Jahon | 01:14 / 19.12.2018
4674
2 daqiqa o‘qiladi

Gretsiya va Makedoniya bosh vazirlari nomzodlari Nobel mukofotiga ilgari surildi

Foto: AFP 2018 / Janathan Nackstrand

Gretsiya va Makedoniya bosh vazirlari Aleksis Tsipras va Zoran Zayev nomzodlari 2019 yilgi tinchlik uchun Nobel mukofotiga da'vogarlar sifatida ilgari surildi. Bu haqda 2015 yilda tinchlik uchun Nobel mukofotini olgan Uided Bushamaui ma'lum qildi.

Mahalliy OAVning ma'lum qilishicha, Bushamaui mukofotning sovrindori huquqidan foydalanib va tashabbuskor guruh nomidan Tsipras va Zayev nomzodlari bo‘yicha arizani Oslodagi Nobel qo‘mitasiga yetkazib berdi.

Tsipras va Zayev nomzodlari 20 yildan ortiqroq davom etgan muzokaralardan keyin Skope va Afina o‘rtasida Makedoniyaning Shimoliy Makedoniya Respublikasi deb qayta nomlanishi bo‘yicha kelishuvga erishilgani bilan bog‘liq holda ilgari surilgan. Nomzodlar nomlari Makedoniya poytaxti Skopedagi FON universitetida tantanali ravishda e'lon qilindi. Nomzodlarning o‘zi marosimda ishtirok etmagan.

Gretsiya va Makedoniya iyunda Makedoniyaning nomlanishi bo‘yicha ko‘p yillik bahsni hal qiluvchi hamda Skopega NATO va Yevropa Ittifoqiga kirishga yo‘l ochuvchi kelishuvni imzolagan. Biroq bu kelishuv Gretsiyada ham, Makedoniyada ham tanqidga uchragan. Kelishuvga ko‘ra, Makedoniya nomi “Shimoliy Makedoniyaga” o‘zgartirilishi kerak. Ushbu masala referendumga qo‘yilgan, biroq muvaffaqiyatsizlikka uchragan – ovoz berishga zarur bo‘lgan 50 foiz saylovchidan 37 foiz saylovchi kelgan. Ovoz berishda ishtirok etganlardan 91,5 foizi kelishuv uchun ovoz bergan. Hozirda Makedoniya parlamenti mamlakat nomini o‘zgartirish bo‘yicha konstitutsiyaga tegishli tuzatmalarni kiritishni ko‘rib chiqmoqda. Ular bo‘yicha ovoz berish 2019 yil boshida o‘tkazilishi kutilmoqda. 

Mavzuga oid