Jamiyat | 10:40 / 13.12.2018
67428
3 daqiqa o‘qiladi

Andining O‘zbekistondagi telekanallardan birida aytgan so‘zlari tushunarsiz holatni keltirib chiqardi

Foto: Videodan kadr

Asli kelib chiqishi armanistonlik bo‘lgan eronlik va amerikalik xonanda Andi o‘zbek televideniyesi kanallaridan biriga intervyu berdi.

Teleko‘rsatuv boshlovchisi shunday savol bergan: «Siz O‘zbekistonga necha marta tashrif buyurgansiz?». Xonanda ingliz tilida javob qaytardi: «I think this is the 3rd time I’m coming to Uzbekistan, maybe 4th time, because I came here 24 years ago» (tarjima – Mening o‘ylashimcha, O‘zbekistonga uchinchi marta kelyapman, balki to‘rtinchisidir, sababi men bu yerga 24 yil muqaddam kelganman).

Telekanal tarjimoni qo‘shiqchining so‘zlarini boshqacha tarzda taqdim etishga qaror qildi va shunday tarjima qildi: «Men O‘zbekistonda to‘rtinchi martaman va juda xursandman. Menga O‘zbekiston yoqadi».

Shu tariqa, tarjimon asosiy narsaga e'tibor qaratdi - «xonandaga bu yerda hamma narsa yoqdi».

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «O‘zbekiston 24» telekanali muxbiri Mavjuda Mirzayeva Kun.uz’ga telekanal faoliyati haqida o‘z shaxsiy fikrini bildirgandi.

Intervyu davomida u jurnalistlar tomoshabinni ba'zida aldashi haqida aytdi

«Kasb taqozosiga ko‘ra ko‘plab xorijiy investorlar bilan intervyular tayyorlaymiz. Ammo ular aytgan gaplari keskin o‘zgartirib yuboriladi. Masalan, xorijlik mehmon o‘zining O‘zbekistondagi faoliyatida duch kelayotgan muammolar haqida gapirsa, ularning yechimini kutayotganini aytsa, biz tarjimada «O‘zbekistondagi ulkan islohotlardan hayratdaman...» mazmunida o‘qib yuboramiz. Axir bu tomoshabinni, o‘z xalqimizni aldash emasmi?! Odamlar bilmaydi, deb o‘ylaymiz. Ammo bugunning odamlari hamma narsadan boxabar. Ular internetni, boshqa axborot manbalarini kuzatib borishadi. Bizning yolg‘onlarimizni ko‘rib-bilib turishadi va ustimizdan kulishadi», - dedi muxbir.

Mavzuga oid