O‘zbekiston | 15:10 / 06.01.2019
18654
13 daqiqa o‘qiladi

6 yil uchun rejalar. Aziz Abduhakimov prezidentning turizm bo‘yicha farmon va qaroriga sharh berdi

Foto: Kamil Yenikeyev

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 yanvar kuni Turizmni tezkor rivojlantirishga doir chora-tadbirlar rejasi to‘g‘risidagi farmonini hamda tegishli qarorni imzoladi. Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov yaqin yillarda turizmni rivojlantirishga yo‘naltirilgan ikki muhim hujjat bo‘yicha Kun.uz'ga izoh berdi.

«Ushbu hujjatlarning yangi yil boshida qabul qilinishi ham o‘ziga xos ahamiyatga ega. O‘tgan yil boshida ham davlat rahbari turizmni rivojlantirishga doir juda muhim hujjatni imzolagandi. Bu yilning 5 yanvar kuni prezidentimiz tomonidan yana ikki hujjat - turizmni tezkor rivojlantirishga yo‘naltirilgan farmon va qaror imzolandi. Farmonda turizmni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratishga e'tibor qaratilgan.

Prezidentning «Turizmni tezkor rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar rejasi to‘g‘risida»gi farmoni bilan 2019-2025 yillar uchun Turizmni rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanadi, ya'ni Konsepsiya yaqin 6 yil ichida qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni o‘z ichiga oladi.

2019-2020 yillarda biz qonunchilikka oid o‘zgarishlarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Mazkur konsepsiya so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ishlar, tajribamiz hamda turkiyalik tajribali ekspert Sodiq Badakning maslahatlari asosida ishlab chiqildi. Ta'kidlash joizki, Badak bu ishga juda chuqur yondashib, qilingan ishlar hamda mavjud muammolardan kelib chiqib, samarali tavsiyalar berdi. Turkiyaning turizmni rivojlantirishga doir tajribasi chuqur o‘rganildi va yangi hujjatlar amalda o‘z isbotini topgan qarorlar, ya'ni o‘z vaqtida Turkiyada samara bergan va sohada katta o‘zgarishlarga yo‘l ochgan qarorlar asosida ishlab chiqildi», - deydi Bosh vazir o‘rinbosari.

Aziz Abduhakimovning so‘zlariga ko‘ra, hujjatda maqsadli parametrlar qayd etilgan, 2025 yilga borib turizmning O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotidagi ulushini - 2,3 foizdan (2017 y.) 5 foizga, xorijlik sayyohlar sonini esa 9-10 million nafarga, jumladan uzoq xorijiy mamlakatlardan keluvchi turistlar sonini 2 milliongacha oshirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, turizm eksporti hajmini 950 million dollardan 2,2 milliard dollargacha oshirish kutilmoqda. Joylashuv vositalari sonini 850tadan 3000tagacha chiqarish rejalashtirilgan. Turoperatorlar soni ham 860tadan deyarli ikki baravarga oshishi ko‘zda tutilgan.

«Hujjatdan shuningdek qulay logistikani o‘z ichiga olgan zamonaviy transport infratuzilmasini yo‘lga qo‘yishga doir ishlar o‘rin olgan. Bu havo, temir yo‘l, avtomobil va suv transporti. Markaziy Osiyoda chegaralarni kesib o‘tishda qulay sharoitlar yaratishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishda qo‘shni Qozog‘iston bilan viza rejimlarini unifikatsiya qilish ustidagi ishlarni davom ettiryapmiz. Bu taklif qilinayotgan turistik mahsulotlar ko‘lamini kengaytirish va ularni diversifikatsiyalashni nazarda tutadi. Birinchi navbatda bu yo‘nalishda ziyorat turizmi, ekoturizm, agroturizm, etnoturizm, sport turizmi, MICE-turizmga e'tibor qaratiladi.

Xorijiy turistlarning O‘zbekistonda bo‘lish o‘rtacha vaqtini kamida 8 sutkaga yetkazishni maqsad qilganmiz, ya'ni har bir shaharda - kamida 3 sutkadan, hozir ular har bir shaharda ko‘pi bilan 1,5-2 sutka qolishadi.

Shuningdek, «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil» nomli ichki turizmni rivojlantirishga yo‘naltirilgan dastur doirasida mahalliy sayyohlar sonini ham deyarli ikki baravarga - 14 milliondan 25 milliongacha oshirish ko‘zda tutilmoqda», - deydi u.

Bosh vazir o‘rinbosarining ta'kidlashicha, O‘zbekiston turistik brendini rivojlantirish yagona strategiyasini yaratish va kengaytirish uchun yetakchi kompaniyalar jalb qilinadi, ayni damda Saatchi kompaniyasi bilan ish olib borilmoqda. Shu bilan birga, ko‘rgazmalar, tanlovlar o‘tkazish hamda O‘zbekistonni festivallar mamlakatiga aylantirish, shu tariqa ivent-turizmni rivojlantirish rejalashtirilgan.

