Jamiyat | 14:02 / 26.12.2018
9853
2 daqiqa o‘qiladi

Urganch shahri markazida aholi oqava suvlar hididan aziyat chekmoqda

Xorazm viloyati markazi Urganch shahrida istiqomat qiluvchi fuqarolardan Kun.uz tahririyatiga yo‘llangan murojaatda uylar atrofidagi sanitar sharoit og‘irligi haqida bayon qilingan.

«Urganch shahri, Al-Xorazmiy ko‘chasidagi 23, 23/1 va 21 uylarning suvoqava tizimi ishlamasdan, ko‘pqavatli uylar oldi, bolalar maydonchasi iflos oqava suvlar bilan toshib bormoqda. Mutasaddi korxonalar, shahar hokimligiga necha marotaba murojaat qilganimizga qaramay, muammo 3 yildan ortiq vaqt davomida bartaraf qilinmayapti», - deyilgan murojaatda.

Ko‘rsatilgan manzilga borib, vaziyatni o‘rgandik.

Ko‘pqavatli uy oldidagi kanalizatsiya qudug‘i to‘lib ketgan va iflos oqava suvlar kichik ariq orqali bolalar maydonchasiga yo‘naltirilgan.

Natijada, uylar orasidagi bolalar sport maydonchasiga kanalizatsiyaning sassiq suvlari toshib ketgan.

Aholining so‘zlariga ko‘ra, bu holat 2-3 yildan beri davom etmoqda. Har safar Urganch shahar Oqava suv bo‘limiga murojaat qilinganda, nosozlik bartaraf qilinmasdan, faqat quduqning suvi olib ketilmoqda xolos. Natijada, quduq to‘lganidan so‘ng, oqava suvlar yana tashqariga sizib chiqmoqda.

Maydon atrofidagi uchta ko‘pqavatli uyda 100dan ortiq oilalar istiqomat qiladi. Ularning farzandlari mana shu sassiq oqava suvga to‘lgan maydonchada o‘ynashadi.

Hozir qish, suvlar muzlab yotibdi. Yoz oylarida esa vaziyatning qanday bo‘lishini tasavvur qilavering. Oqava suvlarning sassig‘idan, chivin va pashshalardan, sanitariya-epidemiologik vaziyatning yomonlashuvidan aholi qattiq aziyat chekmoqda.

Bu joyga yaqin hududlarda viloyat hokimligi, Jaloliddin Manguberdi va Avesto sayyohlik majmualari borligiga ishonish qiyin. 50 metr masofada bolalar bog‘chasi ham bor. Afsuski, Urganch shahrining qoq markazidagi ahvol shunday.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid