O‘zbekiston | 19:00 / 24.01.2019
33193
11 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Nurxon Nafasov va aybsizlik prezumpsiyasi

Kecha Nurxon Nafasov «trendda» bo‘ldi. U haqida internetda bir nechta xabar berildi, bu ish ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi. Biz ushbu voqealarni bir joyga jamlashga va aslida nima bo‘lganiga qisqa izoh berishga harakat qilamiz.

MOQ nima dedi?

Dastlab Milliy Olimpiya qo‘mitasining rasmiy saytida uning nomini qoralaydigan xabar chiqdi. Qo‘mitadagilar «Nurxon Nafasovning kirdikorlari fosh bo‘ldi» sarlavhasi ostida xabar tarqatishdi. Xabarning ruscha variantida esa Nurxon Nafasovning ilgari ham jinoiy javobgarlikka tortilganiga ishora qilishdi.

«O‘zbekiston Karate Milliy federatsiyasining sobiq raisi Nurxon Nafasov va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi «a» bandi va 165-moddasi (Tovlamachilik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Tergov jarayonida amalga oshirilgan taftish natijasida noqonuniy xatti-harakatlar to‘g‘risidagi birlamchi ma'lumotlar o‘z tasdig‘ini topdi.

Xususan, N.Nafasovning federatsiya raisi lavozimiga tayinlangan kun – 2018 yil 16 maydan boshlab oktabr oyigacha 125 million 557 ming so‘mlik pul mablag‘ini belgilangan tarzda (terma jamoa a'zolari, ularni musobaqalarga tayyorlash xarajatlari) sarflash o‘rniga, ularni maqsadsiz va ortiqcha ishlatganligi, tovlamachilik va hujjatlarni qalbakilashtirishga yo‘l qo‘yilganligi, sportchilardan badal pullarini yig‘ib olib, federatsiya g‘aznasiga kirim qilinmaganligi aniqlandi. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda», deyilgandi xabarda.

Ijtimoiy tarmoqlarda nimalar deyildi?

Ushbu xabar ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida ko‘plab noroziliklarni keltirib chiqardi. Xususan, Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi @davletovuz kanalida quyidagicha munosabat bildirildi:

«Hali hammasi tergov bosqichida ekan. Sud hukmi e'lon qilingani yo‘q, noqonuniy xatti-harakatlar to‘g‘risidagi birlamchi ma'lumotlar o‘z tasdig‘ini topdi, deb baralla aytishga ularning, ya'ni Olimpiya qo‘mitasining qonuniy haqqi bormi? Aybsizlik prezumpsiyasini hech kim bekor qilgani yo‘q, harqalay. Qolaversa, Olimpiya qo‘mitasi va Nurhon Nafasov o‘rtasidagi konflikt haqida ommaviy axborot vositalarida bir necha marotaba yozilgan edi. Bizningcha, informatsion xurujga o‘xshab ketayapti. Qolaversa, bu informatsiyani prokuratura berganida ham mayli edi».

Telegramdagi @niyozov_news kanali esa bu fikrlarni qo‘llab-quvvatlab, quyidagilarni qo‘shimcha qildi:

«Nafasovni hayotda ko‘rmaganman. Qanday odamliginiyam bilmayman. Bilganlarim kasbiy qiziqishlarim va OAVda berilgan axborotlar doirasidadir. U kim bo‘lishidan qat'i nazar hammamiz kabi teng huquqli fuqaro. Qaysidir jinoyatni sodir etganlikda gumonlanayaptimi, to aybi sud tartibida isbotlanmaguncha uni jinoyatchiga chiqarib qo‘yib bo‘lmaydi. Konstitutsiya va qonunlarimizda aybsizlik prezumpsiyasi hammaga birday kafolatlangan.

Rashidjon Qodirov, Nodir To‘raqulov, Turobjon Jo‘rayev va hokazo kazo-kazolarga nisbatan kemtiksiz ishlayotgan ushbu normalar barchaga birday qo‘llanishi kerak. Qonun ustuvorligi — shu. MOQ va Nafasov o‘rtasidan qanday olamushuk o‘tgan bo‘lsayam, u chindan-da o‘ta ketgan razil bo‘lsayam, buni sud hal qilishi, jinoyatlari dalil bilan isbotlangachgina hukm o‘qilishi kerak. MOQ esa skrinshotdagi xabar sarlavhasi bilan Nafasovning qalamini allaqachonlar sindirib bo‘libdi.

Barcha odamlar qonun oldida tengligi va hech bir tafovutsiz qonun bilan teng himoya qilinish huquqiga egaligini unutmasak bo‘lgani».

Bosh prokuratura nima dedi?

Shundan so‘ng, kechaning o‘zida Bosh prokuratura mazkur xabar bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi. Ta'kidlash joizki, ushbu munosabat raddiya maqomida bo‘lib, unda Milliy Olimpiya qo‘mitasiga yaxshigina ogohlantirish berilgan, deyish mumkin. Jumladan, munosabatda shunday deyiladi.

23.01.2019 yilda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining rasmiy saytida «Nurxon Nafasovning kirdikorlari fosh bo‘ldi» nomli xabar nashr etildi. Mazkur xabar bo‘yicha Bosh prokuratura matbuot xizmati shuni qat'iyan ma'lum qiladiki, qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari va olib borilayotgan tergov harakatlari yuzasidan rasmiy ma'lumotlar faqatgina bu borada mutasaddi tergov va nazorat qiluvchi organlar tomonidan beriladi.

Shuningdek, ta'kidlash zarurki, dastlabki tergovning holatlari va unga jalb qilingan shaxslar haqida keng jamoatchilikka turli talqindagi xabarlarni tarqatish O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida belgilangan aybsizlik prezumpsiyasi qoidalariga zid va bunday holatlar o‘zgalarning sha'ni va qadr-qimmatiga putur yetkazishi mumkin».

Bundan tashqari, Bosh prokuratura haqiqatdan O‘zbekiston karate milliy Federatsiyasidagi holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, lekin hozirda mazkur jinoyat ishi yuzasidan aniqlangan holatlar bo‘yicha biror-bir shaxs, xususan N.Nafasov gumonlanuvchi yoki ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinmagani, tergov harakatlari esa davom etayotganligini ta'kidladi.

Aybsizlik prezumpsiyasi o‘zi nima?

Kecha aybsizlik prezumpsiyasi haqida shuncha shov-shuv bo‘ldi, ijtimoiy tarmoqlar talab qildi, Bosh prokuratura himoya qilib chiqdi. Xo‘sh, o‘zi aybsizlik prezumpsiyasi nima? U shunchalar katta qadriyatmidiki, buncha dod-voy qilishmasa.

Aybsizlik prezumpsiyasi haqida Bosh qomusimizning 26-moddasida quyidagicha norma belgilangan:

«Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi».

Garchi bu yerda aybsizlik prezumpsiyasi atamasi ishlatilmagan bo‘lsa-da, lekin ayni shu qoida oltin asos hisoblanadi.

Aybsizlik prezumpsiyasi bevosita qayd etilgan navbatdagi huquqiy hujjat, bu Jinoyat-protsessual kodeksidir. Kodeksning 23-moddasida bu atamaga kengroq ta'rif berilgan. Unda quyidagi 3ta asosiy jihat tilga olinadi:

1) gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi;

2) gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlab berishi shart emas;

3) aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozim. Qonun qo‘llanilayotganda kelib chiqadigan shubhalar ham gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak.

Mana shu qoidalar, aybsizlik prezumpsiyasini tashkil etadi hamda insonlar sha'ni va qadr-qimmatini himoya qilishda uning ahamiyati juda muhim.

Endi Nurxon Nafasov oqlanadimi?

