Sport | 00:19 / 14.01.2019
19400
4 daqiqa o‘qiladi

Futbolchilar Turkmaniston ustidan g‘alaba kutilganidan osonroq qo‘lga kiritilganini ta'kidlashdi

Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib o‘tayotgan Futbol bo‘yicha XVII Osiyo kubogining “F” guruhi ikkinchi turi doirasida o‘tkazilgan Turkmaniston – O‘zbekiston (0:4) o‘yinidan so‘ng futbolchilar mikst-zonada jurnalistlar savollariga javob qaytarishdi.

Jamoa sardori Odil Ahmedov:

— Ochig‘i, bu qadar oson g‘alaba qo‘lga kiritiladi, deb o‘ylamagan edim. Keyingi bosqichga chiqqanimizdan juda ham xursandmiz. Keyingi o‘yinlarda ham chiroyli o‘yin namoyish etib, muxlislarni xursand qilamiz, degan umiddaman.

Birinchi bo‘limdayoq to‘rt gol kiritilishi haqida gapirsam, bolalar ham Markaziy Osiyo derbisi ekanligini tushunib turishuvdi, shu sababli kayfiyatni yaxshi qilib, tezroq va ko‘proq gol urishga harakat qilib o‘ynadik va buning uddasidan chiqdik. Bu esa keyingi o‘yinimizni ancha osonlashtirdi.

Avvalo, biz har qanday o‘yinga g‘alaba qozonish uchun chiqamiz. Keyingi bosqichlarda har qanday raqib to‘g‘ri kelishidan qat'i nazar. Chunki pley-off bosqichida kuchsiz milliy jamoaning o‘zi bo‘lmaydi. Shu sababli, hozircha fikri xayolimiz faqat Yaponiya bilan bo‘ladigan o‘yinga qaratilgan.

Jaloliddin Masharipov:

— O‘yindan avval bolalarda g‘alaba bo‘lgan chog‘lanish juda kuchli edi. Lekin birinchi gol urilgunga qadar o‘yin oson kechgani yo‘q. Lekin o‘yin natijasidan, yirik g‘alaba bilan muxlislarimiz ko‘nglini shod etganimizdan juda ham xursandmiz. Oldingi o‘yindagi g‘alaba biroz qiyinroq qo‘lga kiritilgani, bu o‘yinda erkinroq harakat qilganimiz haqidagi savolga javob bersam, bu o‘yingacha terma jamoa o‘rtoqlik o‘yinlarida maydonga tushmadi va bu hol birinchi o‘yinda jamoaning o‘zaro bir birini tushunishida o‘z aksini topdi. Ikkinchi o‘yinga kelib bolalar bir-birlarini ancha yaxshi tushuna boshlashdi. Muxlislarimiz stadionda mana shunday jonli qo‘llab-quvvatlab turishsa o‘yinlarimiz yanada ochilaveradi.

Ektor Kuper menga e'tiroz bildirgan vaziyatga to‘xtalsam, to‘p bilan fint qilganim unga yoqmadi. U bunday narsalarni yoqtirmaydi. Lekin bunday qiliqlar muxlislarga yoqadi va yoshligimdan braziliyalik futbolchilarga xos bo‘lgan fintlarni ishlatishga qiziqib kelaman.

Endi Yaponiya bilan o‘yinda ham to‘liq kuch bilan o‘ynab, o‘z kuchimizga baho bermoqchimiz. Chunki Yaponiyada jahon futbolida o‘z o‘rniga ega juda kuchli terma jamoa hisoblanadi.

Islom To‘xtaxo‘jayev:

— Yigitlar muxlislar uchun harakat qilishdi. Keyingi o‘yinda garchi bizni durang natija qoniqtirsa ham g‘alaba uchun maydonga tushamiz.

Anzur Ismoilov:

— Albatta, oldingi o‘yinga nisbatan himoya chizig‘imiz uchun osonroq bo‘ldi. Lekin bu qadar oson g‘alaba qozonamiz deb o‘ylamagan edik, to‘g‘risi. Gollar birinchi bo‘limda kiritib bo‘lingach, ikkinchi bo‘limda murabbiy ko‘rsatmasiga ko‘ra tartibli o‘ynashga harakat qildik va yakunda boshqa gol kiritilmadi.

Keyingi bosqichda Avstraliya to‘g‘ri keladimi boshqasimi – qo‘rqinchli emas. Chunki qaysi o‘rinni olsangiz ham pley-off bosqichida kuchli jamoa ro‘para kelaveradi va o‘sha jamoani yutishga to‘g‘ri keladi.

Mavzuga oid