O‘zbekiston | 18:06 / 24.12.2018
123002
3 daqiqa o‘qiladi

Turobjon Jo‘rayev, Muidjon Tohiriy ishlari bo‘yicha mumkin bo‘lgan ma'lumotlarni oshkor qilyapmiz – Bosh prokuratura

Bugun, 24 dekabr kuni «Taraqqiyot strategiyasi» Markazida 2018 yilga mo‘ljallangan Davlat dasturining Bosh prokuratura mas'ul hisoblangan bandlarini ijro etilishi natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. 

Xususan tadbir davomida soha faoliyatidagi shaffoflik, aybsizlik prezumptsiyasiga amal qilish kabi masalalar bo‘yicha fikrlar bildirildi.

Tadbirda ishtirok etgan Kun.uz muxbirining “quyi pog‘onadagi xodimlar, maktab direktorlari, bog‘cha mudiralari, shifokorlar va hatto farroshlar pora bilan qo‘lga tushsalar, bunday holat darhol televideniyeda e'lon qilinadi, pora olish jarayonlari batafsil ko‘rsatiladi, aybdor o‘z aybini bo‘yniga olib, kechirim so‘rashga ham ulguradi. Ammo yuqori martabali rahbarlarga aloqador ishlarda Bosh prokuratura juda qisqa axborot bilan cheklanadi. Nega aybsizlik prezumptsiyasi va qonunlar ikki toifaga ikki xil qo‘llaniladi? Axir har ikki toifadagilar ham O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari-ku?”, degan savoliga Bosh prokuraturaning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Surayyo Rahmonova quyidagicha javob berdi:

– Aybsizlik prezumptsiyasi va qonunlar ikki xil qo‘llaniladi, degan fikringizga qo‘shilmayman. Televideniye orqali namoyish etilgan lavhalar bir necha tuzilmalarning hamkorlikda uyushtirgan operatsiyalari bo‘yicha tezkor tasvirlar bo‘ladi va unda ham o‘sha odamlar aybdor emas, gumonlanuvchi sifatida ko‘rsatiladi. Yuqori martabali shaxslar bo‘yicha ham mumkin bo‘lgan barcha ma'lumotlarni saytimizda navbati bilan oshkor qilib boryapmiz. Masalan, Turobjon Jo‘rayev ishi bo‘yicha o‘nlab ma'lumotlar berdik va hozirda bu ish sudga oshirilgan. Muidjon Tohiriy ishi bo‘yicha ham uning hibsga olinganini tasdiqlaymiz va ochiqlanishi mumkin bo‘lgan ma'lumotlarni navbati bilan oshkor qilib boramiz.

Bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev mavzu yuzasidan qo‘shimcha qilarkan shunday dedi:

– Albatta, OAVga qaynoq xabarlar kerak. Ammo to‘g‘ri tushunishimiz lozim, biz oshkor qilishimiz mumkin bo‘lgan va mumkin bo‘lmagan ma'lumotlar bor. Xususan, yuqori martabali shaxslarning ayrimlari bilan bog‘liq davlat sirlari ham bo‘lishi mumkin. Lekin biz mumkin bo‘lgan barcha jarayonlarni xalqimizga yoritib borishdan manfaatdormiz.

Mavzuga oid