Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Putin Gorbachyovning raketalar bo‘yicha qarorini tushunmadi. Gorbachyov unga javob qaytardi
SSSR va AQSh o‘rtasida O‘rta va kichik masofadagi raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi sovet ittifoqi uchun bir tomonlama qurolsizlanish bo‘lgan. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin RF Mudofaa vazirligi kollegiyasi yig‘ilishida ma'lum qildi, deya xabar beradi TASS. Bitim sovet ittifoqi kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasi bosh kotibi Mixail Gorbachyov va AQSh prezidenti Ronald Reygan tomonidan 1987 yilda imzolangan.
«Nima uchun SSSR rahbariyati bir tomonlama qurolsizlanishga rozi bo‘lgan, buni hech kim bilmaydi, lekin bu yuz bergan», - dedi Putin.
Uning eslatishicha, sovet ittifoqida o‘shanda faqat yerda joylashtiriluvchi o‘rta va kichik masofadagi raketalar bo‘lgan, AQSh esa bunday raketalarning dengiz hamda havo versiyalariga ega edi. SSSR qurolsizlanayotgan bir paytda, Qo‘shma Shtatlar bitim doirasiga kirmaydigan tizimlarni rivojlantirishda davom etdi, deya ta'kidlab o‘tgan Rossiya yetakchisi.
O‘sha yig‘ilishda Putin AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan oktabr oyida e'lon qilingan - AQShning raketa bitimidan ehtimoliy chiqishi oqibatlari haqida gapirdi. Rossiya prezidenti fikricha, Vashingtonning bunday qadami butun xavfsizlik arxitekturasi qulashiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, u boshqa mamlakatlar bitimga qo‘shilishini istisno etmadi.
SSSR sobiq prezidenti Mixail Gorbachyov RIA Novosti bilan suhbatda Putinning sovet ittifoqi bitim doirasida bir tomonlama qurolsizlanishga borgani haqidagi so‘zlarini rad etdi.
Gorbachyovning aytishicha, davlat rahbariga noto‘g‘ri ma'lumot yetkazishgan bo‘lishi mumkin. «Hech qanday bir tomonlama qurolsizlanish bo‘lmagan. O‘rta va kichik masofadagi raketalar to‘g‘risidagi bitimga ko‘ra, yuzlab raketalar yo‘q qilindi - ham sovet ittifoqining, ham Amerikaning», - deya eslatgan u.
Putinning bitim dengiz va havodagi raketalarni yo‘q qilishni nazarda tutmasligi haqidagi so‘zlariga, Gorbachyov bunday qurol Strategik hujumkor qurollarni qisqartirish to‘g‘risidagi bitimda nazarda tutilganini aytdi. Shuningdek, siyosatchining qayd etishicha, qurolsizlanish bo‘yicha barcha qarorlar SSSR oliy harbiy rahbariyati tomonidan o‘ta jiddiy yondashuv bilan ishlab chiqilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gorbachyov jahondagi qarama-qarshilikning yangi bosqichini taxmin qilgandi.
U 1991 yilda Strategik hujumkor qurollarni qisqartirish va cheklash to‘g‘risida bitim imzolangani muhim qadamga aylanganini bildirdi. Gorbachyov ta'kidlashicha, Qo‘shma Shtatlarning ushbu bitimdan ehtimoliy chiqib ketishi yangi qurollanish poygasiga olib keladi.