Jamiyat | 16:37 / 27.12.2018
118482
5 daqiqa o‘qiladi

Vodiyda zanjirli muammo. Vaziyat og‘irligicha qolmoqda

Jamiyatda har bir soha boshqasi bilan zanjirdek bog‘langan. Qaysidir halqada xatolik bo‘lsa, jamiyat zanjiri jabr chekadi.

Vodiyning uch viloyati - Andijon, Namangan va Farg‘onadagi tabiiy gaz tanqisligi ham xuddi shunday natija bermoqda. Metan «zapravka»larida yuzaga kelgan uzundan uzun navbatlar tufayli aholi turli qiyinchiliklarga duch kelyapti.

«Namangandan bizga tovar olib keladigan haydovchilar yoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi noqulayliklar sababli yo‘lkira haqini oshirib yuborishdi. Bu o‘z-o‘zidan do‘kondagi mahsulotlar narxi ko‘tarilishiga sabab bo‘lyapti. Xaridorlar esa norozi», deydi farg‘onalik savdogar.

«Ikki farzandimning biri institutda, yana biri kollejda o‘qiydi. Kira haqi oshdi. Yo‘nalishdagi jamoat transporti kamayib ketgan. Yo‘lovchilar haydovchilarning aytgan puliga rozi bo‘lib manzilga yetib olishyapti», deya noliydi asakalik ota.

Video: Mover

Video: Youtube

21 dekabr kuni  saytimizda «Qish kelganda shu bo‘lar takror». Vodiydagi metan «zapravka»larida 5 kilometrlik navbatlar paydo bo‘ldi» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.

Oradan qariyb bir hafta o‘tdi. Biz uch viloyat bo‘ylab kezib, metan «zapravka»laridagi holatni kuzatdik.

Farg‘ona viloyati, Quvasoy shaharchasidagi metan gaz qo‘yish shoxobchasidamiz. Qir etagiga joylashgan maskanda yuzlab mashinalar navbat kutib turibdi.

«Kecha saharda, soat to‘rt yarimda kelgandik, besh soat navbatda turganimizdan so‘ng «zapravka»ning kompressori ishlamay qoldi. Qaytib ketdik. Tushdan keyin kelib yana to‘rt soat navbatda turib, gaz quydirdik. Bugun ham navbatda turibmiz. Har kuni to‘rt-besh soat navbatda turamiz», deydi kirakashlik qiluvchi Asilbek Xotamqulov.

Farg‘ona shahri markazidagi shoxobchada avtomashinalar keti ko‘rinmas navbatlarni tasvirga tushirdik. 5 kilometrlik turnaqator navbatlar odatiy holga aylanibdi.

Mashinasida yoqilg‘isi tugagan haydovchilar bir-birining ulovini itarib joyidan siljitishmoqda. 

Metan «zapravka»laridagi tanqislik shahardagi benzin yoqilg‘isi sotadigan AYoQShlarga ham «yuqibdi». Benzinga ham navbat ko‘paygan.

Farg‘ona viloyatidagi barcha shoxobchalarda xuddi shu holat.

Yozyovon cho‘llaridan o‘tib, Ulug‘nor tumani orqali Namangan viloyatiga keldik. Mingbuloq tumanidagi metan gaz quyish maskanidagi ahvol juda-juda yomon edi. Uzundan-uzun navbatning oxirini topa olmadik.

Qizig‘i, avtomashina va odamlarning ko‘pligi pirojka, kofe, pista singari mayda savdogarchilikka yaxshi muhit yaratibdi. «Kuniga 200ta pirojka sotyapman, kofega ham xaridor ko‘p», deydi kameradan o‘zini olib qochgan yigit.

Avtomashina egalari barcha «zapravka»lar soat 20:00larda berkitilayotganidan nolishdi. Yana, uzun navbatga turmay, shoxobchaning oldi tomonidan nazoratchilar besh-o‘n ming berib navbatsiz kirayotgan «uchar»larga hech kim chora ko‘rmayotganini aytishdi.

Qishning kuni bir tutam. Andijon viloyati, Oltinko‘l tumanidagi metan gaz shoxobchasiga qosh qorayganda yetib keldik. Bu yerda ham manzara o‘sha-o‘sha...

Ikki qatorlik avtomobillar karvoni va qish kuni sovuqda «sarg‘ayib» turgan haydovchilar. Bechoralarning dardi ichida ekan. Teng gapirishni boshlashdi: «Jurnalist aka, kunimiz navbatda turish bilan o‘tyapti. Qachongacha bu holat davom etadi? Besh soat navbat kutib kirganimiz bilan 200 atmosfera bosimi o‘rniga teng yarmi 100 atmosfera bosimi quyishmoqda».

Qishning ayozli kunida sovuqda qaqshab, o‘z puliga metan gaz quyish shoxobchasidan yoqilg‘i quya olmayotgan yurtdoshlarimizning arzlarini eshitgach, «Nahotki uch viloyat hokimlari, mutasaddilarining mana shu holatdan xabarlari bo‘lmasa?», deya o‘ylanib qoldik.

Axir, metan gaz muammosi yechilmaydigan masala emasku? Viloyat kattalari o‘sha «O‘ztransgaz»ga aloqaga chiqib magistraldagi gaz bosimi pastligi muammosini hal qilishga urindilarmi yo‘qmi, bundan bexabarmiz.

Maqolamiz so‘ngida gaz sohasi vakillaridan mazkur holatlar qachon bartaraf etilishi bo‘yicha izoh so‘rab qolamiz.

Elmurod Ermatov,
Kun.uz muxbiri
Farg‘ona-Namangan-Andijon

Tasvirchi: Ahrorbek Yoqubjonov

Mavzuga oid