O‘zbekiston | 10:24 / 22.01.2019
42488
9 daqiqa o‘qiladi

​O‘zbekiston «fuqaro» atamasidan voz kechishi kerakmi?

Foto: KUN.UZ

Meni har doim mushohadaga chorlab turadigan bir holat bor: deyarli har kuni hayotda, jamiyatda, hujjatlarda duch keladiganim «fuqaro» atamasi. Ushbu so‘zning mohiyatini yaxshi bilaman: «Fuqaro – faqir, kambag‘al, bechora, miskin, gado, davlatning yoki birovning hisobiga yashaydigan, bir kunlik yemishini topa olmaydigan shaxs» ma'nosining ko‘plik shakli, deb yozadi tibbiyot fanlari nomzodi Ro‘zmat Tojimurodov «Ishonch» gazetasida chop etilgan maqolasida.​

«U mustaqilligimizning boshlarida bir qator (tayyora, tayyoragoh, nafaqaxo‘r va h.k.) kabi shoshma-shosharlik bilan hech qanday ilmiy asoslanmagan so‘zlar kabi qo‘llanila boshlangan. «Faqir, fuqaro» deb xalqimizni atash, balki birovni koyiganda ham bunday deyish noo‘rin emasmi? Ba'zilar bu so‘z negizida bir necha so‘zlar paydo bo‘lgan, ularning kelajagi nima bo‘ladi, deya o‘ylashi mumkin. Masalan, «fuqaroparvar». Bu so‘zda hech qanday ma'no yo‘q. «Fuqarolik jamiyati». Endi bunisi ortiqchadek, nazarimizda»​, –​ deya fikrini asoslagan Tojimurodov. 

Unga ko‘ra, «fuqaro» so‘zi o‘rniga ishlatilishi mumkin bo‘lgan xalq va Konstitutsiyaga mos keladigan atama – «bek va beka», ya'ni «O‘zbekiston beki va bekasi».

Ro‘zmat Tojimurodov maqolada shunday yozadi: 

«Bek(a)» barcha din va millat vakillariga ham mos keluvchi yagona variantdir. Bu taklif ko‘plab davlat va nodav­lat tashkilotlari vakillariga ma'qul bo‘lgan.

«Fuqaro» so‘zi o‘rniga taklif qilinayotgan variant va uning ta'rifi:

Bek (beka). O‘zbekiston beki, bekasi:

– O‘zbekiston hududida doimiy (yoki O‘zbekiston beki, bekasi bo‘la turib, vaqtincha biror-bir boshqa davlatda) istiqomat qiluvchi, bir xil yuridik huquqlarga ega bo‘lgan, turli millat va din vakillaridan tashkil topgan aholi;

– Ma'naviy va moddiy jihatdan boy-badavlat o‘zbek xalqining farzand­lari;

– Davlatni, davlat ramzlarini to‘liq anglagan holda hurmat qiluvchi, vatan uchun har qanday xizmatga tayyor bilimli kishilar;

– O‘ziga ishongan, o‘z so‘zida turadigan, oilasi va vataniga sodiq erkak va ayollar;

– O‘z haqini tanigan, o‘zganing haqini ham unutmaydigan, uzoq-yaqin qo‘shnilar bilan do‘stona yashashga intiluvchi xalq; 

– Sodda, kamtar, kamsuqum, keng ­fikrlovchi, vijdoni pok insonlar;

– O‘z nomidan kelib chiqqan holda, yurtining yer osti, yer usti va ma'naviy boyliklariga merosxo‘r kishilar;

– O‘zbek millati va «bek (a)» so‘zi har xil davrda kelib chiqqan; 

– XXI asrning birinchi choragiga qadar «bek (a)» so‘zlari, faqatgina boy-badavlat kishilarning o‘g‘illari, ayollarga nisbatan esa boy-badavlat kishilar va hukmdorlarning xotini deya noto‘g‘ri ishlatilgan. Buning oqibatida ongimizga noto‘g‘ri tushuncha singib qolgan;

– «Bek (a)» atamasi hozirgi kunda mamlakatimizda istiqomat qiluvchi barcha millat va din vakillariga taalluqli;

– «Bek (a)» atamasi taklif qilinayotgan barcha (aholi, fidoyi, jonkuyar, bahodir, alp bola, yurtdosh, vatandosh, yoron, shahrvand, raiyat, mardum, grajdan, qavm, farzand, kishi, odam, azamat, o‘g‘il-qiz, budun va h.k.) variantlarni o‘z ichiga oluvchi, barcha din va millat vakillariga ham mos keluvchi yagona variantdir;

– «Bek» so‘zi shu ko‘rinishida inson ruhiyatiga ko‘proq ijobiy ta'sir qilishini e'tiborga olib, uni turlamasdan (ya'ni «begi» deb o‘zgartirmasdan) istisno tarzida o‘z ko‘rinishida («beki» deb) qoldirish lozim.

FHDYo – Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi o‘rniga takliflar:

– Oilaviy holatni qayd etish bo‘limi (OHQEB).

– Oila dalolatnomalarini berish bo‘limi (ODBB).

– Aholining oilaviy holatini qayd qilish bo‘limi (AOHQQB)

MFY (QFY) – mahalla (qishloq) fuqarolar yig‘ini o‘rniga taklif:

– MBY (QBY) – mahalla (qishloq) beklari yig‘ini.

Pasportga kiritiladigan o‘zgarish

Pasportning 2-betidagi fuqaroligi/nationality qatoridagi «fuqaroligi» so‘zi o‘rniga quyidagi variantlardan birini qo‘llash mumkin:

1.«yurti». 2. «vatani». 3. «maskani».

Ushbu masala yuzasidan mulohazalarini bildirgan tarix fanlari doktori, professor Ashraf Ahmedov o‘zbeklarda grajdanlikni ifodalash uchun «fuqaro» so‘zining ishlatilishi kishini juda xafa qiluvchi holat ekanini bildirgan.

«Uzrli, uzrsiz sabab­larga ko‘ra bu «qora tamg‘a» manglayimizga urildi. Bu nomning bizdek dunyoga dars berib kelgan millatda abadiy qolishi tarix va avlodlar oldida kechirilmas gunoh bo‘ladi. 

…Grajdanlik atamasi borasida Markaziy Osiyo mamlakatlarining hammasidan ham orqada qoldik. 

Qozoqlar – azamat, tojiklar – shahrvand, qirg‘izlar – joron deb tursa. O‘zlariga «faqir»likni ep ko‘rmasa-yu, biz Zamaxshariy, Buxoriy, Termiziy, Temuriylar, Navoiy avlodlari boshqalar oldida faqir bo‘lib tursak, yarashadimi? O‘zingiz tanangizga bir o‘ylab ko‘ring», –​ deydi u. 

Shunga qaramay, jurnalist Shuhrat Jabborovni bahsga kirishgan mutaxassislarning barchasi nuqul bir xil fikr bildirgani uni ajab­lantirayotganini yozgan.

«Emishki, «fuqaro» so‘zining o‘zagi «faqir» bo‘lib, ba'zilar faqir so‘zining mazmunini yanada g‘ariblashgan ta'rif bilan izohlashibdi. So‘z va uning semantikasi bilan shug‘ullanganlar yaxshi biladiki, har bir kalomning etimologik kelib chiqishi bo‘ladi. «Fuqaro»ning asl kelib chiqishi «faqir» so‘zidan olingan bo‘lishi mumkin. Lekin oradan zamonlar o‘tib, asl ma'no unutilib, yangi mazmun kasb etishi lingvistikada mavjud jarayondir.

Til haqidagi katta bir anjumanda elga tanilgan bir olim «tashxis» degan so‘zni tilimizdan chiqarib tashlashni taklif etdi. Sabab? «Tashxis» arabchadan o‘tgan so‘z bo‘lib, «shaxs» so‘zidan olingan ekan. Holbuki, hozirgi paytda «tashxis» so‘zi o‘zbek tilida tibbiyotdagi «diagnoz» ma'nosini anglatadi. Qolaversa, ta'lim tizimida «tashxis markazi» degan tushuncha muomalamizga singib ketgan. Shu nom bilan ataluvchi idoralar peshlavhalari, muhrlaridan joy olgan», –​ deya mulohazasini bildirgan Jabborov. 

Uning yozishicha, «fuqaro» so‘zi o‘rniga «bek» va «beka» so‘zlarini tavsiya etish​ judayam sun'iy muqobil sanaladi. 

«Fuqarolik» kalomiga O‘zbekiston Respub­likasi Konstitutsiyasining ikkinchi bo‘limida bir necha moddalar bag‘ishlangan. Hamma uchun teng, deb nisbat berilgan fuqarolik so‘zi hayotimizga singib ketgan​»​, –​ deydi u.

Ma'lumot uchun, O‘zSSR davrida «grajdan»​ so‘zidan faol foydalanilgan, shundan so‘ng, 1991 yilda mamlakat mustaqilligi e'lon qilingach, «fuqaro»​ atamasi keng tarqalgan.

Mavzuga oid