Sport | 19:02 / 16.01.2019
29441
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasiga kim bosh murabbiy bo‘lishi aniqlandi

Foto: Getty Images

Serbiyalik mutaxassis Lyubinko Drulovich O‘zbekiston olimpiya terma jamoasiga bosh murabbiy qilib tayinlanadi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar bermoqda.

Avvalroq, O‘FA olimpiya terma jamoasini boshqarish uchun 4 nafar mutaxassis nomzodini o‘rganib chiqayotgani va Drulovichdan tashqari ularning ichida italiyalik Massimo Fichchadenti, ispaniyalik Xuan Sanches Makeda va xorvatiyalik Nenad Grachan borligi haqida xabarlar tarqalgan edi.

Yakuniy qarorga ko‘ra, bu lavozim 50 yoshli Drulovichga topshiriladigan bo‘ldi. Uning oldiga Tokio – 2020 olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yiladi. Drulovichning murabbiylar shtabiga vatandoshlari Zavisha Miloslavlevich va Neboysa Topalov ham kiritiladi.

Ma'lumot o‘rnida, Lyubinko Drulovich 1968 yilda tug‘ilgan. Murabbiylik faoliyatida Angolaning «Agoshtu», Serbiyaning «Partizan» klublarini, Serbiya va BAA o‘smirlar terma jamoalarini, Makedoniya terma jamoasini boshqargan. Serbiya U19 bilan Yevropa chempionatida g‘alaba qozongan, BAA U19 bilan jahon chempionatiga chiqqan. 2013 yilda Serbiyaning eng yaxshi murabbiyi deb topilgan.

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi 2019 yilning 22-26 mart kunlari Toshkentda o‘tadigan Osiyo chempionati saralashida ishtirok etadi. Qur'aga ko‘ra, hamyurtlarimiz Hindiston, Tojikiston va Pokiston olimpiyachilari bilan F guruhidan o‘rin olgan. Saralashdan o‘tgan jamoalar 2020 yil 8-26 yanvar oralig‘ida Tailandda bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi. Unda 16ta jamoa ishtirok etadi, 1-3 o‘rinni qo‘lga kiritganlar Tokio - 2020 olimpiadasida qatnashish imkoniga ega bo‘ladi.

Mavzuga oid