Yana bir muhim yo‘nalish - mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirishdir. Gidlar, mehmonxona xodimlari, turistik xizmatlar ko‘rsatishning yanada mukammal standartlarini o‘rnatish shular jumlasidandir. Shu bilan birga, Samarqandda ochilgan «Ipak yo‘li» Xalqaro Turizm universiteti faoliyati ham shu maqsadlar uchun xizmat qiladi. Bunga qo‘shimcha ravishda xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikdagi qo‘shma fakultetlar, xorijiy OTMlar filiallari ham soha mutaxassislarini tayyorlashda yordam beradi. Hozir bu borada ayniqsa Rossiya, Koreya, Turkiya Turizm akademiyasi, Yevropa oliygohlari bilan faol ish olib boryapmiz. UNWTO'ning TedQual (Tourism Education Quality) xalqaro turistik ta'lim sertifikatsiya tizimi tatbiq etiladi.

«2019 yilda e'tibor qaratishimiz kerak bo‘lgan jihat - xavfsiz turizm. O‘zbekiston bu borada yuqori ko‘rsatkichlarga ega, ya'ni sayyohlar istagan joyida, kunning istagan qismida sayr qiladi. Xavfsiz turizm deganda faqatgina jismoniy xavfsizlik tushunilmaydi, xizmatlar ko‘rsatish davomidagi xavfsizlik tushunchasi ham bor, masalan, sayyohlar tibbiy tomondan ham o‘zlarini himoyalangan his qilishi, ularga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilishi kerak, buning uchun qo‘shimcha ravishda O‘zbekistonda xavfsiz turizmni ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi. Shu bilan birga, stat-hisobot bo‘yicha UNWTO bilan ish olib boramiz. Mazkur chora-tadbirlar rejasi shuningdek davlat standartlari, xizmatlar ko‘rsatish qoidalarini takomillashtirilishini ko‘zda tutadi. Barcha turistik resurslar va obektlarning ahvolini aniqlash va har biri bo‘yicha individual «yo‘l xaritalari»ni ishlab chiqish maqsadida ularni inventarizatsiya qilish mo‘ljallangan», - deydi Abduhakimov.

Hojatxonalar avvalgidek diqqat markazida bo‘ladi: «Asosiysi, nihoyat, mahalliy hukumat organlarining bu muammoga e'tibor qaratishining uddasidan chiqdik. Hozir yo‘l bo‘yidagi hojatxonalarning ahvoli yaxshilanganini ko‘rish mumkin, bu bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Maxsus guruhimiz muntazam ravishda viloyatlar bo‘ylab harakatlanib, hojatxonalar, yoqilg‘i quyish shoxobchalari, kafelar, turli infratuzilmalarni ko‘zdan kechirishadi. Bu yo‘nalishda o‘ziga xos biznesni ko‘rayotgan tadbirkorlar paydo bo‘ldi. O‘ylashimcha, tez orada boshqa davlatdagi singari barcha hojatxonalarni boshqaruv ostiga oladigan va standartlarga muvofiq xizmat ko‘rsatadigan tarmoq operatorlari paydo bo‘ladi».

Infokiosklar yaratish jarayoni boshida qiyin kechgan bo‘lsa-da, bugunga kelib yaxshi yo‘lga qo‘yildi. Sayyohlar orasida shuningdek imkoniyati cheklangan kishilar borligini ham inobatga olish kerak, albatta.

O‘zbekistonning turistik magistralini yaratish bo‘yicha juda katta loyiha amalga oshirilmoqda. Bunga doir ma'lumotlar keyinroq batafsil taqdim etiladi.

Avtobus qatnovlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha katta ishlar qilinmoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida transport kommunikatsiyasini rivojlantirishga oid juda qiziq loyiha ishlab chiqilmoqda, O‘zbekiston transport xabiga aylantirilishi ko‘zda tutilmoqda. Tojikiston va Qozog‘istondagi hamkorlar bundan juda manfaatdor.

Sport turizmini rivojlantirish bo‘yicha alohida hujjat tayyorlangan, bu borada katta salohiyatga egamiz. Sport klublari O‘zbekistonga kelib, turli musobaqalar o‘tkazishi va shu tariqa yanada ko‘p kishilarning O‘zbekistonga kelishi maqsad qilingan.

Ekoturizm bo‘yicha asosan Aydarko‘l va To‘dako‘l hamda Uchqizilga e'tibor qaratiladi, ya'ni ularning atrofida ham turistik klasterlar bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Gastronomik turizm bo‘yicha katta festival o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Masalan, rossiyaliklar o‘zbek milliy taomlarini juda yaxshi ko‘rishadi va gastronomik turizm bo‘yicha ularni O‘zbekistonga jalb qilish rejalashtirilgan.

«Ustyurtda sport avtorallisini o‘tkazamiz. Agroturizm, etnoturizm, ya'ni turistik mahallalarni tashkil qilish, shuningdek kichik qishloq xo‘jalik turizmi klasterini yaratish ko‘zda tutilmoqda, bu borada xitoyliklarning O‘zbekistonga qiziqishi katta, bu esa juda katta bozor», - deydi Abduhakimov.

