O‘zbekiston | 15:16 / 16.01.2019
91518
3 daqiqa o‘qiladi

«Alp Jamol bank» egasi O‘zbekistonga qaytdi 

Foto: Facebook /Alp Jamol Bank

"Alp Jamol bank" egasi Muhiddin Asomiddinov o‘tgan hafta oxirida Toshkentga qaytgan. Qator nashrlar tarqatgan xabarga ko‘ra, u 2010 yil mart oyida, bu bank tugatilishidan avval O‘zbekistondan chiqib ketgan.

Kun.uz ushbu ma'lumotga oydinlik kiritishni so‘rab, Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Surayyo Rahmonovaga murojaat qildi.

Uning aytishicha, "Alp Jamol bank" kuzatuv kengashining sobiq raisi Muhiddin Asomiddinovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-, 184- va boshqa moddalari bilan qo‘zg‘atilgan va keyinchalik uning qidiruvda bo‘lganligi sababli to‘xtatilgan jinoyat ishi hozirda M. Asomiddinovning o‘z ixtiyori bilan qaytib, tergovga jalb qilinganligi sababli qayta tiklangan. 

«Ayblanuvchining sodir etgan qilmishidan pushaymonligi, yetkazilgan zararni ixtiyoriy ravishda to‘liq qoplaganligi va tergov bilan faol hamkorlik qilayotganligi nuqtai nazaridan unga qo‘llanilgan qamoq ehtiyot chorasi munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risidagi tilxatga o‘zgartirildi», - dedi Bosh prokuratura rasmiy vakili.

Qayd etilishicha, hozirda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari Bosh prokuratura tomonidan olib borilmoqda.

2010 yil mart oyida O‘zbekiston Markaziy banki "Alp Jamol bank" litsenziyasini bekor qildi. Bank rahbariyati, "O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki to‘g‘risida"gi qonunning 53-moddasi hamda "Bank va bank faoliyati to‘g‘risida"gi qonunning 14- moddasi asosida "bank qonunchiligini buzish"da aybdor deb topilgandi.

Xabarlarga ko‘ra, 2010 yil 1 yanvariga kelib "Alp Jamol bank" aktivlari 118,6 mlrd so‘mga yetgan, bankning jismoniy va yuridik mijozlari soni esa 155 mingdan oshgan. 

2011 yil mart oyida "Alp Jamol bank"ning ko‘chmas va noko‘chmas mulklari davlat foydasiga musodara etilgan.