Jamiyat | 12:07 / 15.12.2018
34670
8 daqiqa o‘qiladi

Yangiyo‘llik dehqonlar: «Oyliksiz ishlaymiz, qulupnay ekib tirikchilik qilamiz, lekin shuni ham buzib tashlashyapti» 

Kun.uz tahririyatiga Yangiyo‘l tumani U.Musayev QFY Tinchlik massivida o‘z fermer xo‘jaligini tashkil qilib faoliyat yuritib kelayotgan «Muzaffar Kamron Behzod» fermer xo‘jaligi rahbari Tursunov Xurshiddan murojaat kelib tushdi.

«Muzaffar Kamron Behzod» fermer xo‘jaligi g‘alla sabzavotchilikka asoslangan bo‘lib , 2015 yilda tashkil topgan. Hozirda jami 18,52 ga yer maydoni mavjud bo‘lib, shundan 16,57 ga sug‘oriladigan yerlar. 4 ga yer davlat zaxirasiga olingan. 9 ga yerga bug‘doy ekilgan. 3,57 ga yer paxta uchun tayyorlab qo‘yilgan ekan.

Murojaatni o‘rganish maqsadida Yangiyo‘l tumaniga otlandik. Muammo – massiv aholisining katta mashaqqatlar bilan dalaga ekilgan qulupnay ko‘chatlari sektor rahbari bo‘lgan tuman prokurorining topshirig‘i bilan buzib tashlanyapti.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

«Muzaffar Kamron Behzod» fermer xo‘jaligi rahbari Tursunov Xurshid quyidagicha aytib o‘tdi:

“2015 yildan beri fermerlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelaman. Yo‘nalishimiz – g‘alla sabzavotchilik. O‘tgan yili paxta aytildi, 2,5 gektar yerga yo‘nalishimiz bo‘lmasa ham paxta ekdik. Paxta rejasini ham g‘alla rejasini ham bajarganmiz. Bu yil 9 ga yerga g‘alla ekdik. Tuman qishloq xo‘jalik bo‘limi va tuman fermerlar uyushmasining ko‘rsatmasi bilan 3 gektarga paxta ekilishi mumkin degani uchun, 3 ga yerni paxta uchun ajratib qo‘yganman. Bemalol paxta ekishga yerimiz bor. Zaxiraga olingan yer ham mavjud. U yerga ham paxta ekish mumkin. O‘tgan yili zaxirada bo‘lsa ham, 1 ga yerga paxta ekkanman. Lekin tuman prokurori biz ekkan qulupnaylarni buzdirayapti. Ishchilarimizga, suvchilarimizga, nasoschilarimizga 10-12 sotixdan yer ajratib berganmiz. Oylik ish haqi berolmaymiz. Chunki paxta bilan bug‘doydan olingan daromad bunga yetmaydi. Shuning uchun ishchilarimizga oylik ish haqi o‘rniga dexqonchilik qilishlari uchun yer berganmiz. U yerlar paxta dalasi emas, bug‘doydan bo‘sh qolgan yerlar. Buzishga sabab qilib, bu yerlar paxta dalasi uchun ajratilgan yerlar deb aytishyapti. Biz tushuntiryapmiz paxta dalamiz turibdi-ku, ortiqcha yer ham bor, zaxiraga olingan. Bu yil paxtaniyam, g‘allaniyam bajarganman. Bankdan qarzim ham yo‘q. Faqat ishchilarimdan qarzman. Ishchilarim o‘sha joydan daromad oladi. Qulupnay ekishga ishchilarimiz bilan 50 mln sarflaganmiz. Kechasi qulupnaylarimiz traktorlar yordamida haydab tashlanyapti»

Shu fermer xo‘jaligida mehnat qilib kun ko‘rayotgan Nigora Rayimbekovaning gaplariga ko‘ra: “Yil bo‘yi fermer dalasida bolalarimiz bilan oyliksiz ishlaymiz . Fermer oylik to‘lay olmaydi. Oylik o‘rniga 5 sotix 10 sotixdan yer beradi. Shu yerga qulupnay ekib daromad qilamiz. Bu yerda ishlaydiganlar hammasi pensioner, biron joyda ishlamaydi. Ish topaylik desak bizning yoshimizdagilarni 40 dan oshgansan, deb ishga olishmaydi. Ish ham yo‘q. Ishonganimiz shu- qulupnay. 9 oy kutamiz. Prezidentimiz har doim xalqim boy bo‘lsa, davlat boy bo‘ladi, deb ta'kidlaydi. Lekin bular xalqni boy qilishning o‘rniga, kafangado qilishyapti-ku… Sababini so‘rasak – aytishmaydi. Yil bo‘yi mehnat qilsak, bizning dardimizni hech kim eshitmayapti. Qayerdan kun ko‘ramiz, nima qilamiz – hech kim javob bermaydi. Katta mehnat va mablag‘ sarflab qulupnay ekamiz , uning foydasidan yashash uchun eng zarur bo‘lgan go‘sht, yog‘, un kabi mahsulotlarni shu qulupnayga ishonib qarzga olamiz. Endi shuni ham buzib tashlashmoqda”. 

Gap shundaki, faqat bir fermer emas bir nechta fermerlarning qulupnaylari buzib tashlangan. Hatto bir xonadonda 3 xo‘jalik yashab, yil bo‘yi davlat yerlarida mehnat qilgan, ish haqiga fermer tomonidan berilgan yerga kun o‘tkazish uchun katta mashaqqatlar bilan umid qilib qulupnay ekib, hosiliga ko‘z tikib o‘tirgan Abdullayeva Dinora traktor balonlari ostida mehnati xor bo‘lishiga chiday olmasdan, payhon qilingan qulupnaylarni hovlisiga qayta ekayotganiga guvoh bo‘ldik.

– Yosh bolamni yozning issig‘ida dalaga olib chiqib, halol mehnat qildim. Mehnatlarimga ichim achiyapti. Axir biz insonmiz-ku. Yashash uchun, birovga qaram bo‘lmaslik uchun harakat qilyapmiz. Nima qilishimiz kerak? Yomon yo‘lda yurmasak, o‘g‘irlik qilmasak, birovga og‘irligimiz tushmasa. Uyimda gazim ham yo‘q, qulupnay daromadidan gaz o‘tkazmoqchi edim, lekin shuni ham ko‘p ko‘rishdi, – deydi Dinora Abdullayeva.

Shundan so‘ng ushbu tumanning mazkur sektori rahbari, tuman prokuroridan ushbu vaziyatga izoh so‘radik. Sektor rahbarining ta'kidlashicha, Fermer yerlarni ishchilariga noqonuniy bo‘lib bergan. Bu aslida hokimning qarori yoki ruxsati bilan amalga oshirilishi kerak. Fuqarolar tomonidan sarflangan xarajatlar, agar ular ariza bilan murojaat qilsalar fermerdan qonunda belgilangan tartibda undirib beriladi.

Shundan so‘ng tuman hokimiyatiga yo‘l oldik. Afsuski, tuman hokimini ham, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosarini ham topa olmadik.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, bu holatda chigal vaziyat yuzaga kelgan.

Fermer haqiqatdan noqonuniy harakat qilgan. Oylik maoshi o‘rniga xodimlariga yer berish amaldagi qonunchilikka zid bo‘lib, sektor rahbari tomonidan qulupnay dalalarining buzilishiga aynan shu sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

Ikkinchi ekinga hech qanday shartnoma qilinmagan. Tabiiyki, bunday holatda davlatga ham soliq to‘lanmaydi. Bunday vaziyatda kelajakda aholi pensiya bilan bog‘liq muammolarga ham duch kelishi mumkin.

Lekin bizni bir savol qiynaydi: xodimlarning ish haqi haqiqatdan undirib beriladimi? Kimdan?

Shundoq ham tayinli ish topishning iloji bo‘lmagan bunday aholi punktlarida o‘zaro kelishuv asosida ishlayotgan aholi six ham, kabob ham kuymasligi tarafdori.

Biz ko‘rib turgan bu muammo asosan poliz ekanlarini yetishtirishga ixtisoslashgan Yangiyo‘l tumanida yuz bermoqda. Murojaatni o‘rganib qaytar ekanmiz, qator savollar bizni o‘ylantirib qo‘ydi. Fermerlar uchun barcha sharoitlar yaratib berilayotgan bir vaqtda, nahotki, ular topayotgan daromad xodimlarining ish haqiga yetmasa? Yil davomida umuman ish haqi olmasdan bir parcha yerda dexqonchilik qilish “huquqi”ga ega bo‘lish uchungina fermer xo‘jaligida ishlanadimi? Vaziyat faqat poytaxtning yonginasida bo‘lgan tumandagina shundaymi yoki boshqa joylarda ham bu kabi holatlar kuzatiladimi?

Rahmatillo Isroilov tayyorladi.

Mavzuga oid