O‘zbekiston | 23:44 / 18.12.2018
27992
4 daqiqa o‘qiladi

Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish Kontseptsiyasi va Dasturi qabul qilindi - Prezident qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning profilaktikasini, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va jismoniy faolligini oshirishni tashkil qilish va boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida qabul qilinmoqda.

Prezident qaroriga muvofiq 2019–2022 yillarda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish Kontseptsiyasi hamda 2019–2022 yillarda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari Dasturi tasdiqlanmoqda.

Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Respublika diyetologiya o‘quv-ilmiy markazi negizida davlat muassasasi shaklida Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi huzurida yuridik shaxsni tashkil etmagan holda Markazning hududiy bo‘limlari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari huzuridagi “Salomatlik” markazlari negizida yuridik shaxsni tashkil etmagan holda Markazning tuman va shahar bo‘linmalarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklif qabul qilinmoqda.

Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilar bo‘ladi:

  • sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklar va ularning xavf omillariga qarshi kurashish hamda oldini olish bo‘yicha maqsadli dasturlarni ishlab chiqish va joriy etish;
  • sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, zararli odatlarga qarshi kurashish, aholining tibbiy madaniyatini rivojlantirish, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va ommaviy sport harakatini tibbiyot profilaktikasi bilan integratsiyalashtirish bo‘yicha ommaviy tadbirlarni o‘tkazish;
  • sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish va ularga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;
  • aholi salomatligi holatini monitoring qilishning yagona tizimini yaratish, zamonaviy axborot va innovatsion texnologiyalarini joriy etish bilan birga umrni uzaytirish va salomatlikni mustahkamlashga oid aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish va tavsiyalarni tatbiq etishda ko‘maklashish;
  • umume'tirof etilgan xalqaro uslublar asosida doimiy populyatsiya tekshiruvlari va yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning xavf omillari bo‘yicha so‘rovlar o‘tkazish;
  • noto‘g‘ri ovqatlanish bilan bog‘liq kasalliklarning oldini olish va tarqalishi darajasini kamaytirish, keng ko‘lamda tushuntirish ishlarini tashkil qilish va aholining sog‘lom turmush tarzi garovi sifatida to‘g‘ri ovqatlanish targ‘ibotini kuchaytirish;
  • sifatning zamonaviy xalqaro standartlariga muvofiq oziq-ovqat mahsulotlarining asosiy turlarini mamlakatimizda ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkazish;
  • ta'lim muassasalari bilan birgalikda yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish va aholining sog‘lom turmush tarzini shakllantirish masalalari yuzasidan kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va uzluksiz kasbiy rivojlanishi bo‘yicha tadbirlarni tashkil qilish va ularda ishtirok etish.

Markaz O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining tashkiliy tuzilmasiga kiradi va unga hisobot beradi.

Markaz va uning hududiy bo‘linmalari O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti mablag‘lari, xalqaro moliya tashkilotlari va institutlarining grantlari va kreditlari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik mablag‘lari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

Mavzuga oid