O‘zbekiston | 20:22 / 31.12.2018
14727
5 daqiqa o‘qiladi

Yil bahsi: «Majburiy obuna»ni himoya qilgan matbuot va tanqid qilgan internet 

2018 yilda majburiy obuna masalasi internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biri bo‘ldi.

To‘g‘risi, bu mavzuda o‘zbek jurnalistlari go‘yoki ikkiga bo‘lindi. Bosma matbuot vakillari gazetalarga obuna doimgidek, ma'muriy richaglarni qo‘llab, majburlab o‘tkazilishi kerakligini aytishsa, internet saytlari jurnalistlari majburiy obunaga chek qo‘yish lozimligini ta'kidlashdi. Televideniye, radio vakillari bu bahsga aralashmasdan uni jim kuzatishdi, xolos.

Ochig‘ini aytish kerak, bu bahs jurnalistlar o‘rtasida turli tushunmovchilig-u ayrim keskinliklarni keltirib chiqargani ham bor gap. O‘rtadagi ahillikka biroz putur yetgandek ham bo‘ldi. Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda ochiqcha tortishuvlarga shaxsiy qarashlar ham aralashganiga guvoh bo‘ldik. Majburiy obunani tanqid qilgan internet saytlari jurnalistlari obuna mavsumida gazetalar tahririyatlarining ko‘ziga «katta dushman» bo‘lib ko‘rindi.

Matbuotda ham, internet saytlarida ham faoliyat yuritayotgan jurnalistlarga biroz qiyin bo‘ldi. Fikr bildirish qaysi bir tomon uchun «qurbon» bo‘lish bilan barobar edi. Ha, aslida ham shunday bo‘ldi. Internet saytlarida maqolalari e'lon qilinib turgan matbuot sohasi vakillarining ayrimlari bu bahs ortidan jabr ham ko‘rdi. 

Bahs shu darajaga borib yetdiki, ba'zi xalqaro saytlarda majburiy obuna masalasi yozilsa, ma'lumot e'lon qilinsa, aybni aynan internet saytlariga maqola yozib turadigan matbuot sohasi vakillariga «ichimizdagi dushman» qabilida ochiqchasiga ag‘darib ham qo‘ya qolishdi. 

Ikki tomon ham obuna mavsumida o‘z fikrlarini yetarlicha asosladi. Bugungi kunga kelib esa «g‘alvir suvdan ko‘tarildi». Mavsum davomida majburiy obunaga to‘liq chek qo‘yildi, deb aytib bo‘lmaydi. Ayrim mansabdor shaxslarga shu masala ortidan choralar ham ko‘rildi. Ba'zi tahririyatlar esa turli mukofotlar evaziga gazeta obunasini tashkil qilishdi.

Xo‘sh, yakunda ahvol nima bo‘ldi? Tan olib aytish kerak, markaziy va viloyat hokimliklari nashrlari «amallab» o‘zlarini qoniqtiradigan adadga ega bo‘lishdi. Ammo ko‘pgina tarmoq va tuman gazetalarida ahvol achinarli. Ayrimlarining obunadan tushgan mablag‘i yillik xarajatlariga ham yetmaydi. Ayrimlariniki esa butunlay og‘ir ahvolda. 

Balki shunday bo‘lgani ham to‘g‘ridir. Endi faqat obuna uchun emas, gazeta saviyasini ko‘tarishga harakatlar boshlanadi. Saviyali gazeta uchun esa majburiy obuna shart emas. 

Bu davrni gazeta nashrlari uchun o‘ziga xos «o‘tish» davri deb atagan ma'qul. Saragi sarakka, puchagi puchakka chiqadi.

Ayni davrda eng to‘g‘ri yo‘l nashrlarni ham gazeta, ham onlayn holatiga o‘tishidir. Barcha nashrlar o‘z saytlariga ega bo‘lishi eng maqbul yo‘l. Shu yo‘ldan borayotgan nashrlar ham talaygina. To‘g‘ri, respublikaning barcha hududida internet orqali yangiliklardan xabardor bo‘lish imkoniyati yo‘qdir, ammo bunday joylarga gazeta yetib boradi. Ya'ni nashrlar o‘quvchi qanday xohlasa, xabarlarni shunday ko‘rinishda taqdim eta olishi kerak. Onlayn o‘quvchilarga mana sayt, gazeta o‘quvchilarga esa marhamat, deya gazeta tutqaza olishi kerak. 

Tumanlarda gazeta obunasi og‘ir ahvolda qolayotgan bo‘lsa, ularni mahalliy byudjyet hisobidan ta'minlash eng to‘g‘ri yechim. Sababi, hech qaysi tuman hokimligi o‘z nashri yopilib ketishi, tuman o‘z gazetasisiz qolishini istamasa kerak. Sifat bo‘lmasa ham, har holda sanoqda bo‘lib turadi.

Gazetalarni o‘z vaqtida yetkazib berish masalasi esa alohida mavzu. Bu jarayonda ham yaqin vaqtda «inqilob» bo‘lishi shubhasiz, xuddi majburiy obuna masalasidek.

Bu mavzuda yana ko‘p fikrlar aytishdan yiroqman. Obuna mavsumi davrida menimcha, ikki tomondan ham barcha fikrlar aytildi.

Matbuot uchun shunday «o‘tish davri» qachondir baribir bo‘lishi kerak edi. Buyog‘iga matbuot rivojlanishning yangi bosqichiga qadam qo‘ygan bo‘lsa, ajabmas. 

Muhimi, bundan faqat o‘zbek jurnalistikasi yutadi. 

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li.

Mavzuga oid