Jahon | 19:06 / 11.01.2019
12699
14 daqiqa o‘qiladi

Bill Geyts 2018 yilda qaysi masalalarga katta e'tibor qaratdi?

Dunyoning eng badavlat kishilaridan biri hisoblangan Bill Geyts gatesnotes.com sayti orqali 2018 yilda ishda nimalar bilan shug‘ullangani, nimalarni o‘rganganini sarhisob qildi.

"Bolalik damlarimda har Rojdestvoda ota-onam oila yil davomida qanday ishlar bilan shug‘ullangani haqidagi kartochkalarni jo‘natishar edi. Otamning yuridik firmasi o‘smoqda, onamning volontyorlik ishi yaxshi ketmoqda, qizlar maktabda yaxshi o‘qishmoqda, Bill esa tutqich bermas.

Ba'zilar buni oddiy holat deb o‘ylaydi, lekin menga bu an'ana yoqadi. Har yilning oxirida men o‘z ishim va shaxsiy hayotimni sarhisob qilishni yaxshi ko‘raman. Meni nima hayajonga soldi? Nimani yaxshiroq uddaladim?

Foto: Washington Times

2018 yildagi xulosalarimning ba'zilari bilan bo‘lishishga qaror qildim. Bugun 63 yoshimda o‘zimga o‘zim beradigan savollar 20 yoshimdagi savollardan ancha farq qiladi. O‘sha paytlar yil oxirida barchasi bir savolga borib taqalar edi: Microsoft personal kompyuterlarga oid orzuni ro‘yobga chiqaryaptimi?

Bugunga kelib ham o‘z ishim sifatini baholayman, biroq hayotim haqidagi qator boshqa savollarni ham qo‘yaman. Oila a'zolarimga yetarlicha vaqt ajratdimmi? Yetarlicha yangi bilimlarga ega bo‘ldimmi? Yangi do‘stona munosabatlarni rivojlantirib, eskilarini chuqurlashtirdimmi? 25 yoshimda bu kabi savollar kulgili tuyulgan bo‘lardi, yosh o‘tgan sayin esa ularning ahamiyati ortib boradi.

Melinda (Bill Geytsning turmush o‘rtog‘i - tahr.) mening bu masala bo‘yicha qarashlarimni kengaytirishga yordam berdi. Shuningdek, "Siz g‘amxo‘rlik qiladigan insonlar sizni xuddi shunday yaxshi ko‘rishadimi?" degan savol muvaffaqiyati siri ekanini aytgan Uorren Baffet ham. O‘ylashimcha, bu ham shunday.

Insoniyat tarixi davomida uzoqroq yashashga harakat qilganmiz. Buning natijasida hayot davomiyligi oshmoqda. Bunda texnologiyalar vaksinalar, dori-darmonlar va sanitariya holatining yaxshilanishi orqali muhim rol o‘ynadi.

Bezgak, semizlik kabi muammolar yechimini topish uchun hali ham ko‘p innovatsiyalarga muhtojmiz. Fikrimcha, bu kelgusida yirik kashfiyotlarga yo‘l ochadi.

Bir yil ortga boqib, o‘zim ishlayotgan muayyan sohalar haqida o‘ylab qolaman. Bu ishlar qisman fondimiz orqali amalga oshiriladi, lekin hammasi emas. Ishonchim komilki, innovatsiyalar har bir inson hayotini yaxshilashi mumkin. Ko‘pchilik odamlar innovatsiyalar hayotni qanchalik yengillashtirishini yetarlicha baholay olishmaydi. Quyida o‘zim ishlayotgan ba'zi yo‘nalishlar bo‘yicha fikrlarimni bayon qilaman.

Altsgeymer kasalligi

2018 yilda Altsgeymer kasalligini tadqiq qilishda ikki ijobiy tendensiyani kuzatdim.

Foto: Gates Notes

Birinchidan, tadqiqotchilar Altsgeymer kasalligini qanday to‘xtatishga oid g‘oyalarga e'tibor qaratishdi. Biologiyaga oid tushunchalarimizni boyitish bizning tibbiy xarajatlarimiz va azob-uqubatlarimizni qisqartiradi.

