Sport | 14:40 / 19.12.2018
18830
2 daqiqa o‘qiladi

«MYu» Sulsherni yangi murabbiy sifatida e'lon qildi

«Manchester Yunayted» rahbariyati sobiq futbolchisi Ole-Gunnar Sulsherni jamoaning yangi bosh murabbiyi sifatida e'lon qildi.

Klub rasmiy saytida xabar qilinishicha, 45 yoshli norvegiyalik mutaxassis jamoani mavsum oxirigacha boshqarib turadi.

Sulsher «MYu» safida 1996 yildan 2007 yilgacha to‘p surgan va 366 o‘yinda 126 gol urgan. U jamoa bilan jami 12ta sovrin qo‘lga kiritgan, shu jumladan 6 marta Angliya chempioni, bir marta YeChL g‘olibi bo‘lgan.

U murabbiylik faoliyatini «MYu»ning o‘rinbosarlar tarkibini shug‘ullantirishdan boshlagan, 2008 yildan 2011 yilgacha Manchesterda ishlagan, 2011 yili esa Norvegiyaga qaytib, «Molde» boshqaruvini qo‘lga olgandi. U 2014 yili Chempionshipda «Kardiff» murabbiyi sifatida ishladi va jamoani 30 uchrashuvda maydonga boshlab tushdi, keyin yana Norvegiyaga qaytib «Molde»da faoliyatini davom ettirdi.

Norveg mutaxassisiga 56 yoshli Mayk Felan assistent sifatida tayinlanadi. U Aleks Fergyuson davrida ham uzoq yillar ushbu lavozimda ishlagan. Murabbiylar shtabidan, shuningdek, Maykl Kerrik va Kiran MakKenna ham joy oladi.

Eslatib o‘tamiz, 18 dekabr kuni «Manchester Yunayted» Joze Mourinoni qoniqarsiz natijalar tufayli ishdan bo‘shatdi. Jamoa APL joriy mavsumida 17 turdan keyin 26 ochko jamg‘argan holda turnir jadvalida 6-o‘rinda joylashgan. Chempionlar ligasining 1/8 finalida inglizlar «PSJ» bilan bahslashadi.

Dastlab Mourinoning o‘rniga jamoani mavsum oxirigacha Maykl Kerrik boshqarib turishi ma'lum qilingandi.

Keyinroq klub matbuot xizmatida vaqtincha murabbiy sifatida boshqa bir sobiq futbolchi Ole-Gunnar Sulsher tanlangani haqida xabar berildi. Ammo tez o‘tmay bu xabar o‘chirib yuborilgandi.

Mavzuga oid