O‘zbekiston | 23:04 / 23.01.2019
25422
2 daqiqa o‘qiladi

Nurxon Nafasov ishi: Bosh prokuratura MOQga aybsizlik prezumpsiyasini eslatdi

Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston karate milliy Federatsiyasining qator mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar berdi.

«23.01.2019 yilda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining rasmiy saytida «Nurxon Nafasovning kirdikorlari fosh bo‘ldi» nomli xabar chop etildi. Mazkur xabar bo‘yicha Bosh prokuratura matbuot xizmati shuni qat'iyan ma'lum qiladiki, qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari va olib borilayotgan tergov harakatlari yuzasidan rasmiy ma'lumotlar faqatgina bu borada mutasaddi tergov va nazorat qiluvchi organlar tomonidan beriladi», deyiladi Bosh prokuratura matbuot xizmati xabarida.

Shuningdek, Bosh prokuratura dastlabki tergovning holatlari va unga jalb qilingan shaxslar haqida keng jamoatchilikka turli talqindagi xabarlarni tarqatish O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida belgilangan aybsizlik prezumpsiyasi qoidalariga zid va bunday holatlar o‘zgalarning sha'ni va qadr-qimmatiga putur yetkazishi mumkinligini ta'kidlagan.

«Hozirda mazkur jinoyat ishi yuzasidan aniqlangan holatlar bo‘yicha biror-bir shaxs, xususan N.Nafasov gumonlanuvchi yoki ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid