Jamiyat | 21:07 / 05.01.2019
29310
3 daqiqa o‘qiladi

Oltinsoyning «oltin yo‘llari»ga kimlar javobgar edi?

Xizmat safari yuzasidan Surxondaryo viloyatiga tez-tez yo‘limiz tushib turadi. Viloyatning baland-baland tog‘lari, xushmanzara adirliklari jozibasi kishini o‘ziga maftun etmay qolmaydi.

Ammo avtomobil ketma-ket yo‘ldagi chuqurliklarga tushib, go‘zal taassurotlaringizni bir zumda to‘zg‘itib yuboradi.

Siz suratlarda ko‘rib turgan ushbu uzun, o‘ta ta'mirtalab yo‘llar Oltinsoy tumani, Bo‘laktepa ko‘chasidan boshlanadi. Qolaversa, tumanga qarashli boshqa ko‘chalardagi yo‘laklar ta'mir darajasi ham ko‘ngildagidek emas.

Surishtiruvlarga ko‘ra yo‘llardagi ushbu chuqurliklar anchadan buyon avtomobillar o‘tib-qaytishiga noqulaylik tug‘dirib keladi. Ya'ni muammo eski. Biroq, uni hal etishga kelganda mas'ullar tomonidan panja orasidan qarab kelinmoqda. 

Holatlarni suratlarga muhrlayotganimizda, yo‘ldan o‘tayotgan haydovchilar ham bir muddat to‘xtab, holat yuzasidan o‘z e'tirozlarini bayon etishdi. Aksariyat tinglangan shikoyatlar mazmuni esa yirik hajmdagi chuqurliklarga tushaverib, bir necha bor avtomobillarning nosoz holatga kelib qolganligi haqida bo‘ldi.

Masalani ayni qish mavsumida hal etish, ta'mir ishlarini olib borish sifat darajasidagi talabga javob beradimi yo‘qmi? Buni mutasaddilar bilan birgalikda mutaxassislar hukmiga havola etamiz.

Biroq, bizni qiziqtirayotgani, yanagi yilda ko‘zda tutilgan ta'mirlar rejasiga Oltinsoy yo‘llari ham to‘liq kiritiladimi?

Ushbu savolimizga 2019 yil davomida javob kutib qolamiz.

Tahririyatdan: Oltinsoy tumanida joylashgan bu abgor yo‘l haqida Kun.uz avval ham fotoreportaj tayyorlagan edi. Shundan so‘ng surxondaryolik mas'ullar mazkur yo‘l bo‘ylab joylashgan ko‘priklardan birini ta'mirlab qo‘yish bilangina cheklanishgan edi. Ko‘rib turibmizki, Kun.uz’dagi dastlabki chiqishdan so‘ng ham Oltinsoy tumanidagi yo‘llar qariyb 1,5 yildan buyon o‘zgarishsiz ahvolda qolmoqda.

Mohichehra Eshmirzayeva

Mavzuga oid