Jahon | 11:10 / 11.01.2019
87808
5 daqiqa o‘qiladi

Qurolli kuchlari yo‘q mamlakatlar

G‘alati qarorlari bilan tarixga kirgan Otto fon Bismarkning o‘zi singari shafqatsiz shunday so‘zlari bor «Tinch yashashni xohlasang urushga tayyorlan». Dunyoning deyarli barcha davlatlari o‘z xavfsizligini ta'minlash maqsadida qurolli kuchlariga ega. Lekin yer sharida shunday davlatlar ham borki, ular mutlaqo armiyaga ega emas. E'tiboringizga qurolli kuchlardan voz kechgan 10 davlat haqida ma'lumotlarni taqdim etamiz.

1. Lixtenshteyn

Lixtenshteyn knyazligi / ©Flickr

Bu davlatning O‘zbekiston bilan o‘xshash jihati bor – har ikki davlat yirik suvlarga chiqish uchun kamida ikki davlat hududini bosib o‘tishi lozim. Poytaxti Vaduts shahri bo‘lgan Markaziy Yevropadagi Lixtenshteyn davlati Avstriya va Shveytsariya bilan chegaradosh. Knyazlikda konstitutsion monarxiya tizimi hukm suradi. Garchi biror bir davlat rasman Lixtenshteyn mudofaasini o‘z zimmasiga olmagan bo‘lsa-da, knyazlik hukumati Shveytsariyada o‘tkazilgan muzokaralar chog‘ida bir qator davlatlar bilan bu borada bitimlar imzolanganini ta'kidlaydi.

2. Vatikan

Italiya poytaxti Rim hududida joylashgan Vatikan eng kichik bo‘lish bilan birgalikda BMT va dunyo hamjamiyati tomonidan tan olingani holda BMTga a'zo bo‘lmagan yagona davlatdir. Rim katolik cherkovining markazi bo‘lgan bu davlat Rimning ichida joylashganiga qaramay huquqiy jihatdan mutlaqo mustaqildir, hatto Italiyaga ham bo‘ysunmaydi. Lekin shunga qaramay Italiyaning 300 mingga yaqin qo‘shini va 50 ming nafar dengiz piyoda askarlaridan iborat armiyasi zimmasiga Vatikanni ham himoya qilish vazifasi yuklatilgan.

3. Nauru Respublikasi

©Wikimedia

Tinch okeanining g‘arbiy qismidagi shu nomli orolda joylashgan bu davlatning aholisi 15 000 kishidan iborat bo‘lib, alohida davlat bo‘lsa-da, hatto poytaxtga ham ega emas. O‘z mustaqilligiga 1968 yilda erishgan Nauru davlatini Avstraliya o‘z himoyasiga olgan va bu shunchaki shartnoma emasligini amalda ham isbotlagan. 1940 yilda Nauru hali mustaqil davlat maqomiga ega bo‘lmagan davrda ham, Germaniya hujum qilganida Avstraliya ko‘makka kelgan.

4. Marshall orollari respublikasi

Marshall orollari / ©Wikimedia Commons

Tinch okeanida joylashgan Mikroneziyadagi bu davlatning poytaxti Majuro shahridir. Ko‘plab mayda orollardan iborat bu mamlakatda 64 ming aholi istiqomat qiladi. Bu davlat mudofaasi bo‘yicha javobgarlikni AQSh o‘z zimmasiga olgan.

5. Grenada

©Wikimedia

Karib dengizining janubi-sharqida joylashgan bu orol davlat ham o‘z qurolli kuchlariga ega emas. Lekin hujumga uchragan chog‘da Antigua va Barbuda, Barbados, Dominika respublikasi kabi davlatlar himoyaga chiqishadi. Lekin bu davlatlarning o‘zlari ham yetarli darajada harbiy kuchlarga ega emasligi uchun baribir AQShdan madad kutishga to‘g‘ri keladi.

6. Andorra knyazligi

Sharqiy Pireneyda, Fransiya va Ispaniya o‘rtasida joylashgan Yevropaning bu mitti davlatida dengizga chiqish yo‘li singari qurolli kuchlari ham yo‘q. Lekin tazyiqqa uchraganida Fransiya va Ispaniyadan tashqari NATO kuchlariga ham ishonsa bo‘ladi.

7. Palau

Tinch okeanining Filippin dengizidagi 328 oroldan iborat bu davlat Filippindan 800 km uzoqlikda joylashgan. Aholisi bor yo‘g‘i 20 ming kishini tashkil qilgani holda o‘z poytaxtiga ham ega — Melekeok shahri. 1983 yilda imzolangan bitimga ko‘ra AQSh himoyasiga olingan.

8. Samoa

Tinch okeanining janubiy qismida joylashgan bu davlat shu nomdagi arxipelagning g‘arbiy qismlarini band etgan. Poytaxti Apia shahri Upolu orolida joylashgan. Yangi Zelandiya lozim bo‘lganda harbiy yordam ko‘rsatishni kafolatlagan.

9. Kosta-Rika

Markaziy Amerikadagi eng kichik davlatlardan biri bo‘lgan Kosta-Rika ikki qit'ani bog‘lovchi hududda joylashgan. Poytaxti San-Xose shahri bo‘lgan bu davlat armiyasi 1948 yilda tarqatib yuborilgan. Ichki tartibni saqlash uchun fuqarolik gvardiyasi, chegara politsiyasi, sohil qo‘riqchilari va milliy politsiya kabi tuzilmalar saqlab qolingan. 1947 yildagi kelishuvga ko‘ra, AQSh, Chili, Kuba kabi davlatlarga ishonib xotirjam kun ko‘radi. 

10. Solomon orollari

Tinch okeanining janubi-g‘arbiy qismidagi Melaneziyada joylashgan, shu nomli arxipelagning 992 orolini band etgan bu davlat ham o‘z qurolli kuchlariga ega emas. Shuningdek, zarur bo‘lganda qaysi davlat himoyasiga tayanishi ham rasman e'lon qilinmagan.

Abror Zohidov tayyorladi

Mavzuga oid