Yana bir muhim yangiliklardan biri, teatrlar, galereyalar va boshqa yerlarda bukletlar, qo‘llanmalar, flayerlar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi. Yaqin orada qayerda nima bo‘layotgani, qanday tadbirlar o‘tayotganiga doir afishalar paydo bo‘ladi. Shahar bo‘ylab harakatlanish oson bo‘lishi uchun ko‘rsatkichlar o‘rnatilmoqda.

«Birinchi marta jiddiy almanax tayyorlanishi haqida o‘ylayapmiz, uning har bir soni ma'lum bir hududga, u yerning madaniyati va o‘ziga xosligiga bag‘ishlanadi», - deydi u.

Shuningdek, ayni damda Uzbekistan - my second home («O‘zbekiston - ikkinchi uyim») deb nomlangan dastur ustida ish olib boryapmiz. Masalan, badavlat malayziyaliklar pensiyaga chiqadi, ularning o‘ziga yarasha daromadi bor, ular iqlimi qulay, yaxshi oshxonaga ega mamlakatda yashagisi keladi. Shunday toifadagi kishilar O‘zbekistonga kelib, uy xarid qilib, shu yerda yashashi va pul sarflashi uchun imkon yaratiladi va bu O‘zbekiston iqtisodiyoti foydasi uchun xizmat qiladi.

«2019 yilning 1 fevralidan qo‘shimcha 45 davlatga vizasiz rejim joriy qilinadi. Viza rejimi soddalashtirilishi O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish sari qo‘yilgan muhim qadamlardan biridir. 15 martdan elektron viza taqdim etiladigan mamlakatlar soni oshiriladi. Umumiy ro‘yxatdan 76ta davlat o‘rin olgan. Prezidentimiz O‘zbekistonni dunyo uchun ochmoqda», - deya ta'kidlaydi Bosh vazir o‘rinbosari.

Abduhakimovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonni o‘ziga xos ta'lim xabiga aylantirish rejalashtirilgan. Buning uchun Studentvisa vizasi joriy etiladi va xorij oliy ta'lim muassasalarini jalb etish ishlari allaqachon boshlab yuborilgan. Davlat dasturi loyihasiga ko‘ra, Toshkent shahrida Hindistonning Amiti universiteti tashkil qilinadi. Hindistonning yiliga 25 ming nafar talaba qabul qiluvchi yana bir yirik oliygohi O‘zbekistonga 100 million dollar kiritish niyatida. Koreya, Rossiya oliy ta'lim muassasalari bilan muzokaralar olib borilmoqda, Germaniya bilan qo‘shma fakultet ochishga harakat qilinmoqda. Studentvisa vizasi bilan talabalar O‘zbekistonda hech bir muammosiz ta'lim olishlari mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, O‘zbekistonda mehmonxonalar qurilishi jadallik bilan olib boriladi. Abduhakimovning ta'kidlashicha, 2022 yilning 1 yanvariga qadar 50 mingta qo‘shimcha mehmonxona o‘rni yaratiladi. Bunda 50ta o‘rindan kam bo‘lmagan uch yulduzli mehmonxona qurgan investorlarga mehmonxonadagi har bir nomerga sarflangan xarajati uchun 40 mln so‘m va 100 o‘rindan kam bo‘lmagan to‘rt yulduzli mehmonxona qurgan investorlarga mehmonxonadagi har bir nomerga sarflangan xarajati uchun 65 mln so‘m subsidiya beriladi.

«Bunday imtiyoz MDHning hech qaysi davlatida mavjud emas», deydi u.

Bundan tashqari, uch yulduzli dastlabki 50 mehmonxonaga har bir nomer uchun yiliga 200 dollar va to‘rt yulduzli 30 mehmonxonaga har bir nomer uchun yiliga 400 dollar miqdorida kompensatsiya to‘lanadi. Masalan, 100ta nomerga ega mehmonxona uchun bu yiliga 40 ming dollar degani. Bunday imtiyoz ham hali hech qayerda taklif qilinmagan.

Ilgari mehmonxonalarda joylashgan har bir savdo nuqtasi uchun alohida ruxsatnoma olish talabi bor edi. Bu talab ham bekor qilinadi. Mehmonxona ochdingizmi, savdo shoxobchasi uchun litsenziya talab qilinmaydi. Hattoki alkogol mahsulotlari sotish uchun ham. Mehmonxona litsenziya olmasdan transport xizmati ko‘rsatishi ham mumkin bo‘ladi. Agarda shaharlararo yo‘lovchi tashish uchun litsenziyasi bo‘lsa, qatnovni amalga oshirishi mumkin. Ilgari buning uchun har safar qo‘shimcha ruxsatnoma olish kerak bo‘lardi.

Lola Raxmanbayeva

Mavzuga oid