O‘zbekiston | 14:37 / 16.01.2019
24640
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yana bir dilerlik markazi rahbari yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun vazifasidan ozod etildi

Illyustrativ foto

GM Uzbekistan tomonidan dilerlik korxonalarining faoliyatini tekshirish davomida “O‘zavtosanoatservis” MChJga qarashli “AS-Jizzaxservis” sho‘'ba korxonasida tizimli ravishda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi namoyon bo‘ldi. Bu haqda GM Uzbekistan’ning Facebook’dagi sahifasida xabar berilgan.

Mazkur avtosalon faoliyati yuzasidan yuridik va jismoniy shaxslardan bir qator murojaatlar kelib tushganligi, murojaatlar avtosalonning mijozlarga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lish hamda korrupsion harakatlar bilan bog‘liqligi aniqlangan.

Ma'lum bo‘lishicha, avtosalonda sotuv jarayonlari shaffofligini ta'minlaydigan va avtomobil sotib olayotgan mijozlarga qulay sharoit yaratuvchi tizimli ishlar tashkil qilinmagan. Mijozlar bilan muloqotda avtosalon xodimlarining malakasi belgilangan tartibga mos kelmagan.

Avtosalonda axborotlar doimiy ravishda yangilanmagani, korxonada Koll-markaz faoliyatining tegishlicha tashkil etilmaganligi xaridorlarga avtomobil xaridi jarayonida bir qator noqulayliklar tug‘dirgan, deyiladi xabarda.

Yuqorida qayd etilgan holatlar natijasida “AS-Jizzaxservis” sho‘'ba korxonasi rahbari egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Mavjud kamchilik va xatolarni bartaraf etish yangi rahbar zimmasiga yuklandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq GM Uzbekistan yana bir avtosalonda tizimli ravishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganini aniqlagandi.

Mavzuga oid