Ikkinchidan, Altsgeymer kasalligiga yo‘liqqan kishilar hamjamiyati ko‘proq ma'lumotlarga kirish imkonini qo‘lga kiritdi. Kasallikning rivojlanishiga doir masalalarni yaxshiroq tushunish uchun tadqiqotlarimizda olimlarning o‘zaro ma'lumot almashishi yengilroq bo‘lishi ustida ishlayapmiz.

So‘nggi yillarda AQSh hukumati Altsgeymer kasalligi bilan bog‘liq tadqiqotlarni moliyalashtirishni oshirdi. Shu bilan birga, yanada yaxshiroq diagnostika qilish uchun katta ishlar qilinmoqda.

Aniq yechimini ko‘ra olmayotgan yagona muammo qanday qilib klinik sinovlar uchun bemorlarni samaraliroq jalb qilish usullarini ishlab chiqishdan iborat. Oddiy va ishonchli diagnostikasiz Altsgeymer kasalligining erta bosqichida bo‘lgan bemorlarni topish qiyin. Yetarlicha bemorlarni ro‘yxatdan o‘tkazishga yillar ketishi mumkin. Muammo yechimi topilgan taqdirda yangi sinovlarni tezroq boshlash imkoniga ega bo‘lamiz.

Ishonamanki, ilmiy jihozlar, takomillashgan diagnostika va ko‘proq ma'lumot almashish imkoni tufayli kelgusi o‘n yoki yigirma yillikda bu yo‘nalishda sezilarli taraqqiyotga erishamiz.

Poliomiyelit

Bugunga kelib poliomiyelitni bartaraf qilishga kechagidan yaqinroq bo‘lamiz, deb o‘ylagandim. Afsuski, 2018 yilda poliomiyelit ko‘rsatkichlari 2017 yilgiga nisbatan ko‘paydi.

Siyosiy zo‘ravonlik va urush bor joylarda vaksinatsiya o‘tkazish qanchalik qiyin bo‘lishini to‘g‘ri baholay olmagan ekanman. Urushdan qochish maqsadida oilalar bir joydan boshqasiga ko‘chadi, natijada esa ularni kuzatish va ro‘yxatga olish imkonsiz bo‘ladi. Afg‘oniston va Pokistonning hech qachon poliomiyelitdan qutula olmasligining asosiy sababi ham shu.

Men homiylar bilan gaplashishga ko‘p vaqt ajrataman, ularning o‘z vazifasini to‘laqonli bajarayotgan yoki yo‘qligiga ishonch hosil qilaman. Kasalliklarni davolashga biz istagan-da ko‘p vaqt ketadi. Hamkorlarga agar ishimizni tugatmasak, kasallik xavfi oshishini yodga solaman. 

Nihoyat, Belgiya va Panamada yangi oral vaksina sinovdan o‘tkazilishiga umid qilaman. Natijalar 2019 yilda chop etilishi kerak. Agar bu usul o‘z samarasini ko‘rsatsa, u avvalgi vaksinalar bilan bog‘liq ba'zi muammolarni yengib o‘tish imkonini beradi.

Mavjud muammolarga qaramay, tez orada poliomiyelitni yo‘q qilishning uddasidan chiqishimizga optimistik umid bildiraman.

Elektr energiya

2018 yilda parnik gazlarning havoga ajralish ko‘rsatkichi oshdi. Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq eng yomon ssenariylarning oldini olishning yagona yo‘li - "yashil energiya" bo‘yicha katta o‘zgarishga erishish.

Foto: Gates Notes

Quyosh hamda shamol energetikasi arzonlashayotganidan xursandman, albatta, ularni zarur joylarda rivojlantirishimiz kerak. Biroq quyosh va shamol energiyasi - barqaror energiya manbalari emas, yaqin orada quyosh chiqmagan yoki shamol esmagan vaqt foydalanish mumkin bo‘lgan o‘ta arzon batareyalar paydo bo‘lishi esa amri mahol. Bundan tashqari, barcha parnik gazlarining 25 foizi elektr energiya hissasiga to‘g‘ri keladi.

