O‘zbekiston | 13:18 / 10.01.2019
10973
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston The New York Times'ning 2019 yilda sayohat qilish kerak bo‘lgan yo‘nalishlar ro‘yxatida

The New York Times nashri 2019 yilda sayohat qilish kerak bo‘lgan yo‘nalishlar ro‘yxatiga O‘zbekistonni ham qo‘shdi, bunda vizasiz rejim va Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab chegaralarning ochilgani alohida ustunlik sifatida qayd etildi.

"Qachonlardir Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab sayohat qilishni istagan bo‘lsangiz, hozir buning ayni vaqti. Ushbu tarixiy yo‘lning eng diqqatga sazovor hududlarini o‘z ichiga olgan O‘zbekistonda qator islohotlar kuzatilmoqda", - deyiladi manbada.

Shu o‘rinda rasmiy valuta ayirboshlash tizimining takomillashgani, aviachiptalarni band qilish va viza uchun onlayn ariza berish imkoniyatlari O‘zbekistondagi eng yaxshi islohotlar sifatida e'tirof etilgan.

Bundan tashqari, Amerika va 100 dan ortiq boshqa davlatlar fuqarolari uchun 30 kun muddatga amal qiluvchi vizasiz rejim alohida qayd qilingan.

"O‘zbekiston va Qozog‘iston sayyohlar uchun yagona viza ustida ishlamoqda. Mintaqaviy va havo tashuvlari ham yaxshilandi. Shu bilan birga, qo‘shni mamlakatlar bilan chegaralar ochildi, Markaziy Osiyo davlatlari poytaxtlari o‘rtasidagi parvozlar qayta tiklandi hamda Toshkent va Nyu-York shaharlari o‘rtasidagi reyslar soni oshirildi", - deb yozadi The New York Times.

Bundan tashqari, nashrda Toshkentda nisbatan yangi Hyatt Regency mehmonxonasi safiga qator boshqa xalqaro mehmonxonalar tarmoqlari ochilishi rejalashtirilayotgani, ilk tog‘-chang‘i kurorti va yangi turistik zonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi kutilayotgani qo‘shimcha qilingan.

The New York Times'ning "2019 yilda sayohat qilish uchun tavsiya etilgan yo‘nalishlar ro‘yxati"dan shuningdek Panama, Tunis, Santa-Barbara (AQSh), Las-Vegas (AQSh), Salvador (Braziliya), Nyu-York (AQSh), Doha (Qatar), Batumi (Gruziya) kabi 52 yo‘nalish o‘rin olgan.

Bundan avval jahonning yetakchi nashrlarida O‘zbekistonda turizm sohasida olib borilayotgan ishlar, vizasiz rejim va elektron viza tizimlari kabi yengilliklar haqida maqolalar chop etilgani haqida xabar berildi.

Mavzuga oid