O‘zbekiston | 17:07 / 30.12.2018
45659
6 daqiqa o‘qiladi

Bolani qay biriga bergan yaxshi: davlatnikigami yo xususiy bog‘chaga? Vazir javob berdi

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin Kun.uz’ga bergan intervyusida bir yil ichida 10 mingdan ziyod pedagog maktabgacha ta'lim tizimiga singib ketganini ta'kidlab o‘tdi.

— Kadrlar mavzusiga to‘xtalar ekanmiz, bugun ma'lum bir ishlar amalga oshirilmoqda, Koreyaning Puchon universiteti ish boshladi va bu yil dastlabki talabalarni qabul qildi. Bu yo‘nalishdagi ishlarni qanday baholaysiz. Va, umuman, yangi kadrlarni qanday jalb qilmoqchisiz? Chunki bu sohada maoshlar baribir oz.

— Maktabgacha ta'lim sohasi xodimining nufuzi past bo‘lishiga uning maoshi kam bo‘lgani ham muhim omil bo‘lgan. Dastlabki kunlardanoq biz o‘z oldimizga qo‘ygan birinchi masala maktabgacha ta'lim muassasasi xodimining imijini yuksaltirish bo‘ldi. 2018 yilda tegishli xodimlarning oylik ish haqi ikki marta 40 foizdan 70 foizgacha oshirildi. Kadrlar hamma narsani hal qiladi. Shu sababli, sifatli ta'lim tizimiga erishishimiz uchun pedagog kadrlarga oid masalani hal etmog‘imiz taqozo etilardi.

Birinchidan, biz maktabgacha ta'lim tizimiga pedagog, lekin maktabgacha ta'lim tizimida ishlab ko‘rmagan mutaxassislarni jalb eta boshladik. Shuning uchun, Oliy ta'lim vazirligi va vazirligimiz umumiy to‘xtamga kelib, 4 oylik qisqa muddatli qayta tayyorlov o‘quv kurslari tashkil etildi. Ayni paytga kelib, 10 mingdan ziyod pedagog maktabgacha ta'lim tizimiga singib ketdi.

— Bugungi kunda talab qay darajada? U to‘liq qondirildimi?

— Yo‘q, albatta. Hozir yangidan yangi maktabgacha ta'lim muassasalari ochilayotgani sababli qamrab olish darajasi tobora oshib bormoqda. Bu o‘rinda xususiy sektorning ulushi katta bo‘lmoqda. Masalan, 2017 yilda respublika bo‘yicha «xususiy bog‘cha»lar 250ta bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib bunday bog‘chalarning soni 639taga yetdi, davlat-xususiy sheriklik mexanizmining joriy etilishi sharofati bilan yana 389ta bog‘cha faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ayni paytda biz tadbirkorlar uchun o‘ta jozibali bo‘lgan yangi modellarni ishlab chiqmoqdamiz. Ulardan biri — oilaviy bog‘chalarni tashkil qilishdir…

— Bu ko‘proq viloyatlarda bo‘lsa kerak?

— Albatta, bu asosan viloyatlarda tashkil etiladi. Lekin ayrim o‘zgarishlar bilan bunday bog‘chalarni shaharda ham tashkil etish mumkin. Bu yerda bolalarni qamrab olish masalasi ham, ayollarimizning ish bilan band bo‘lish masalasi ham mujassam. Ya'ni bir urinishda, bir necha muammoli masalalarni qamrab olish niyatidamiz.

— Bu qanday ishlaydi? Har qanday ayol o‘z uyida bolalar bog‘chasi ochishi mumkin bo‘ladimi?

— Gender siyosat, shuningdek, hududlarimizdagi mentalitetdan kelib chiqib, ayollar asosan uyda o‘tirishi, ro‘zg‘or ishlari va bola tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lishi kerak, degan fikrlar bor. Biroq, ana shunday oilalarda ham oliy ma'lumot olgan ayollar bor. Shu vaqtning o‘zida nega u boshqalarning bolasini ham tarbiyalamasligi kerak? Boz ustiga, mehnat staji ketadi, ta'minot davlat hisobidan bo‘ladi, maosh davlat hisobidan bo‘ladi.

— Bugun xususiy biznesni sohaga jalb qilish haqida ham ko‘p gapirilmoqda. Bu borada ishlar qanday ketmoqda?

— Albatta, maktabgacha ta'lim sohasiga tadbirkorlarni imkon qadar ko‘proq jalb qilib, uni kengaytirish ham asosiy vazifalarimizdan biridir. Bu yo‘l bilan davlat byudjyetidan ma'lum bir yukni olib tashlagan ham bo‘lardik. Lekin biz davlat ta'lim muassasalarini ham diqqat e'tiborimizdan qochirmasligimiz kerak. Chunki xususiy sektorda ota-onalar tomonidan to‘lanadigan pul reglamentlanmagani sababli, hammaning ham qurbi yetmaydi. Aholining aynan kam ta'minlangan qismini himoya qilish uchun davlat bolalar bog‘chalari faoliyatini ta'minlaymiz. Chunki davlat bog‘chalari xususiy bog‘chalardan ko‘p ham farq qilmaydi.

— Bolalarni qay biriga bergan yaxshiroq: davlatnikigami yo xususiy bog‘chagami?

— Bu birinchi navbatda ota-onaning istagiga bog‘liq. Men xususiy bog‘chalar davlatnikidan zo‘rroq deb ayta olmayman, albatta. Chunki ularning barchasi «Ilk qadam» ta'lim dasturi bo‘yicha ishlashadi. Albatta, sharoitlar xususiy bog‘chalarda zo‘rroq bo‘lishi mumkin. Lekin ular qimmatroq. Ammo biz davlat bog‘chalariyam ma'lum bir raqobat yuritishi uchun harakat qilamiz. Yana bir narsa: xususiy bog‘chalar ko‘payavergani sari, ularning o‘rtasida ham raqobat paydo bo‘ladi va to‘lov ham o‘z-o‘zidan pasaya boradi. Bu — bozor.

To‘liq intervyu (rus tilida):

Video: Tas-IX

Video: Yotube.com

Ruslan Ramazanov suhbatlashdi.

Mavzuga oid