O‘zbekiston | 20:29 / 26.12.2018
11042
4 daqiqa o‘qiladi

Noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa'ri uchastkalari bo‘yicha qaror loyihasi e'lon qilindi

Foto: Pinterest

“Noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” O‘zbekiston prezidentining qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qaror loyihasiga ko‘ra, 2019 yil 1 yanvardan boshlab vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan foydali qazilmalar zaxiralari davlat balansida hisobga olingan konlar va istiqbolli maydonlar joylashgan yer uchastkalarini berishda (realizatsiya qilishda) yer fondi toifasidan qat'i nazar O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslari qo‘mitasining ijobiy xulosasi olinishi belgilab qo‘yiladi.

Noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziya asosida yer qa'ridan foydalanuvchining murojaatiga ko‘ra mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tegishli yer uchastkalari o‘n kundan oshmagan muddatda ochiq savdolarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri litsenziyaning amal qilish muddati va yer qa'ri uchastkasining chegaralariga muvofiq ajratib beriladi.

Shuningdek, noruda foydali qazilmalari yer uchastkalarining chegaralarini joyida belgilash ishlari Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi hamda Davlat geologiya va mineral resurslari qo‘mitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasining hududlardagi bo‘linmalari tomonidan bir vaqtning o‘zida yer qa'ridan foydalanuvchi ishtirokida amalga oshiriladi.

Qaror loyihasida aytilishicha, 2019 yil 1 iyuldan Davlat byudjyeti mablag‘lari hisobidan aniqlangan noruda foydali qazilmalar konlari hamda 2020 yil 1 yanvardan barcha noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasidagi elektron auksion yakunlari asosida 20 kundan oshmagan muddatda beriladi.

Bunda, yer qa'rini geologik jihatdan o‘rganish ishlarini moliyalashtirgan yuridik va jismoniy shaxslarning o‘zlari qidirib topgan kondan foydali qazilmalarni qazib olishga litsenziya olishda ularning qonun hujjatlarida belgilangan huquqlari saqlanib qolinadi. 

Tabiiy pardozbop toshlarni (marmar, granit, travertin va ohaktosh) qazib olish va ularning texnogen mineral hosilalardan foydalanish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan barcha xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar 2022 yil 1 yanvarga qadar:

belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun chetdan olib kiriladigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan tabiiy pardozbop toshlarni qazib olish, ularga ishlov berish, shuningdek, tabiiy pardozbop toshlarning texnogen mineral hosilalarini qayta ishlashga mo‘ljallangan maxsus texnika va uskunalar bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlaridan tashqari) ozod qilinadi;

tabiiy pardozbop toshlarni qazib olish, ularga ishlov berish, shuningdek, tabiiy pardozbop toshlarning texnogen mineral hosilalarini qayta ishlash faoliyati bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ini hisoblashda mazkur soliq bo‘yicha belgilangan stavka ikki barobarga pasaytiriladi.

Mavzuga oid