Jahon | 12:00 / 08.01.2019
15869
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqum cho‘lida barpo etilayotgan suv ombori Turkmaniston qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun ishlatiladi

Foto: LiveJournal

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Qoraqum cho‘li markazida barpo etilayotgan «Oltin asr» suv omboridan qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun foydalanish imkoniyatlarini o‘rganib chiqish haqida topshiriq berdi. Bu haqda u vazirlar mahkamasi yig‘ilishida aytgan.

Davlat axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, loyiha mamlakatning barcha hududlarida sug‘oriladigan yerlardan drenaj suvlarni yig‘ish va ularni Turkmaniston shimoli-g‘arbida joylashgan G‘arashor tabiiy cho‘nqirligiga olib kelish uchun yagona kollektorlar tizimini yaratishdan iborat. Havza Balkan viloyati hududida to‘liq joylashgan. Ayni paytda bu yerda 580 million kubometr suv yig‘ilgan.

Respublika rahbari mamlakat suv xo‘jaligi sektoridagi mavjud salohiyatni ishga solish, uning faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qator vazifalarni belgilab berdi. Ular orasida - mintaqa tabiiy-iqlim sharoitlari, suvdan oqilona foydalanishning ilg‘or texnologiyalari, tuproq unumdorligini oshirish va boshqalarni hisobga olgan holda, qishloq xo‘jaligiga zamonaviy sug‘orish usullarini joriy etish.

Shu munosabat bilan u tegishli rahbarlarga olimlar va mutaxassislar bilan birgalikda «Oltin asr» ko‘lining holatini o‘rganish, suv omborida to‘plangan suv hajmini, uni qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun foydalanish maqsadida sifatini aniqlashga ko‘rsatma berdi.

Shuningdek, Berdimuhamedov ko‘l yaqinida sabzavot va poliz mahsulotlari hamda baliqchilik xo‘jaligi bilan shug‘ullanadigan uyushmalar tuzish yuzasidan ilmiy asoslangan takliflarni o‘rganish va tayyorlashni buyurdi.

Mavzuga oid