda ularning samarali hamkorligini ta'minlaydi;

manfaatdor davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, shuningdek, xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan milliy harakat rejalarini (“yo‘l xaritalari”ni) ishlab chiqish bo‘yicha maslahatlashuv o‘tkazadi;

BMTning ustav va shartnomaviy organlarining yakuniy taklif va tavsiyalarini bajarish bo‘yicha milliy harakat rejalarini 
(“yo‘l xaritalari”ni) ishlab chiqadi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga tasdiqlash uchun taqdim qiladi;

O‘zbekiston Respublikasining tegishli davriy hisobotlarini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha BMTning ustav va shartnomaviy organlarining yakuniy taklif va tavsiyalarini bajarish bo‘yicha tasdiqlangan milliy harakat rejalari (“yo‘l xaritalari”) mas'ul ijrochilarga yetkazilishini ta'minlaydi;

BMTning ustav va shartnomaviy organlarining yakuniy taklif va tavsiyalarini bajarish bo‘yicha milliy harakat rejalari ijrosi masalalari yuzasidan davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari uchun metodik tavsiyalar tayyorlaydi;

inson huquq va erkinliklariga rioya qilish va ularni himoya qilishni ta'minlash sohasidagi ilg‘or o‘zgarishlarni tavsiflovchi inson huquqlari bo‘yicha axborot-tahlil va statistik ma'lumotlarning yagona bazasini shakllantiradi;

inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar tavsiyalarining yagona ma'lumotlar bazasini ishlab chiqadi va uning ishlashini ta'minlaydi;

ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, Internet xalqaro axborot tarmog‘ida O‘zbekiston Respublikasida inson huquq va erkinliklarining ta'minlanishi holati haqidagi xolis axborotning chop etilishini tashkillashtiradi;

g) normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga implementatsiya qilishni ta'minlash bo‘yicha takliflar tayyorlash sohasida:

inson huquqlari sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning doimiy tahlilini amalga oshiradi va inson huquqlari bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning xalqaro standart va tavsiyalarini, shuningdek, ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda inson huquqlari sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;

inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarning milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga implementatsiya qilinishini ta'minlash choralarini ishlab chiqadi;

inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish 
va tegishli davlat organlari tomonidan ularning amaliy ijrosi bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;

inson huquqlari va erkinliklari masalalari bo‘yicha qonun loyihalarining ishlab chiqilishi va muhokamasida ishtirok etadi;

inson huquqlari masalalari bo‘yicha qonun loyihalarini tayyorlash tashabbuslari bilan chiqadi va ularning davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan keng muhokamasini o‘tkazadi, shuningdek, ularni qonunchilik tashabbusi huquqi sub'yektlariga kiritadi;

d) inson huquqlarini himoya qilish va amalga oshirish masalalari bo‘yicha davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa tashkilotlarga maslahat berish funksiyasini amalga oshirish va ularga amaliy ko‘maklashish sohasida:

inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlari borasida davlat organlari xodimlarining salohiyatini oshirish bo‘yicha choralar ko‘radi;

inson huquqlariga rioya etish va ularni himoya qilish sohasida davlat organlari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi;

inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlari bajarilishiga to‘sqinlik qiluvchi sabab va sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish ishlari samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan tadbirlarni tashkil etadi;

inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlari bajarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda ko‘maklashadi;

ye) inson huquqlari sohasida aholi huquqiy savodxonligini oshirishga ko‘maklashish, inson huquqlariga rioya qilish masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish va o‘tkazish, shuningdek, noshirlik faoliyatini amalga oshirish sohasida:

inson huquqlari va erkinliklari masalalari bo‘yicha ma'rifat va ta'lim tizimini takomillashtirishga yordam ko‘rsatib, jamiyatda inson huquqlari madaniyatini shakllantirishga yo‘naltirilgan milliy dasturlar va harakat rejalarini ishlab chiqadi;

inson huquqlari bo‘yicha adabiyotlar, teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar tayyorlaydi va taqdim qiladi;

inson huquqlari masalalari bo‘yicha davlat organlari xodimlarini o‘qitish va ularning malakasini oshirishning samarali mexanizmlarini va tartibini shakllantiradi;

BMTning ustav va shartnomaviy organlariga inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasi milliy ma'ruzalarini, muqobil ma'ruzalarni, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar so‘rovlariga javoblarni tayyorlash asoslari yuzasidan davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslarini ishlab chiqadi va olib boradi;

o‘qitishni tashkil etish uchun oliy ta'lim muassasalari o‘qituvchilari, amaliyotchi mutaxassislar, xorijiy mutaxassislarni jalb etadi;

inson huquqlariga rioya etish va ularni himoya qilish masalalari bo‘yicha axborot-ma'rifiy kampaniyalar, seminarlar, treninglar, davra suhbatlari, uchrashuvlar, jamoat maslahatlashuvlarini o‘tkazadi;

inson huquqlariga rioya etish va ularni himoya qilish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazadi, inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarni amalga oshirishda xalqaro va xorijiy tajriba yuzasidan ilmiy-tahliliy materiallarni o‘rganadi va tayyorlaydi;

inson huquqlari masalalari bo‘yicha ilmiy-texnik grant va loyihalarning amalga oshirilishida ishtirok etadi, O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar faoliyatidagi ishtiroki samaradorligini ilmiy tahlil qiladi va baholaydi;

noshirlik faoliyatini olib boradi, “Demokratlashtirish va inson huquqlari” ilmiy-davriy nashrini hamda inson huquqlari bo‘yicha boshqa bosma mahsulotlarni chop etadi;

j) inson huquqlari sohasida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hamda tuzilmalar, xorijiy mamlakatlar milliy institutlari bilan hamkorlikni amalga oshirish sohasida:

Inson huquqlari bo‘yicha BMT Oliy komissari boshqarmasi, BMT tizimidagi dasturlar, fondlar va ixtisoslashtirilgan muassasalar, Yevropa Ittifoqi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan inson huquqlariga rioya qilish, ularni himoya qilish va rag‘batlantirish masalalari bo‘yicha hamkorlik qiladi;

inson huquqlari masalalari bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi nomidan ish ko‘radi;

inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro sa'y-harakatlarni faollashtirishga yo‘naltirilgan tashabbuslarini xalqaro tashkilotlarda ilgari surish bo‘yicha choralarni ishlab chiqadi;

inson huquqlari bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, boshqa nohukumat huquqni muhofaza qilish tashkilotlari ishida qatnashadi;

inson huquqlari bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar bilan xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga ko‘maklashadi;

xorijiy mamlakatlarning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari bilan hamkorlikni amalga oshiradi va hisobot hamda kelgusi harakatlar masalalari bo‘yicha tajriba almashadi;

davlat organlarini inson huquq va erkinliklarining samarali himoyasi borasidagi xalqaro standartlar va ilg‘or amaliyot bilan tanishtirish maqsadida xalqaro va xorijiy ekspertlar ishtirokida xalqaro va (yoki) mintaqaviy tadbirlar tashkil etadi;

inson huquqlari sohasida qonunchilik, ta'lim va ma'rifiy masalalarni takomillashtirish, davlat organlarining huquqni qo‘llash faoliyatiga xalqaro standartlarni joriy etishni tashkillashtirish yuzasidan tajriba almashish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorlikda loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etadi.

Mavzuga oid