O‘zbekiston | 16:40 / 19.12.2018
95240
3 daqiqa o‘qiladi

«Bu shaxs jazoni o‘tashda davom etmoqda» - Bosh prokuratura Gulnora Karimova haqida

Foto: Xalqaro press-klub

Bugun, 19 dekabr kuni Xalqaro press klubning huquq-tartibot organlari ishtirokida o‘tkazilgan sessiyasida ishtirok etgan O‘zbekiston Bosh prokurori o‘rinbosari Erkin To‘rayevich Yo‘ldoshev O‘zbekiston Birinchi Prezidentining qizi, korrupsiya ishida ayblanib qamalgan Gulnora Karimova haqidagi savolga javob qaytardi.

«Bu shaxs O‘zbekiston Respublikasi hududida sodir etgan jinoyatlari uchun sud tomonidan muayyan jazolarga hukm qilingan. U ayni vaqtda sud tomonidan qonunda belgilangan tartibda tayinlangan jazoni o‘tamoqda. Jazo O‘zbekiston hududida o‘talmoqda. Ta'kidlab aytaman, kim bo‘lishidan qat'i nazar, O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari qonun oldida barobar. Bu shaxsga nisbatan ham shu prinsip amal qilmoqda», — deya prokuror o‘rinbosari so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Dekabr oyi boshida Gulnora Karimovaning o‘g‘li, ayni vaqtda Buyuk Britaniya poytaxti London shahrida istiqomat qilayotgan kichik Islom Karimov onasi Gulnora Karimova jamoatchilik ishlarida ishtirok etishga qaytish niyatidaligi haqida ma'lumot bergandi.

«Mamlakatimizning yangi rahbariyati tashabbusi bilan ko‘plab yangi loyihalar amalga oshirilmoqda va ular O‘zbekistonga yaxshiroq kelajakni ta'minlaydigan qudratli asosni qurishga imkoniyat beradi. Shuning uchun onam moliyaviy va jismoniy tomondan qo‘lidan kelganicha mamlakatdagi yangi o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashga qaror qildi», — deya yozgandi u Instagram’dagi sahifasida.

Islom Karimovning yozishicha, onasi umri davomida nimaiki yiqqan bo‘lsa, buni o‘zi uchun qilmagan; onasi O‘zbekistondagi jarayonlarga «moliyaviy va jismoniy» yordam berishga va'da bergan. «Onamning ta'kidlashicha, o‘zgarishlar bugun boshlanishi kerak — biz har doim uzoq kelajakni kutib yashay olmaymiz», — deb qo‘shimcha qilgan Islom Karimov.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yilning yozida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi Gulnora Karimovaga nisbatan ikkita jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida ma'lum qilgandi.

Unga ko‘ra, Karimova 2015 yilning avgustida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi tomonidan bir qator jinoyatlarda aybdor deb topilib, 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Yana bir jinoyat ishi bo‘yicha tergov davom etmoqda. U o‘ziga qo‘yilayotgan barcha ayblovlarni rad qilgan.

Karimova xonimning shveysariyalik advokati Greguar Manja mijozi «Toshkentdan uch soat uzoqlikdagi qamoqxonada» saqlanayotganini aytgandi. Biroq xorijiy OAV kichik Islom Karimovga asoslanib Gulnora Karimova jazoni qamoqxonada emas, balki qizi Imonning Toshkentdagi kvartirasida o‘tayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Mavzuga oid