Shu o‘rinda, ayrimlar savol bilan murojaat qilishmoqda: «Karate federatsiyasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan ekan-u, lekin biror-bir shaxs, xususan N.Nafasov gumonlanuvchi yoki ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan ekan. Qanaqasiga bunday bo‘lishi mumkin? Jinoyat ishi ochilsa-yu, lekin unga hech kim jalb qilinmasligi ham mumkinmi?»

Mazkur savolga tushuntirish berishga harakat qilaman.

Jinoyat ishlari tegishli asos va sabablar mavjud bo‘lganda yoki muayyan bir shaxsga nisbatan, yoki ma'lum bir faktga nisbatan qo‘zg‘atilishi mumkin.

Masalan, A. ismli shaxs mashina haydab ketayotganda yo‘l qoidalarini buzgan holda bir yo‘lovchini urib yubordi. Shundan so‘ng, u zudlikda yo‘lovchini kasalxonaga olib bordi, lekin ko‘rilgan choralar foyda bermadi, yo‘lovchi vafot etdi. Bunday holatda odam urib yuborgan A. ismli shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

Xuddi shunday vaziyatda A. ismli shaxs voqea joyidan qochib ketdi, deylik. Yo‘lovchi esa o‘sha zahoti hodisa joyida vafot etdi. Bunday vaziyatda vafot etgan shaxsni kim urib yuborgani ma'lum emas. Lekin baribir jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Faqat shaxsga nisbatan emas, muayyan faktga, ya'ni odam o‘limiga nisbatan qo‘zg‘atiladi. Keyinchalik tergov jarayonlarida bu jinoyatni kim sodir etgani aniqlansa, o‘sha shaxs gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi tariqasida jalb qilinishi mumkin.

Karate Federatsiyasi bilan bog‘liq jinoyat ishi ham 2-holatga o‘xshash. Ya'ni, dastlabki taftish natijasida Federatsiyada haqiqatdan juda ko‘p miqdordagi mablag‘lar maqsadsiz va ortiqcha sarflangani ma'lum bo‘lgan, fakt bor. Lekin hozirda bu ishga aloqador shaxslar aniqlanmoqda. Bu qing‘irlikning ustida aynan kim turibdi, kim yoki kimlar buni tashkillashtirgan, ularning asl maqsadi nima bo‘lgan? Barcha detallar tergov jarayonida aniqlanadi.

Agar Bosh prokuratura axborotiga e'tibor bersangiz, unda «Nurxon Nafasov aybdor emas, uning jinoyatga aloqasi yo‘q», deyilmagan. Balki aybdordir, balki yo‘q. Buni sud hal qiladi. Aytmoqchimanki, ertaga mabodo uning qilmishi tegishli dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topib, u javobgarlikka tortilib qolsa, «Iya, kechagina uni aybdor emas deyishgandi-ku» deya hayron bo‘lmang.

Unda nega Bosh prokuratura bunday xabar berdi, deysizmi?

Shaxsan men Bosh prokuratura xabaridan quyidagi 2ta maqsadni tushundim:

1) tergov jarayonlari haqidagi rasmiy ma'lumotni faqat vakolatli organlargina bera oladi, qolganlar tergov ishiga aralashmasin, keng jamoatchilikda turli fikrlarni paydo qilib, tergovning xolisligiga xalal bermasin;

2) aybsizlik prezumpsiyasi, inson sha'ni va qadr-qimmati barcha narsadan ustun. Boshqacha aytganda har qanday shaxs, u xoh jinoyatchi bo‘lsin, xoh sutdek oppoq inson, farqi yo‘q, ularning sha'ni va qadr-qimmati qonun bilan qo‘riqlanadi hamda muhofaza qilinadi.

Ha, yuqoridagi ikkala pozitsiyani ham to‘liq qo‘llab-quvvatlayman. Aslida biz orzu qilgan rivojlangan demokratik jamiyatda xuddi shunday bo‘lishi ham kerak. Kechagi voqealardan keyin ana shunday jamiyat sari qadam tashlanayotganini ko‘rib, xursand bo‘ldim, ochig‘i.

Dilshod Abduqodirov, huquqshunos

Mavzuga oid