Sport | 21:08 / 17.01.2019
36848
6 daqiqa o‘qiladi

Ektor Kuper: «O‘yin teng kurashlar ostida o‘tdi»

Foto: KUN.UZ

Osiyo Kubogi guruh bosqichining so‘nggi turi doirasidagi Yaponiya–O‘zbekiston uchrashuvidan keyingi matbuot anjumani dastlab O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper ishtirokida o‘tdi.

«Jamoang mag‘lubiyatga uchragan o‘yin haqida fikr bildirish oson bo‘lmaydi. Shunday bo‘lsa-da, shogirdlarimning o‘yinini e'tirof etgan bo‘lardim. Qolaversa, Yaponiya ham yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Biz gol urish uchun ko‘plab imkoniyatlarga ega bo‘ldik, ammo ulardan foydalana olmadik. Men jamoam futbolchilaridan qoniqish hosil qildim. O‘yin teng kurash ostida kechdi, deyishim mumkin», deya dastlabki fikrlari bilan o‘rtoqlashdi argentinalik murabbiy.

– Nimchorak finalda Avstraliyaga qarshi o‘ynaydigan bo‘ldingiz...

– Birinchi navbatda bugungi o‘yindan xulosalar chiqarib olishimiz lozim. Keyingi o‘yingacha 3-4 kun vaqtimiz bor. Avstraliya qiyin raqib, lekin biz ko‘proq raqibimizga emas, o‘z o‘yinimizga ko‘proq diqqat qaratishimiz kerak. Tarkibdagi barcha futbolchilarimiz nimchorak finalgacha to‘la tiklanib olishlari zarur. Turnir g‘olibi bo‘lishni istar ekansan, u holda undagi barcha jamoalarni mag‘lub etishga tayyor bo‘lishing kerak.

– Avstraliya nimchorak finalga tayyorgarlik uchun ikki kun ko‘proq vaqtga ega bo‘lmoqda. Bu ularga katta ustunlik beradi, shunday emasmi?

– Albatta, Avstraliya tiklanish uchun ko‘proq vaqtga ega bo‘lyapti, lekin bu haddan tashqari katta ustunlik beradi, deya olmayman. Mag‘lubiyatga uchrasak ham bu narsa bahona bo‘la olmaydi. Qanday sharoitda bo‘lmasin, biz ularni mag‘lub etishga astoydil harakat qilishimiz kerak.

– O‘zbekiston pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritib bo‘lgan va kamroq bosim ostida to‘p surishi mumkin edi. Shunday holatda ham jamoa, xuddi avvalgi yirik musobaqalarda bo‘lgani kabi, kuchli raqibni mag‘lub etishning uddasidan chiqa olmadi...

– Biz – professionallarmiz. Bugungi o‘yindagi mag‘lubiyat bizni tushkunlikka tushira olmaydi, bu bilan o‘zimizga ishonchimiz ham kamayib qolmaydi. Bor e'tiborimizni o‘yinimizni o‘stirishga va raqibni mag‘lub etishga harakat qilamiz. Bu kabi holatlarga ko‘p ham e'tibor qaratib o‘tirmaymiz.

– Maydonda teng kurash kuzatildi. Shunday holatda qaysi omil yakunda natijaga eng katta ta'sir ko‘rsatdi?

– O‘z jamoamning o‘yinidan qoniqish hosil qilganimni yana bir bor ta'kidlamoqchiman. Bu yerda Yaponiya terma jamoasi yaratgan vaziyatlaridan yaxshiroq foydalana olgani hisobda aks etdi, deb o‘ylayman. O‘yin borasida esa jamoalar o‘rtasida tenglik kuzatildi.

– Terma jamoangizning chap qanoti ancha bo‘sh o‘yin ko‘rsatdi, shunday bo‘lsa-da nima uchun bu chiziqqa zaxiradan boshqa o‘yinchi tushirmadingiz?

– Men jurnalistlarning fikrini hurmat qilaman, ammo chap qanotimiz siz o‘ylagandek kuchsiz ko‘rindi, demagan bo‘lardim. Albatta, ba'zi xatolarga yo‘l qo‘yildi, ammo umuman olib aytganda bu chizig‘imizni juda bo‘sh deb bo‘lmaydi. Qolaversa, futbol – matematika emas, unda barcha narsa ro‘y berishi mumkin. Raqib hatto eng kuchli futbolchilarga ega chiziqni ham buzib o‘tishi mumkin.

– Avstraliya terma jamoasi jismonan baquvvat futbolchilardan tarkib topgan. Raqibdagi bu ustunlik haqida nima deya olasiz?

– Avstraliya jismoniy jihatdan kuchli va biz ularga qarshi o‘yinda shu faktorni ham hisobga olgan holda maydonga tushamiz. 

– Guruh bosqichi davomida rotatsiyalar qo‘llab keldingiz. Jamoaning barqaror o‘yin namoyish eta olmayotgani tarkibda bo‘layotgan o‘zgarishlar ko‘pligi bilan bog‘liq emasmi?

– Terma jamoaning barcha a'zolari teng huquqqa ega. Bu – klub emas, terma jamoa. Biz asosiy tarkibga o‘zgarish kiritayotganda sariq kartochkalar va jarohatlarning oldini olish kabi omillarni ham e'tiborga olamiz. Osiyo Kubogida hech qaysi jamoa har bir o‘yinda faqat bir xil tarkib bilan maydonga tushayotgani yo‘q. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston termasi nimchorak finalda «B» guruhidan ikkinchi o‘rin bilan chiqqan Avstraliyaga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv 21 yanvar, dushanba kuni bugungi bahs bo‘lib o‘tgan Al-Ayndagi «Xalifa bin Zayd» stadionida bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid