Sport | 14:10 / 20.01.2019
39629
8 daqiqa o‘qiladi

«Birinchi navbatda ehtiyotkorlikka e'tibor qaratamiz». Avstraliyaga qarshi o‘yindan oldingi matbuot anjumani

Bugun, 20 yanvar kuni Al-Ayn shahridagi «Xalifa bin Zayd» stadionida Osiyo Kubogi nimchorak finali doirasidagi Avstraliya–O‘zbekiston uchrashuvi oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Uning ikkinchi qismida O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper va yarimhimoyachi Jaloliddin Masharipov ishtirok etdi.

«Ertangi o‘yinning ahamiyatini tushunib turibmiz. Bu endi guruh bosqichi emas. Avstraliya ancha murakkab raqib. Osiyoning eng yaxshi terma jamoalaridan. Biz o‘z xatolarimizni to‘g‘rilashimiz kerak. O‘yinimizda ba'zi o‘zgarishlarni bo‘ladi, ammo butunlay boshqacha uslubda to‘p surmaymiz», – deya o‘yinoldi fikrlarini bildirdi Kuper.

«Birinchi tur o‘yinida biroz hayajon  bo‘ldi. Turkmaniston bilan o‘yinda esa  o‘zimizga ishonchimiz yuqori ekanini ko‘rsata oldik. Yaponiyaga qarshi bahsda mag‘lub bo‘lgan bo‘lsak-da, bu yigitlarning o‘ziga bo‘lgan ishonchiga ta'sir qilgani yo‘q. Avstraliya bilan o‘yindan oldin hech kimda hech qanday qo‘rquv yo‘q», – ta'kidladi Masharipov.

– Avvalroq pley-offning murakkab o‘yinlari uchun muqobil rejalaringiz borligi haqida aytgan edingiz. Ertaga ana o‘sha zaxira rejalaringizni qo‘llaysizmi?
– O‘yinning borishiga qarab, zaxira variantlari va boshqa muqobil rejalarim bor. Odatda jamoalar o‘z o‘yin uslubi va rivojlanish yo‘nalishiga ega bo‘ladi. Bu yerda «o‘yin falsafasi» so‘zini ishlatishni istamagan bo‘lardim, chunki bu juda keng ma'noni anglatadi. Shuning uchun «yo‘nalish» deb atagan bo‘lardim. Biz ham ana shunday o‘z uslubimiz, o‘z yo‘nalishimizga ega bo‘lishga intilganmiz. Albatta, Avstraliyaning o‘ziga xosliklaridan kelib chiqib, raqibning ustun jihatlarini to‘sib qo‘yish uchun ba'zi o‘zgarishlarga qo‘l uramiz. Shu bilan birga, raqibga qarab o‘z yo‘nalishimizni butunlay o‘zgartirib ham yubormaymiz. Chunki bizning ham o‘ziga xosliklarimiz, boshqalardan farqlanuvchi jihatlarimiz, o‘z uslubimiz bor. Shunga ham ehtiyotkor bo‘lish kerakki, ba'zi kichik o‘zgarishlarni amalga oshirganda bu butun o‘yin tizimiga ta'sir qiladi.

– Jahon chempionatida ishlagan murabbiy ekaningiz sababli muxlislar katta raqiblarga qarshi o‘yinlarda sizdan yaxshiroq natijalar kutishadi. Eron va Janubiy Koreya bilan o‘yinlar o‘rtoqlik o‘yini edi, dedik. Lekin rasmiy bahsda Yaponiyaga ham yutqazdik. Endi oldimizda Avstraliya. Kuchli jamoalarni nega yuta olmayapmiz?
– Biz Osiyo Kubogiga raqibimiz kimligidan qat'i nazar barcha o‘yinlarda g‘alaba qozonish uchun kelganmiz. Ha, Yaponiyaga imkoniyatni boy berdik. Lekin hozir jamoaning bor e'tibori va energiyasi musobaqada iloji boricha uzoqroqqa borishga va yaxshi niyat qilaylik, Osiyo chempioni bo‘lishga qaratilgan. Ayni damda nima uchun Eron, Koreya va Yaponiya kabi kuchli jamoalarga yutqazayotganimizni tahlil qilib o‘tiradigan payt emas. Chunki har 3-4 kunda o‘yin o‘tkazyapmiz, keyingi uchrashuvga qadar tiklanishga ulgurishimiz zarur. Shunday sharoitda bu mavzuni tahlil qilish mavridi emas. Hozir negativ emas, aksincha pozitiv narsalar haqida o‘ylashimiz kerak.

– Avstraliya bilan bitta mehmonxonada yashayapsizlar. Bu g‘alati yoki qiyin bo‘lsa kerak?
– Raqib bilan bir joyda yonma-yon yashayotganimiz muammo emas. Har kuni ko‘rishib turamiz, o‘rtada hech qanday dushmanlik yo‘q. Munosabatlarimiz iliq. Liftda uchrashib qolamiz. Allaqachon do‘stlarga ham aylanib ulgurdik. Buni feyr-pleyning bir ko‘rinishi desa ham bo‘ladi.

– (Savol Jaloliddin Masharipovga) Avstraliya terma jamoasi ham guruhdagi so‘nggi uchrashuvini shu stadionda sizlardan ikki kun avval o‘tkazgan va shu shaharda istiqomat qilmoqda. Ularning tarkibi jismonan baquvvat o‘yinchilardan tashkil topgan. Nimaning hisobiga Avstraliyani mag‘lub etishlaringiz mumkinligini ayta olasizmi?
— Albatta, murabbiylar shtabi bilan terma jamoani har tomonlama o‘rganib chiqayapmiz. O‘ziga xos zaif tomonlari borligini ham bilamiz. Lekin ular haqida bu matbuot anjumanida aytishim to‘g‘ri bo‘lmas edi. Chunki bu yerda avstraliyalik jurnalistlar ham bor.

– Turkmaniston bilan o‘yinda Masharipov fint ishlatgan vaziyatda bundan jahlingiz chiqdi. Shu vaziyatga izoh bersangiz.
– Mening bunday reaksiya bildirishim – normal holat. Men doimo o‘yinchilarga to‘la-to‘kis erkinlik beraman. Ular maydonda o‘zlari ma'qul ko‘rgan tarzda harakat qilishlari mumkin. Ammo shu bilan birga ular gollardan keyin juda ham o‘zlaridan ketib qolmasliklari kerak. Men unga o‘yinga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirmaslikni aytdim, xolos. O‘yinni qanday boshlagan bo‘lsak, shunday munosabat bilan davom etishimiz kerak. O‘yinchilarga katta erkinlik berilgan, ammo ular bunday jozibador futbolga berilib o‘yinni tashlab qo‘yishlari kerak emas.

– (Savol Jaloliddin Masharipovga) 2011 yili O‘zbekiston terma jamoasi Avstraliyaga yirik hisobda mag‘lub bo‘lgan edi. Shu natijadan keyin o‘yinga ruhan tayyorlanish qiyin emasmi?
– Hozir u payt bilan solishtirganda tarkib o‘zgargan. O‘sha paytda o‘zimiz yosh bola edik. Televizordan tomosha qilganmiz. O‘zimizdan katta akalarimizning bu mag‘lubiyati uchun bizning alamimiz bor. Yigitlar bilan bu o‘yinda g‘alaba qozonish bilan Avstraliyadan revansh olib, xalqimizni xursand qilmoqchimiz.

Ektor Kuper: Misol uchun, men finallarda 8 marta mag‘lubiyatga uchraganman, ammo hamon yana finalda o‘ynashni istayman.

– Avstraliya birinchi turda Iordaniyaga yutqazgan edi. Shu o‘yindan kelib chiqib raqib haqida qanday xulosalar chiqardingiz?
– Men Avstraliyani umuman olgan holda tahlil qilmoqchiman, faqat Iordaniya bilan o‘yindan kelib chiqqan holda emas. Avstraliya tartibli, intizomli jamoa, mahoratli futbolchilarga ega, ayniqsa jismoniy jihatdan juda kuchli. Ularning bu plyuslarini kamaytirish uchun o‘zimizning ustun jihatlarimizdan ko‘proq foydalanishga harakat qilamiz.

Eslatib o‘tamiz, Avstraliya–O‘zbekiston uchrashuvi ertaga, 21 yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:00da boshlanadi. O‘yinni qatarlik Abdulrahmon Al-Jassim boshchiligidagi hakamlar boshqarib boradi.

Mavzuga oid