O‘zbekiston | 16:10 / 28.12.2018
47985
3 daqiqa o‘qiladi

«Bu mahsulotimiz sotilmay qolganidan emas». Umidjon Salimov «O‘zavtosanoat»ning «tarixiy chegirmasi» haqida ma'lumot berdi

Bugun, 28 dekabr kuni «Taraqqiyot strategiyasi» markazida «O‘zavtosanoat» AJ 2018 yil islohotlari mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda «O‘zavtosanoat» AJ rahbarlari, yetakchi mutaxassislari ishtirok etishdi va jamiyat faoliyatiga oid ma'lumotlar berishdi.

«O‘zavtosanoat» 2018 yilda 220 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqardi

Ma'lum qilinishicha, hozirga kelib «O‘zavtosanoat» AJ tarkibida 50 nafardan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda, kompaniya tizimida 27 ming kishi ishlayapti.

«O‘zavtosanoat» korxonalari tomonidan 2018 yil davomida 220 ming dona yengil avtomobil, 845 dona avtobus, 4240 dona yuk avtomobillari ishlab chiqarilgan. Yillik mahsulotning umumiy hajmi 26,4 trln so‘mni tashkil qiladi.

GM «O‘zavtosanoat»dagi ulushini sotdi, endi yangi modellar qayerdan olinadi?

«O‘zavtosanoat» boshqaruv raisi o‘rinbosari Umidjon Salimov «O‘zavtosanoat»dagi ulushini sotgan GM Uzbekistan endi yangi modellar qayerdan olinishi haqidagi savolga javob qaytardi.

«GM bizga faqat jamiyatdagi o‘z ulushini sotdi xolos, lekin texnik hamkorligimiz avvalgiday davom etaveradi, amalda hech narsa o‘zgarmaydi. «Ochiq osmon» ostidagi savdolarga kelsak, biz bozorlarda ham o‘z mahsulotimizni taqdim qilishni istagan edik, bu savdolar kutilganidan ham yaxshi natija berdi va bunday aksiyalar davom ettiriladi», deya Salimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Qoyil, «O‘zavtosanoat» ham chegirma berarkan!

Umidjon Salimov bergan ma'lumotlarga qaraganda, «O‘zavtosanoat» o‘z tarixida birinchi marta chegirma aksiyasini e'lon qilgan.

«Bu mahsulotimiz sotilmay qolganidan emas, avtomobillarimiz har doimgiday yaxshi sotilmoqda. Bunday aksiya, ya'ni chegirma jamiyatimiz tarixida birinchi marta kuzatilayotgani sababi biz ham jahon tajribasidan kelib chiqib, xaridorlarimizga yoqimli sovg‘alar taqdim etmoqchimiz. Yangi yil arafasidagi aksiya doirasida avtomobillarga 100 foiz to‘lov qilgan mijozlar 1,5 foizli chegirmaga ega bo‘lishadi», degan Salimov.

Mavzuga oid