O‘zbekiston | 13:50 / 21.01.2019
7466
8 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda boshoqli don yalpi hosilini aniqlash komissiyalari tuziladi

Foto: O‘zdonmahsulot

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan yetishtirilgan boshoqli don ekinlari yalpi hosili hajmlarining hisobini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan yetishtirilgan boshoqli don ekinlari yalpi hosili hajmlarining hisobini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanishi mumkin.

Nizomga ko‘ra, kalendar yilning 15 mayigacha bo‘lgan muddatda tuman hokimining qaroriga asosan Xo‘jaliklar tomonidan yetishtirilgan boshoqli don yalpi hosilini aniqlash komissiyasi tuziladi.

Komissiya tarkibiga – tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari (komissiya raisi), tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limining agrotexnologiya bo‘yicha o‘rinbosari (asosan boshoqli don ekinlari agrotexnologiyasi bilan shug‘ullanadigan mas'ul xodim), tuman fermer va tomorqa yer egalari kengashi vakili, don korxonasi vakili, tuman yer resurslari va davlat kadastr bo‘limining tegishli hududiy yer tuzuvchilari va Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlanishi ustidan nazorat qilish tuman inspeksiyasining (boshoqli don urug‘chiligi bilan shug‘ullanuvchi) mas'ul xodimi kiritiladi.

Hududidagi boshoqli don ekinlarining pishib yetilishi muddatlaridan kelib chiqib tuman hokimi tomonidan boshoqli donni o‘rib-yig‘ib olish prognoz grafigi tasdiqlanadi va komissiyaning ishi ushbu grafikka mos ravishda tashkil etiladi.

Komissiya tasdiqlangan grafik asosida o‘rim – yig‘im boshlangan xo‘jalikning dalasida boshoqli donni o‘rib olish jarayonini bevosita kuzatib boradi va o‘rim kombayni tomonidan har bir to‘kilgan bunkerdagi boshoqli don miqdori va o‘rilgan maydonning hajmi hisobini olib boradi.

Har bir xo‘jalik tomonidan yetishtirilgan g‘alla hosili g‘alla ekilgan maydon to‘liq o‘rib-yig‘ib olingandan keyin yalpi hosil miqdori aniqlanadi. Bunda, xo‘jalikning davlatga g‘alla topshirish rejasi g‘alla ekilgan maydon to‘liq o‘rib olinmasdan oldin bajarilgan taqdirda, xo‘jalik bo‘yicha yalpi hosildorlikni aniqlash maqsadida, qolgan maydon to‘liq o‘rib-yig‘ib olinmaguncha o‘rim-yig‘im kombaynlarining fermer dalasidan chiqib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Xo‘jalik tomonidan jami o‘rib-yig‘ib olingan g‘allani miqdori komissiya tomonidan 5 ta asl nusxada dalolatnoma tuzilib imzolanadi. Ushbu dalolatnomaga komissiya bilan birgalikda xo‘jalik rahbari, kombayn(lar) operatori(lar) hamda donni tashigan transport vositasi haydovchisi imzo chekadi. Dalolatnomada boshoqli don yig‘ib olingan maydon, olingan boshoqli don miqdori va o‘rtacha hosildorlik hamda o‘rilmasdan qolgan maydon hamda undan yig‘ib olinishi kutilayotgan boshoqli don miqdori aks ettiriladi.

Dalolatnomaning bir nusxasi komissiya raisida, ikkinchi nusxasi don korxonasiga, uchinchi nusxasi tuman statistika bo‘limiga, to‘rtinchi nusxasi tuman soliq inspeksiyasiga va beshinchi nusxasi xo‘jalik rahbariga taqdim etiladi.

Xo‘jalikka biriktirilgan maydonda o‘rib-yig‘ib olingan boshoqli don yalpi hosili bo‘yicha ma'lumotlarning haqqoniyligi yuzasidan mas'uliyat xo‘jalik rahbari bilan birgalikda quyidagilarga yuklatiladi:

boshoqli don ekilgan, o‘rib olingan va o‘rilmasdan qolgan maydon miqdori bo‘yicha – tuman yer resurslari va davlat kadastr bo‘limining hududiy yer tuzuvchisiga;

davlat xaridi uchun qabul qilingan don miqdori bo‘yicha – don korxonasi vakiliga;

o‘rib-yig‘ib olingan don miqdori bo‘yicha – tuman fermer va tomorqa yer egalari kengashi vakili, Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlanishi ustidan nazorat qilish tuman inspeksiyasining mas'ul xodimi va tuman “Agrotexservis” AJ vakiliga;

don korxonasigacha tashish bo‘yicha – boshoqli donni tashuvchi transport vositasi haydovchisiga va biriktirilgan ichki ishlar xodimiga.

Xo‘jalik maydonlarida o‘rim-yig‘im ishlari ma'lum muddat davom etgan holda davlat xaridi uchun topshirilgan boshoqli don uchun o‘z vaqtida hisob-kitob qilinishini ta'minlash maqsadida dastlabki bosqichda topshirilgan don qiymatining 75 foizi darajasida hisob-kitob qilinadi.

Har bir xo‘jalik bo‘yicha yalpi hosil va hosildorlik bo‘yicha mazkur Nizomning tegishli shaklda imzolangan komissiya dalolatnomasi, xo‘jalik bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Boshoqli don yetishtirishni yanada rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018 yil 27 noyabrdagi 959-son qarorida belgilangan chegirma yoki ustamani qo‘llagan holda to‘liq hisob-kitob qilish uchun asos hisoblanadi.

Don korxonasi tomonidan o‘rim yig‘im ishlarini yakunlagan va tuman komissiyasining dalolatnomasi imzolangan xo‘jaliklar bo‘yicha kunlik umumlashtirilgan ma'lumot asosida yakuniy hisob-kitoblarga mablag‘ ajratilishini ta'minlash maqsadida hisob yuritiladi va shu asosda kerakli mablag‘ ajratish to‘g‘risida “O‘zdonmahsulot” kompaniyasiga so‘rov yuboriladi.

O‘z navbatida, “O‘zdonmahsulot” kompaniyasi tomonidan xo‘jaliklar bilan to‘liq hisob-kitobni ta'minlash uchun zarur mablag‘ ajratish to‘g‘risida Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga buyurtma berib boriladi.

Xo‘jaliklar tomonidan topshirilgan don uchun yakuniy hisob-kitoblar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligida bozor mexanizmlarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 28 fevraldagi 149-son qaroriga asosan amalga oshiriladi.

Davlat xaridi shartnomasini bajargan xo‘jalik ixtiyorida qolgan don xo‘jalik a'zolarining ehtiyojlari uchun erkin foydalaniladi.

Xo‘jalikning ehtiyojidan ortiq bo‘lgan boshoqli don keyinchalik birja savdolari orqali sotish maqsadida shartnoma asosida vaqtinchalik saqlash uchun don korxonasiga topshirilishi mumkin.

Bunda xo‘jalikka don korxonasi tomonidan vaqtinchalik saqlash uchun qabul qilingan boshoqli don miqdori va uning sifat ko‘rsatkichlari to‘g‘risida tasdiqlangan ma'lumotnoma beriladi. Donni vaqtinchalik saqlaganlik uchun shartnoma asosida haq undiriladi.

Don korxonasi tomonidan taqdim etilgan ma'lumotnoma xo‘jalikka mavjud boshoqli donni birja savdolariga qo‘yishi uchun asos bo‘ladi.

Tabiiy va texnogen favqulodda holatlar oqibatida xo‘jalikning boshoqli don ekin maydoniga zarar yetkazilganda, ushbu holatlar belgilangan tartibda tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi mas'ul xodimlari ishtirokida rasmiylashtirilishi shart.

Favqulodda holatlar oqibatida boshoqli don ekin maydoni zararlangan xo‘jaliklar tomonidan topshirilgan boshoqli donga belgilangan xarid narxlarida to‘lov amalga oshiriladi va bu xo‘jalikka nisbatan ustama yoki chegirmalar qo‘llanilmaydi.

Ushbu Nizom talablarini buzganlikda aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.

Mavzuga oid