O‘zbekiston | 22:07 / 24.12.2018
34089
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ko‘proq erkaklar suitsidga qo‘l urmoqda

Mamlakatda ayollarga nisbatan erkaklar ko‘proq suitsidga qo‘l urmoqda. Bu haqda «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi rahbari Dilorom Toshmuhammedova so‘zlariga tayanib, Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Foto: Dilorom Toshmuhamedova – «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi rahbari

Ma'lum qilinishicha, respublika bo‘ylab o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘proq erkaklar bilan yuz bermoqda. Buxoro, Qashqadaryo, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida ayollar qarama-qarshi jins vakillariga nisbatan ko‘p suitsidni sodir etgan. Shunga qaramay, O‘zbekistonning boshqa hududlarida joniga qasd qilayotgan erkaklar soni ayollardan farqlanadi. 

Ta'kidlanishicha, Toshkent shahri jinslar o‘rtasidagi nomutanosib suitsid holatlari bo‘yicha birinchi o‘rinda bo‘lib, 69 foiz vaziyatda erkak kishi joniga qasd qilgan. 

Dilorom Toshmuhammedovaning aytishicha, suitsid holatlarining oshib ketishiga qisman OAVning ham «aybi bor». Uning so‘zlariga ko‘ra, jonga qasd qilish haqidagi xabarlarning davomiy va destruktiv uzatilishi aholi o‘rtasida shu holatga yashirin targ‘ibotni kuchaytiryapti. 

Keyingi vaqtlarda O‘zbekistonda o‘smirlar orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari haqida ko‘p marta xabarlar tarqaldi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, dunyoda har 40 daqiqada bir odam o‘z joniga qasd qiladi. Har yili 100 ming kishidan o‘rtacha 11 kishi o‘z hayotiga chek qo‘yadi. O‘z joniga qasd qilish butun dunyo bo‘yicha 15-29 yoshlilar o‘rtasidagi o‘limning ikkinchi sababi hisoblanadi. Bunday holatlarning 78 foizi o‘rta va past daromadga ega davlatlarga to‘g‘ri keladi. 

O‘zbekistonda esa 1990-2016 yillar davomida o‘smirlar o‘limi ikki baravar (400 nafar) oshdi. 2018 yilning 4 oyida 153 nafar o‘smir o‘z joniga qasd qilgan.​​

Mavzuga oid