Joriy yilda "yashil energiya" yo‘nalishida faoliyat yurituvchi Breakthrough Energy Ventures investitsion fondi biz pul tikayotgan ilk kompaniyalar haqida ma'lum qildi. Biz iqlim o‘zgarishidagi asosiy kuchlarni kuzatyapmiz. Biz tanlagan kompaniyalar ajoyib odamlar tasarrufida bo‘lib, ekologik sof energiyaga doir innovatsion g‘oyalarni laboratoriyadan tashqariga chiqarish istagini namoyish qilmoqda. 

Yadroviy texnologiya iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish uchun ayni muddaodir, zero u - 24 soat davomida foydalanish mumkin bo‘lgan yagona uglerodsiz energiya manbai. Zamonaviy reaktorlar bilan bog‘liq muammolar yo avariya xavfi innovatsiyalar yordamida hal qilinishi mumkin.

Qo‘shma Shtatlar o‘zining olimlari, ishbilarmonlari va investitsion kapitali bilan bunday yutuqlar uchun juda yaxshi to‘g‘ri keladi.

Afsuski, Amerika 50 yil avval bo‘lgani kabi yadroviy energiya sohasida yetakchi emas. Ushbu pozitsiyani qayta tiklash uchun mamlakat yangi mablag‘lar ajratishi, qonun-qoidalarni yangilashi va investorlarga buning bari jiddiy ekanini namoyish etishi kerak bo‘ladi.

Bu to‘siqlarni yengib o‘tsak, zamonaviy yadroviy energetika sohasida o‘rganish kerak bo‘lgan bir necha umidli g‘oyalar bor. Men 10 yil avval asos solgan TerraPower kompaniyasi xavfsiz yondashuvni qo‘llaydi, juda kam parnik gazi chiqaradi.

Biz Xitoyda yangi loyiha yo‘lga qo‘yishga umid qilayotgandik, biroq yaqinda AQSh siyosatida ro‘y bergan o‘zgarishlar buni amalga oshirish imkonini qiyinlashtirdi. Ehtimol, uni Qo‘shma Shtatlarda qurishimiz mumkindir, faqat buning uchun moliyalashtirish va normativ hujjatlarda o‘zgarishlar ro‘y berishi kerak.

Dunyo iqlim o‘zgarishini to‘xtatish uchun turli qarorlarga muhtoj. Ilg‘or atom energetikasi shunday qarorlardan biridir. Umid qilamanki, AQSh yetakchilari bu maydonda faollashishga harakat qilishadi.

Navbatdagi epidemiya

1918 yilda ispancha gripp butun dunyo bo‘ylab 50 million kishining yostig‘ini quritdi. U ilgarigidek jahondagi eng halokatli tabiiy ofatlardan biri hisoblanadi. Bu epidemiyaga 100 yil bo‘lishi bizning navbatdagi epidemiyaga tayyor yoki yo‘qligimizga doir ko‘p bahs-munozaralarni keltirib chiqaradi. Afsuski, biz hanuz tayyor emasmiz.

Foto: Gates Notes

Odamlarning terrorizm va iqlim o‘zgarishi kabi xavflardan tashvishlanishi to‘g‘ri. Biroq agar qisqa vaqt ichida nimadir o‘nlab million kishilarning o‘limiga sabab bo‘ladigan bo‘lsa, bu, ehtimol, global epidemiya bo‘lar. Honahoy, bu gripp shakllaridan biri bo‘ladi, chunki gripp virusi havo bo‘yicha oson tarqaladi. Bugunga kelib 1918 yildagidek gripp atigi olti oyda 33 million kishining o‘limiga olib keldi. 

Bir necha yil mobaynida buni o‘rgandim. Tayyor turish uchun bizga milliy hukumatlarning qo‘shma faoliyat rejasi zarur. Biz karantinda nima qilish kerakligi, muammoli hududlarga jo‘natmalar yo‘llash, harbiylarni jalb qilish haqida o‘ylashimiz kerak. 2018 yilda bu masalalar bo‘yicha katta muvaffaqiyat kuzatilmadi.

Insonni gripp balosidan himoyalovchi vaksina ishlab chiqarishda muvaffaqiyatga erishilgani yaxshi yangilik bo‘ldi. Bu yil Merilenddagi AQSh Milliy sog‘liqni saqlash institutida bo‘ldim va bu ishni olib boruvchi ba'zi kishilardan ma'lumotlar oldim.

Grippga qarshi universal vaksina yaratish vazifasi qiziq. Virusning barcha turi ma'lum bir umumiy tuzilmaga ega. Agar siz hech qachon grippga chalinmagan bo‘lsangiz, immun tizimingizni bu tuzilmalarni izlab, ularga hujum qilishga o‘rgatadigan vaksina ixtiro qilish mumkin. Biroq kasallikka chalinib bo‘lgandan keyin immunitetni umumiy tuzilmalarni qidirishga majbur qilish juda qiyin.

Muammo yechimdan uzoq, biroq yangi tadqiqotlar uchun mablag‘lar ajratilmoqda va buning ustida tobora ko‘proq olimlar ish olib borishmoqda. Ushbu ilmiy tadqiqotlardan (ulardan ba'zilarini bizning fondimiz moliyalashtiradi) maksimal darajada foydalanish uchun global monitoring va epidemiyaga qarshi kurashish tizimini ishlab chiqish zarur. Bu esa hukumatlar yetakchilari o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni talab qiluvchi siyosiy masala. Aslida bu muammo yanada katta e'tiborga loyiq.

Genlarni tahrirlash

Noyabrda genlar tahrirlovi haqida ma'lum bo‘ldi, bunga xitoylik olimning ikki qizning genlarini esmbrionlik davrida o‘zgartirgani to‘g‘risida e'lon qilgani sabab bo‘ldi.

Foto: Forbes

Men bu olimning haddan tashqari chuqurlashganini ta'kidlayotganlarning gapiga qo‘shilaman. Biroq agar bu hodisa genlarni tahrirlash haqida ko‘proq odamni o‘ylashga va bu haqida gapirishga majbur qilsa, uning ishi yaxshilikka xizmat qilishi mumkin.

Etnik masalalar ko‘p. Genlar tahrirlovi kasalliklarni davolashda optimizm bag‘ishlaydi. Biroq texnologiya tengsizlikni chuqurlashtirishi mumkin, bu ayniqsa badavlat kishilar bilan bog‘liq holatlarda yaqqol namoyon bo‘lishi mumkin.

Men bu masalalar keng jamoatchilik e'tiborini jalb qilmaganiga ajablandim. Bugunga kelib sun'iy intellekt qizg‘in bahslar manbai hisoblanadi. Genlar tahrirlovi esa hech bo‘lmaganda sun'iy intellekt kabi e'tiborga loyiq. 

Imkoningiz bo‘lishi bilan bu haqida mutolaa qilishga harakat qiling. Yangiliklar lentasidagi maqolalarni kuzatib boring. Agar butun bir kitobni o‘qishga tayyor bo‘lsangiz, Siddxartxi Mukerjining "Gen" asarini tavsiya qilaman.

Kelajakka nazar

Odatda Yangi yil bilan bog‘liq sarhisoblar tarafdori bo‘lmasam-da, doim aniq maqsadlar qo‘yib, ularni amalga oshirishni rejalashtirishga harakat qilaman. Yosh o‘tgan sayin ikki masala xayolga keladi. Shuning uchun 2019 yil uchun qarorlar qabul qilaman.

Ulardan biri konfidentsiallik va innovatsiyalar o‘rtasidagi muvozanatdir. Odamlarning konfidentsialligini himoyalashda ta'lim yoki sog‘liqqa oid tasavvurga (Masalan, past daromadli o‘quvchilarga ta'lim berish bo‘yicha qaysi maktablar eng yaxshi natija ko‘rsatmoqda? Qaysi shifokorlar hamyonbop narxlarda eng yaxshi xizmatlarni taqdim etishadi?) ega bo‘lish uchun ma'lumotlardan qanday foydalanishimiz mumkin?

Ikkinchisi - ta'lim sohasida texnologiyalardan foydalanish. Dasturiy ta'minot talabalarning o‘qishini qanchalik yaxshilashi mumkin? Ko‘p yillar davomida texnologiyalarning ta'limga katta ta'siri haqida eshitib kelyapmiz. Biroq o‘ylashimcha, endi buni isbotlash vaqti keldi.

Geyts yozishmalarida shu va boshqa masalalar bo‘yicha yangi fikrlarim bilan bo‘lishib boraman", - deb yozadi milliarder.

Mavzuga oid