Sport | 18:34 / 07.01.2019
33375
2 daqiqa o‘qiladi

Taymazov nega Sidney olimpiadasidan so‘ng O‘zbekiston termasi tarkibida qolganini tushuntirdi

Foto: Ruspekh

Erkin kurash bo‘yicha ikki karra olimpiya chempioni, jahon chempionatlari va Osiyo o‘yinlari g‘olibi Artur Taymazov O‘zbekiston uchun kumush medal taqdim etgan Sidneydagi Olimpiadadan so‘ng Rossiya terma jamoasi safida faoliyatini davom ettirishni rejalashtirgan.

«Menga Sidneyda 2000 yilgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston uchun ishtirok etish taklifi kelib tushdi. Men qatnashib, kumush medal qo‘lga kiritdim va yana Rossiya uchun kurasha boshladim. 2001 yilda og‘ir vazn toifasida mamlakat chempionatida g‘alaba qozondim va Yevropa chempionatiga tayyorgarlik ko‘ra boshladim. Biroq, Rossiya uchun ishtirok etishni boshlashim uchun ikki yil o‘tkazib yuborishim lozimligini aytishdi. Ammo, bilasizmi, 21 yoshda bo‘lganingda ikki yilga safdan chiqish juda qiyin. Shuning uchun bunday holat yuz berdi, men O‘zbekiston nomidan qatnashishda davom etdim», - dedi Taymazov R-sport’ga bergan intervyusida.

Uning qayd etishicha, O‘zbekiston milliy terma jamoasida o‘zini «juda yaxshi his» etgan va «har doim 1000 foizga harakat qilgan».

«Men taqdim etilgan qo‘llab-quvvatlov uchun O‘zbekiston xalqiga minnatdorchilik bildiraman. Bu mening ikkinchi vatanim, ular men uchun juda yaxshi muxlislik qilishgan. Shuningdek, Rossiyada men uchun ishqibozlik qilishgan va men barcha muxlislarimdan minnatdorman», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi sportchi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid