O‘zbekiston | 18:20 / 19.12.2018
75865
3 daqiqa o‘qiladi

Botir Parpiyevning birinchi o‘rinbosari boshliq bo‘lgan guruh ustidan tergov jarayoni davom etmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining sobiq raisi Botir Parpiyevning sobiq birinchi o‘rinbosari Abdusalom Yo‘ldoshev boshliq jinoiy guruhga qarshi ish ochilgan va ayni vaqtda guruh a'zolariga qarshi tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bugun Xalqaro press-klubda bo‘lib o‘tgan sessiyada jurnalist Bosh prokuratura vakilidan Davlat Soliq Qo‘mitasining sobiq rahbarlari, xususan, sobiq rais Botir Parpiyevga qarshi jinoiy ish bo‘yicha ma'lumot so‘ragan.

Bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev o‘z javobida sobiq rais haqida to‘xtalmagan.

«Soliq qo‘mitasining sobiq rahbarlari bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda. Sobiq raisning sobiq birinchi o‘rinbosari Abdusalom Yo‘ldoshev boshchiligidagi guruh tergov qilinmoqda.

Tergov jarayonining qonun bilan belgilangan o‘ziga yarasha mezonlari, o‘ziga yarasha axborot berish o‘lchamlari mavjud. Shu mezonlar doirasida axborot berib boriladi. Bor ma'lumotlar Bosh prokuratura va Oliy sud matbuot xizmatlari orqali ma'lumotlar beriladi», deya Bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

2003 yilda bojxona xizmati general-leytenanti unvonini olgan, 2004 yildan Davlat Soliq qo‘mitasiga rahbarlik qilgan Botir Parpiyev 2018 yilning 11 mayida ishdan olingandi. U lavozimdan ozod etilishi bilan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika Kengashi raisining keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha o‘rinbosariga aylangandi. 

2012 yilning fevralidan 2018 yil boshigacha Botir Parpiyevning birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan, joriy yilning yanvar oyi oxirida Qashqadaryo viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga o‘tkazilgan Abdusalom Yo‘ldoshev 28 may kuni qo‘lga olingan va Farg‘ona vodiysi viloyatlaridan biri orqali Toshkentga keltirilgandi.

May oyi oxirida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Botir Parpiyevni nega ishdan olganiga izoh bera turib, «soliq tizimida ham ko‘p o‘yinlar bo‘lgani» haqida gapirgan va «aniqlangan barcha ma'lumotlar xalqqa yetkazilishi»ni ma'lum qilgandi.

May oyida turli davlat idoralarida Botir Parpiyevga aloqador bo‘lgan shaxslar ishdan olingandi. May oyi oxirida Parpiyevning tobi qochib, davlat statsionariga tushib qolgandi.

«Shavkat Mirziyoyev Andijondagi selektor yig‘ilishida viloyatning yarmini xususiylashtirib olgan odam hammasini qaytaradi, deb aytgan edi. Shundan so‘ng Parpiyevning sog‘lig‘i yomonlashgan», deyilgandi xabarda.

Mavzuga oid